GEOGRAFIK QOBIQ, BIOSFERA VA MUHIT
REJA:
1.Geografiyning ob`yekti va predmeti to`g`risidagi tasavvurlarning rivojlanishi
2. Eng yangi davr geografiyasi
Hozirgi paytda ko`pgina geograf olimlar hududiy komplekslarga va alohida tarkibiy elementlarga bo`linadigan geografik qobiq barcha geografiya fanlarining umumiy ob`yekti, umumiy geografiyaning ob`yekti, deb hisoblaydilar. Ammo uzoq yillar davomida bu oddiy haqiqat tan olinmadi va shu sababli geografiya rivojlanishning yuqori darajasiga ko`tarila olmadi.
Sayyoramizning turli regionlaridagi va umuman global ekologik vaziyat asosan atrof muhitda sodir bo`ladigan ijtimoiy va tabiiy hodisalarning aloqalarini tushunib yetmaslik tufayli tarkib topdi. Geografiya umumgeografik tadqiqotlar asosida inson faoliyatining tabiiy jarayonlarga aralashuvining oqibatlarini, shu jumladan va dastavval jamiyat uchun salbiy oqibatlarini ko`ra bilishi mumkin va lozim edi. Ammo geografiya undagi differesiatsiya uning integratsiyalashuvi bilan bir paytda va integratsiyalashuv darajasiga teng bo`lmaganligi sababli butun insoniyat uchun juda muhim bo`lgan va mohiyatiga ko`ra geografik sajiyadagi vazifalarni hal etishga tayyor emas edi. Shu sababli tabiatdan foydalanish bilan bog`liq bo`lgan global, milliy, regional va mahalliy miqyoslardagi atrof muhit muammolari yechimi geograflarning talablar darajasidagi ishtirokisiz sodir bo`lmoqda. Garchi bu muammolar geografik sajiyaga ega bo`lsada boshqa fanlarning namoyondalari ustunlikka ega. Bu yerda geografiyaning sustkashligi ko`p jihatdan geograflarning ko`pchiligi tomonidan ob`yektning birligini va geografik qobiqningning xilma-xillik birligini tan olmaganliklari bilan bog`liq.
Geografik qobiq insonning faoliyati kechadigan tabiiy muhitni hosil qiladi. Tabiiy muhit va uning jamiyat bilan o`zaro aloqalari haqidagi ta`limot yaxlit, o`z-o`zidan rivojlanadigan, o`zgaruvchan (dinamik) muvozanatda bo`lgan tabiiy sistema – Yerning geografik qobig`i haqidagi kontseptsiyaga asoslanadi. Bu kontseptsiya tabiatda mavjud bo`lgan o`zaro aloqalar, ayrim komponentlarning butun geografik qobiqning rivojlanishidagi va bu komponentlarning jamiyat taraqqiyoti uchun ahamiyati haqida tasavvur beradi. J. Krcho va E. Michietova (1989) geografik qobiqni o`zaro ta`sirda bo`lgan ikki subsistemadan – sotsial – iqtisodiy qobiq hamda tabiiy geografik qobiqdan tashkil topgan fazoviy uyushgan sistema deb hisoblaydilar.
Geografik qobiq rivojlanishining asosiy xossalari va juz’iyatlarini hamda unda sodir bo`ladigan jarayonlarning energiya manbalarini bilish tabiiy muhitni muhofaza qilishning ilmiy asosi bo`lib hizmat qiladi.
Geografik qobiq – barcha komponentlari muvofiqlashgan, o`z-o`zini tashkil eta oladigan eng takomillashgan sistemadir. Bu sistemaning markaziy boshqaruv organini tirik modda tashkil etadi. Inson ho`jalik (antropogen) faoliyatning o`sishiga bog`liq holda “geografik qobiq” sistemasidagi yetakchilik roli insonga o`tdi. Biosfera qonunlarini e`tiborga olmaydigan hozirgi antropogen faoliyat geografik qobiqning eng faol sohasida, ya`ni atmosfera, litosfera va hidrosfera tutashuvlidagi aylanma harakatda bo`lgan kimyoviy elementlarning belgilangan o`lchamlaridan barcha cheklovlarni olib tashlaydi. Shu sababli bu soha (oblast) kimyoviy tuzilishining asosiy qonuni buziladi va bunday holat tarkib topgan energetika balanslarining o`zgarishlariga olib keladi va global sistemani boshqa darajaga o`tishiga oliib keladi.
