Demak, inson o‘zini dunyodan oldinroq va ko‘proq biladi, ayni shu sababli u dunyoni o‘zidan keyin va o‘zi orqali anglab yetadi. Falsafa dunyoni inson orqali ichdan bilishdir, fan esa insondan tashqaridagi dunyoni yuzaki bilish demakdir. Insonda mutlaq borliq, insondan tashqarida esa – nisbiy borliq namoyon bo‘ladi.
Darhaqiqat, antik davrdan boshlab insonga bo‘lgan qiziqish dam kuchayib, dam ma'lum vaqt pasayib turgan, lekin hyech qachon yo‘qolmagan. «Inson nima?», degan savol bugungi kunda ham avvalgidek jahon falsafasidagi o‘ta muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, insoniyatning eng o‘tkir aql-zakovat sohiblari e'tiboridan tushmay va ayni vaqtda o‘zining uzil-kesil, umumiy e'tirof etilgan yechimini topmay kelmoqda.