Geografik qobiq – bu tabiat va jamiyatning murakkaab birligidir. Jamiyatning tabiiy muhitga ta`siri tobora kuchayib borayotgan sharoitlarda uni optimallashtirish va tabiatdan foydalanishning insonning o`zi yashaydigan muhit bilan o`zaro ta`siri strategiyasini ishlab chiqish asosida tabiatdan foydalanish tizimimning muammolari muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyat va tabiiy muhitning manfaatlari “to`qnashadigan” joyni geografik qobiq xosil qiladi. Muayyan tabiiy holatni imkoni boricha yuqori darajada hisobga olishga qaratilgan tabiatdan foydalanishni hududiylashtirish foydalanish ob`yektlarining tuzilishi, rivojlanishi mavjudligi to`g`risidagi bilimlarga tayanmog`I lozim. Foydalanishning bu ob`yektlarini geografik qobiqning alohida bo`laklari – landshaftlar xosil qiladi. Ular geografik qobiqning turli omillar tufayli tabaqalashuvining mahsulasidir. Insonning geografik qobiq sistemalarining mavjudligi jarayonlariga aralashuvi turli maqsadlarda turli maqsadlarda amalga oshiriladi va turli oqibqatlarga sabab bo`ladi.
Geografik qobiq tizimli, strukturaviy va iyerarhik tuzilmaga ega bo`lganligi sababli uning bu juz’iyatlari insonning tabiat bilan o`zaro ta`sirida e`tiborga olinmog`i lozim.
Tabiiy muhit amalda V.I. Vernadskiy tushunchasidagi biosferadir, ya`ni tirik organizmlar va ularning muhitidir. Ma`lumki, litosfera, hidrosfera, atmosfera (ozon qatlamigacha) va tirik organizmlar o`zaro modda va energiya almashuvi bilan chambarchas bog`langan va dinamik muvozanatdagi bir butun moddiy tizimni xosil qiladi. Bu – to`rt agregatli tizim.
Tabiiy muhit va uning jamiyat bilan o`zaro aloqasi to`g`risidagi ta`limot asosida bir butun, o`z-o`zidan rivojlanadigan, dinamik muvozanatda bo`lgan geografik qobiq to`g`risidagi kontsepsiya turadi. Bu kontsepsiya tabiatda mavjud bo`lgan o`zaro aloqalar, geografik qobiqning rivojlanishidagi ayrim komponentlarning roli va jamiyat rivojlanishi uchun resurslik ahamiyati haqida to`gri tasavvur beradi. Shuningdek, geografik qobiq – o`zining hayoti va ishlab chiqarish faoliyati orqali chambarchas bog`liq bo`lgan jamiyat uchun muhit hamdir.
Geografik qobiq rivojlanishining asosiy xossalari va juz’iyatlarini va unda kechadigan jarayonlarning energiya manbalarini bilish butun geografik qobiq va uni tashkil etuvchi regionlar, zonalar, landshaftlar va boshqa qismlarida atrof muhitni muhofaza qilishning ilmiy asosi bo`lib hizmat qiladi.
Geografik qobiq tarixidagi eng muhim va ulkan voqealar jumlasiga
Yer tabiatini teranroq anglab yetishda fanga “biosfera” tushunchasining kiritilishi katta ahamiyatga ega bo`ldi. Bu tushuncha tabiiy fanlarda, shu jumladan geografiyda ancha avvalroq ma`lum bo`lgan bo`lsada, V.I. Vernadskiy bu tushunchaning mazmunini juda chuqurlashtirdi va kengaytirdi. U biosferani sayyoramizning geologik taraqqiyotining mahsulasi va ayni paytda bu taraqqiyotining mahsuli sifatida qaradi. V.I. Vernadskiyning fikricha (1926) “Mohiyatiga ko`ra biosfera Yer po`stining Koinot nurlanishini Yerning elektr, kimyoviy, mehanik, issiqlik va boshqa haqiqiy energiyasiga aylantiruvchi transformarorlar bilan band bo`lgan oblasti sifatida qaralishi mumkin”. V.I. Vernadskiy biosferani tor va keng hajmda qaragan. Uning fikricha tor mazmunda biosfera - Yerning barcha jonli moddalarni qamrab oladigan yupqa tashqi qatlamidir; keng mazmunda esa biosfera – Yerning quyi atmosferani va litosferaning anaerob bakteriyalar mavjud bo`la olishi mumkin bo`lgan ko`p kilometrli eng yuza qatlamini o`z ichiga oladigan hayot qobig`idir.
V.I. Vernadskiy g`oyasining asosiy mazmuni jonli mavjudot faolligining sayyoraviy miqyosdagi uyushtiruvchi samarasini kashf etishda, Yer yuzasida doimiy ravishda harakatlanadigan va shu tufayli pirovard oqibatlariga ko`ra qudratliroq bo`lgan yaxlit olingan jonli organizmlardan boshqa kimyoviy kuch yo`q ekanligi to`g`risidagi empirik umumlashmani belgilashdadir.
V.I. Vernadskiyning nazariyasiga ko`ra biosferaning chegaralarini hayotning mavjudligini ta`minlaydigan omillar belgilaydi. V.I. Vernadskiy biosferaning yuqori chegarasini tirik organizmlarga halokatli ta`sir ko`rsatadigan ultrabunafsha radiatsiyaning katta qismini tutib qoladigan ozon qatlami bilan bog`laydi. Biosferaning quyi chegarasini esa u Yerning hayotning mavjudligini ta`minlaydigan harorati 1000 C bo`lgan qatlami, ya`ni Yer yuzasidan 3,0 – 3,5 km quyida o`tkazadi. Ammo burg`ulangan quduqlarda 4,5 km chuqurliklarga qadar anaerob bakteriyalarning mavjudligi aniqlangan. V.I. Vernadskiy tushunchasidagi biosferaning qalinligi quruqlikda 20 km dan ziyodroq. Hayotning asosiy qismi Yer yuzasida va uning yaqinida to`plangan. Biosferaning bu qismini V.I. Vernadskiy “hayot pardasi” deb atagan. Bir qator olimlarning fikricha biosferaga nafaqat tirik organizmlar tarqalgan sfera, balki litosfera, atmosfera va hidrosferaning organizmlarning hayotiy faoliyati tufayli tub o`zgarishlarga duchor bo`lgan va organizmlar mavjudligining izlariga ega bo`lgan moddalarni ham o`z ichiga oladi. Shu sababli geografik qobiq parametrlarini aniqlashda biologik jihatlarning muhin ahamiyatini e`tiborga olgan holda ayrim geograflar (I.M. Zabelin, K.K. Markov va b.) biosfera parametrlariga ko`ra geografik qobiqqa teng va mazmun – mohiyatiga ko`ra bu tushunchalarni sinonimlar, deb hisoblaydilar. I.M.Zabelinning ta`biricha (1978) biosfera – bu sayyoramizning to`rtta sferasidan iborat bo`lgan sistemani ifodalovchi geografik qobiqning sinonimidir.
Umuman olganda, fazoviy chegaralari juda yaquin yoiki o`xshash bo`lsada “geografik qobiq” tushunchasi “biosfera“ tushunchasiga nisbatan kengroq. Chunki biosfera geografk qobiqning strukturaviy qismlaridan birini tashkil etadi.Ammo, geografik qobiq va biosferani bir xil hajmda (teng hajmli qobiqlar sifatida) qarash atrof muhit muhit muammolari bilan shug`ullanayotgan barcha fanlarning vakillarini – geograflar, geologlar, biologlar, tuproqshunoslar va boshqa mutaxassislarning bu sohada hamjihatlik bilan tadqiqot o`tkazishlariga va bir – birlarini o`zaro tushunishlariga imkoniyat yaratadi.
GEOGRAFIYNING OB`YEKTI VA PREDMETI TO`G`RISIDAGI TASAVVURLARNING RIVOJLANISHI
Fanning rivojlanishini o`rganish ob`yektining izchillik bilan shakllanishi va almashinuvi sifatida tasavvur qilinishi mumkin. Har qanday ilmiy fanning tadrijiy rivojlanishi esa uning tadqiqot ob`yekti barcha komponentlarining sekin – asta o`zgarishi jarayonidan iborat. Fanning bilimlarning barcha tizimining tadrijiy rivojlanishiga va, shuningdek, bu ilmiy faoliyat tizimi funksiyalarining jamiyat tizimidagi o`zgarishlarga bog`liq. Fannig rivojlanish jarayonida uning tadqiqot ob`yekti to`g`risidagi tasavvurlar ham tadrijiy rivojlanadi, muayyan paytda dolzarb bo`lgan nazariy va amaliy muammolar, o`rganish ob`yektining nomini aniqlash masalasi va boshqa vazifalar birinchi darajali ahamiyatga ega bo`ladi.
Tabiatshunoslikning juz`iy fanlarining, shu jumladan tabiiy geografiyaning umumiy muammolari bo`yicha har qanday nazariy tadqiqot uchun shu fanning ob`yektini, uning fizikaviy hajmini va ob`yektni bosqa fanlarning tadqiqot sohalaridan ajratib turadigan chegaralarini belgilash muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega.Zero, tadqiqot ob`yektining bunday juz’iyatlarini belgilash shu fanning mustaqilligini ta`minlaydi.Shuningdek, tadqiqot ob`yektini aniq belgilashgina uning mohiyatini va rivojlanish qonuniyatlarini teran ochib berish uchun shart-sharoit yaratadi.
Har bir fanning, shu jumladan geografiyaning ham umumiy muammolariga doir har qanday nazariy tadqiqot uchun bajarilishi shart bo`lgan vazifanning yechimi shu fanning ob`yekti, ob`yektning o`lchamlarini, chegaralarini va asosiy juz’iyatlarini imkon darajasida aniq belgilashdan iborat. Tadqiqot ob`yekti aniq belgilangandagina uning mohiyatini va rivojlanish qonuniyatlarini teranroq va chuqurroq aniqlash va bilib olish imkoniyatlari bo`ladi. Geografiya va uning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo`lgan tabiiy geografiyaning ob`yekti va predmeti to`g`risidagi tasavvurlarning yuzaga kelishi va rivojlanishining tarixini qarab chiqish zarur bo`ladi.
Jahon gegrafik adabiyotlarida hozirgi paytda geografiya fanlarining tadqiqot ob`yekti va predmetlariga doir turli terminlarni uchratish mumkin. Bu terminlardan ba`zi birlari oldingi davrdan meros bo`lib qolgan bo`lsa, boshqalari yangi termin sifatida taklif qilinadi.
Hozirgi paytda jahon geografik adabiyotlarida geografiyaning, xususan tabiiy geografiyaning ob`yektiga taalluqli turli nomlarni uchratish mumkin. Bu nomlar orasida geografiyaning tadqiqot ob`yekti sifatida turli modifikatsiyalarda: a) Yer yuzasi, b) geografik qobig`i, c) landshaft va d) tabiiy (geografik) muhit ko`proq qo`llaniladi.
Yer yuzasi barcha davrlarda va hozirgi paytda geografiyaning, shu jumladan tabiiy geografiyaning ham tadqiqot ob`yekti bo`lgan. Yer yuzasi - insonning mavjudligi bog`liq bo`lgan va pirovardida uning barcha biologik, moddiy va ma`naviy ehtiyojlarini qondiradigan atrof tabiiy muhitdir.Shu sababli Yer yuzasi yillar davomida geografiyaning o`rganish va tasvirlash ob`yekti bo`lib hizmat qildi, Yer yuzasini tasvirlash esa bu fanga nom berdi. Ta`kidlash joizki, “Yer yuzasi” tushunchasini sayyoramizning qattiq yuzasi, ya`ni rel`yefi sifatida tor ma`noda emas, balki insoniyatning hayoti va faoliyati kechadigan sfera sifatida – uch o`lchovli va hajmli ob`yekt sifatida tushunmoq lozim.
Geografiyaning ob`yekti sifatida Yer yuzasi muhim ahamiyat kasb etadigan o`ziga xos juz’iyatlarga ega. Umumumsayoraviy sistemaning bu qismi doirasida qattiq, suyuq va gazsimon moddalar, ya`ni litosfera, hidrosfera va atmosfera bir-biri bilan tutashib va elementlari orqali bir-biriga kirib turadi hamda organik olamning mavjud bo`lishi uchun sharoit yaratadi. Aynan Yer yuzasida tarkibiga jonli mavjudot sifatga inson ham kiradigan biosfera boshqa noorganik sferalar bilab tutashadi.
Yerning butun yuzasini F.Rihtgofen (va keyinchalik boshqa nemis geograflari) Yer yuzasi (Erdoberfläche) deb ataydi va geografiya faoliyatinini (o`rganish predmetini) aynan quruqlik, dengiz va atmosferaning o`zaro ta`sirdagi Yer yuzasi bilan bog`ladi.Shundan keyin olimlarning ko`pchiligi Yer yuzasini insonning uyi sifatida qaragan holda uni geografiyaning o`rganish ob’yekti deb hisoblasha boshlashdi.
Shved olimi Sten de Geer (1923) geografiyani Yer yuzasidagi hodisalarning hozirgi taqsimlanishi to`g`risidagi fan den hisoblagan holda Yer yuzasini litosfera, atmosfera, hidrosfera, biosfera va antroposfera bir-biriga tegib va kirib turadigan zona sifatida qaraydi.
D.N. Anuchin (1843 – 1923) ham geografiya Yer yuzasi tabiatini o‘rganishi lozim, deb hisoblar edi. Ammo, u F. Rixtgofendan farq qilgan holda bir butun va uning rivojlanishida qaragan. Uning fikricha, “geografiyaning ob’yektini Yer, yoki, aniqrog`i, uning aynan hozirgi paytdagi yuzasi ifodalaydi, ammo, Yer va undagi bacha narsalar yashayotganligi, ya,ni o`zgarish va qayta o`zgarishda bo`lganligi sababli …uning evolyutsiyasi uning rivojlanishining yo`nalishi to`g`isida, bu rivojlanishni yuzaga keltiradigan va taqoza etadigan jarayonlar va kuchlar to`g`isida tasavvurga ega bo`lish zarur” (Anuchin, 1954).Uning fikricha, geografiyaning ob’yektini barcha davrlarda Yer, uning olamning boshqa jismlariga, o‘z-o‘ziga, ayniqsa o‘zining yuzasiga bo‘lgan munosabati tashkil etgan. Chunki Yer yuzasi turli Koinot va tellurik kuchlar faoliyatining arenasi bo‘lib, bu kuchlarning o‘zaro ta’siri natijasida uning atmo-, hidro-, lito- va pedosfera, bio- va antroposferasi tarkib topgan.
D.N. Anuchinning shogirdi A.A.Kruber o‘zining “Umumiy Yer bilimi” kursida geografiyaning vazifasi hamma vaqt Yerning ko‘rinishini tasvirlash va uning hususiyatlarini talqin qilishdan iborat bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda, deb yozgan.Uning fikricha, geografiyaning bu vazifasi unda landshaftni o‘rganinshning ahamiyatini oshiradi. Ammo landshaftni o‘rganish uchun dastlab uning vujudga kelishida ishtirok etgan barcha kuchlarni o‘rganishni taqoza etadi. Shu sababli Yer yuzasida kechadigan kuchlar va hodisalarni o‘rganish geografiyaning vazifalaridan biri bo‘lib, bu vazifani muayyan darajada hal etmasdan asosiy vazifani bajarishga, Yerning hozirgi ko‘rinishini aniqlashga kirishib bo‘lmaydi. Sxolastik (lot. scholastikos maktabga oid < yun scholë maktab) fanga, ya’ni hayotdan va amaliyotdan ajralib qolgan fanga aylanib qolmasligi uchun Yerda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarni o‘rganish geografiyaning bevosita mas’ulyatidir.
D.N. Anuchinning shogirdlaridan yana biri – A.A.Borzov () ham geografiyani Yer yuzasi to‘g‘risidagi fan deb hisoblaydi, ammo geografiya Yer yuzasining alohida hodisalari bilan emas, balki ularning majmuasini o‘rganadi. Binobarin, A.A. Borzovga ko‘ra geografiya – bu landshaftlar, Ularning Yer yuzasi bo‘yicha tarqalishi va ularning o‘zaro ta’siri to‘g‘risidagi fandir. Uning fikricha ham tabbiy geografiya ikki qismdan – tabiiy geografik mamlakatshunoslik va umumiy Yer bilimidan (umumiy tabiiy geografiyadan) tashkil topgan.
Amerikalik taniqli geograf R. Hartshornning (1959) fikricha, geografiya Yer yuzasining o`zgaruvchan qiyofasini aniq, tartibga solingan va oqilona tasvirlashga va tushuntirishga harakat qiladi. Yer yuzasi - Yerning litosfera, atmosfera, hidrosfera, biosfera va antroposfera bir-biri bilan chambarchas tutashib turadigan va bir-biriga kirib turadigan tashqi qobig`idir. Yer yuzasi geografiyaning olamidir. Geografiyaning maqsadi Yer yuzasini bilishdan iborat bo`lib, buning uchun o`zaro bog`liq hodisalarni hosil qiladigan tarkibiy elementlarni, ularning xilma-xilligini analiz va sintez qilishni taqoza etadi.
Hozirgi paytda ham ba`zi hollarda tabiiy geografiyaning predmeti deb Yer yuzasini atashadi (Markov va b., 1970). Ayni paytda K.K. Markov geoografik qobiq terminidan ham keng foydalangan. G`arbiy Yevropa mamlakatlari, AQSh, Avstraliya geograflari ham Yer yuzasini geografiyaning o`rganish ob`yekti deb hisoblaydilar.
P. Galonning fikricha (1983) keng ma`nodagi tabiiy geografiyaning ob`yektini Yer yuzasi tashkil etgan holda, tabiiy – geografik fanlar (geomorfologiya, iqlimshunoslik ba b.) o`ziga xos jarayonlarni va ularning Yer yuzasiga ta`sirini tadqiq qiladi. R.Galonning (1983) fikricha, keng ma’nodagi tabiiy geografiyada o`rganish ob’yekti bo`lib Yer yuzasi xizmat qiladi, juz’iy (komponentlar) tabiiy-geografik fanlar esa o`ziga xos jarayonlarni va ularning Yer yuzasiga ta’sirini o`rganadi. Binobarin tabiiy geografiya muayyan hudduddagi barcha komponentlarning o`zaro ta’siri mexanizmini ochib berish bilan shug`ullanadi.
Sobiq ittifoqning geografiya bo`yicha eng nufuzli olimlaridan biri I.P. Gerasimov fikricha (1978), geografiyaning predmetini muhitning abiotik, biotik va texnogen elementlarining yaxlit, bir butun majmuasi tashkil etadi.
Y.G. Saushkin geografiyaning sotsial iqtisodiy vazifalaridan kelib chiqqan holda u “Yer yuzasida tabiat va jamiyat o`zaro ta`siri jarayonida shakllanadigan hududiy sistemalarning rivojlanish qonunlari va tuzilmalari..., bu sistemalarni jamiyatni eng optimal holda hududiy tashkil etish va atrof muhitni yahsxilash maqsadida boshqarish to`g`risidagi fandir” degan fikrni bildirgan edi.
Yuqorida ta’kidlab o`tilganidek, geograflar garchi barcha davrlarda Yer yuzasini o`rganish bilan shug`ullanishganlar. Ammo Yer yuzasi geometrik ma’noda emas, balki sayyoramizni o`rab turgan qatlam – uch o`lchamli jism, kishilarning uyi sifatida o`rganilgan. Geografik qobiq to`g`risidagi ta`limot asoslari XX asrning 30-yillarida yaratildi. Ammo, bu qobiq to`g`risidagi ayrim g`oyalar, shuningdek, uning tarkibi, tuzilmasi va tadrijiy rivojlanishini tadqiq qilish tabiiy geografiya va unga yaqin fanlar shakllanishining uzoq vaqt davomida rivojlandi. Tarixiy – ilmiy jihatdan geografik qobiq to`risidagi konsepsiyaning ildizlari XYII asrning boshida U.Hilbert, B.Kekkerman, B. Varenius kabi tabiat-shunoslarning g`oyaladiga borib tutashadi.
Geografik qobiq to`g`risidagi ta`limotning yuzaga kelishi va rivojlanishi ma`lum darajada ingliz fizigi va vrachi Uilyam Hilbert (1540 – 1603) nomi bilan ham bog`liq. U o`zining “Magnit, magnit jismlar va Yerning ulkan magniti to`g`risida” deb nomlangan kitobida Yerni ikki qismga – hayot mavjyd bo`lgan, unining to`htovsiz paydo bo`lishi va yo`qolishi kechadigan po`st (po`stloq) va asosiy qattiq yadroni xosil qiluvchi magnitga ajratgan edi.
B. Varenius Yer yuzasini quruqlik va okeandan tashkil topgan deb ataydi va uni bir-biriga bevosita kirib turadigan quyidagi tarkibiy qismlarga ajratadi: a) grunt, mineral, o`simliklar va hayvonlarni o`z ichiga oladigan “yer”; b) suvlar (shu jumladan yer osti suvlari ham) va c) atmosfera. Bunda “yer” grunt, minerallar, o`simliklar va hayvonlarni o`z ichiga oladi. Geografiyaning rivojlanishida Yer yuzasining jismlari va hodisalarini o`rganishda bevosita olingan ma’lumotlar va qilingan xulosalar muayyan ahamiyatga ega bo`ldi. Qiyosiy metod elementlarini qo`llash natijasida usha paytda ma’lum bo`lgan joylar (tog`lar, o`rmonlar va dashtlar)ning o`xshashlik va tafovvutlari aniqlandi. Pirovardida B. Varenius “geografiyaning predmeti Yer – suv shari, dastavval tashqi qobig`i va uning qismlaridir” (237-b.) degan xulosaga keldi. Shu nuqtai nazardan geografik qobiq to`g`risidagi hozirgi ta’limotning vujudga kelishida muhim rol o`ynadi.
A.Humboldt fanga “sayyoraning umumjonliligi” va “hayot sferasi (die Lebensspharё)” tushunchalarini va hayot sferasini uchala jonsiz sferalar bilan bir qatorda tabiiy geografiyaning predmetiga kiritdi.Shuningdek, u sayyoramizning ikkita qobig`ini - umumiy (gazli - qayishqoq, atmosfera) va dengizdan iborat bo`lgan juz’iy qobiqni ajratadi.
Avsraliyalik geolog olim Edvard Suess (1831 - 1914) o`zining “Yer qiyofasi” deb nomlangan mashhur asarida (1875) Yer shari qobiqlarining majmuasini ajratadi va A.Humboldtning die Lebensspharё terminini biosfera deb qayta nomlaydi. U o`zining bu asarida geografik qobiqning poydevorini xosil qiladigan Yer po`stining materiklardagi tuzilishi va rivojlanishi to`g`risidagi fikrlarni umumlashtirgan.
Ko`pchilik olimlarning fikriga ko`ra, geografik qobiq to`g`risidagi hozirgi ta`limotning asoschisi P.I. Brounov (1852 – 1927) hisoblanadi. U o`zining “Tabiiy geografiya kursi” deb nomlangan darsligida shunday yozadi: “Tabiiy geografiya Yerning hozirgi qiyofasini, boshqacharoq qilib aytganda Yerning organik olam arenasi bo`lgan tashqi qobigining hozirgi tuzilishini ba unda sodir bo`ladigan hodisalarni o`rganadi…Yerning tashqi qobig`i bir qancha konsentrik sferik qobiqlardan, aynan: qattiq, yoki litosferadan, suyuq, yoki hidrosferadan, va gazsimon, yoki atmosferadan tashkil topgan bo`lib, ularga to`rtinchisi – biosfera ham qo`sxiladi. Barcha bu qobiqlar anchagina darajada bir – biriga kirib turadi va o`zining o`zaro ta`siri bilan Yerning tashqi qiyifasini ham, Yerdagi barcha hodisalarni ham taqoza etadi. Bu o`zaro ta`sirni o`rganish…tabiiy geografiyaning muhim vazifalaridan birini tashkil etadi…” P.I. Brounov, shuningdek, tabiiy geografiya “insonning atrof tabiatini” o`rganishini va “tabiatshunoslikning asosiy predmetlaridan biri, zero u inson va boshqa organizmlarning hayoti kechadigan muhit to`g`risida” talqin qilishini ta’kidlagan edi (Brounov, 1910).Xullas, P.I.Brounov to`rtala sferaning o`zaro ta’siri oblasti bu qobiq ekanligini, ya’ni bir butun hodisa ekanligini va tabiiy geografiyaning vazifasi bu hodisani (qobiqni) o`rganish bilan bog`liq ekanligini birinchi bo`lib aniq ko`rsatdi.
Biroz keyonroq R.I.Abolin (1914) “epigenema” tushunchasini kridi, ammo bu tushuncha fanda tarqalmadi.
Shved olimi Sten de Geer “Geografiyaning ta’rifi, metodi va tasnifi” maqolasida (1923) geografik qobiqning ob’yekt sifatidagi hozirgi tasavvurga juda yaqin kelgan edi. U geografiyani Yer yuzasidagi hodisalarning hozirgi paytda taqsimlanishini o‘rganadigan fan sifatida belgilaydi; Yer yuzasini litosfera, atmosfera, hidrosfera, biosfera va antroposferaning o‘zaro bir-biriga tegib va qisman bir – birini qoplab turadigan zona sifatida belgilagan edi (Jeyms, Martin, 1988).
1926-yilda V.I. Vernadskiyning “Biosfera” deb nomlangan asari nashrdan chiqdi. Bu asarda jonli moddaning faolligi sababli mavjud bo`lgan sayyoraviy sistemaning bir butunligi yorqin ko`rsatilgan. J.B. Lamark va E.Zyusse tomonidan fanga kiritilgan “biosfera” tushunchasining chegaralarini V.I.Vernadskiy unga litosfera va atmosferaning hayot topilmagan bo`lsada, uning mavjud bo`lishi mumkin bo`lgan qismlarini ham kiritdi va bu tushuncha butunlay o`zgacha mazmunga ega bo`ldi. Uning fikricha biosfera – sayyoramizning yuzasi, tashqi oblasti bo`lib, uni Koinot muhitidan ajratib turadi.
XX asrning 30-yillarida geografik qobiq mavjudligining ilmiy jihatdan asoslanishi va geografik qobiq to`g`risidagi ta’limotni ishlab chiqilishi A.A.Grigoryev (1883-1968) nomi bilan bevosita bog`liq. A.A. Grigoryevning 1925-yilda yozilgan “Tabiiy geografiyaning vazifalari va metodlari” nazariy ishida Yer yuzasidagi qobiq “yaxlit geografik muhit”, uni tashkil etuvchi qismlar (segmentlar) esa “alohida geografik muhit” yoki “geografik landshaft” deb nomlangan. A.A.Grigoryev geofizika va Yer to`g`risidagi boshqa fanlarning yutulariga tayangan holda sayyoramiz yuzasining bosqa qobiqlardan, ya’ni atmosferaning yuqori qatlamlari va Yerning ichki qismlaridan farqlarini va o`ziga xosligini ochib berdi. Yer yuzasini A.A. Grigoryev “tabiiy-geografik qobiq” deb nomladi va bu qobiqni tashkil etuvchi komponentlarni tahlil qilishda ularning bir-biri bilan o`zaro chambarchas bog`liq ekanligini, ulardan har birining xossalari buzilmagan taqdirda bir-biridan mujassam aloqada ekanligini ko`rsatib berdi. Bunday o`zaro ta’sir va aloqa “Yer shari tabiiy-geografik qobig`ining haqiqiy bir butunligini, uning strukturasining ichki birligini va, shu bilan birgalikda, unda kechadigan murakkab kompleks jarayonning birligini belgilaydi” (Grigoryev, 1937).
Keyinroq geografik qobiq deb atala boshlagan tabiiy-geografik qobiqning xususiyatlari to`g`risidagi tasavvurni rivojlantirgan holda A.A.Grigoryev uning bir qator farqlarini ham ko`rsatdi.Bu qobiqning tarkibiga har uchala agregat holatidagi moddalar kiradi, boshqa qobiqlarda esa asosab bir agregat holatidagi moddalar kiradi. Boshqa sferalardagi jarayonlar energiyaning faqat kosmik (stratosferada) yoki tellurik (yadrova mantiyada) manvalari hisobiga kechsa, geografik qobiqda jarayonlar energiyaning har ikkala manbai hisobiga kechadi.
A.A.Grigoryev dastlab faqat jonsiz tabiat komponentlari orasidagi o`zaro modda va energiya almashuvini geografik qobiq rivojlanishining eng muhim harakatlantiruvchi kuchi deb hisoblagan. Keyinroq (1956) u bunday kuch geografik qobiqning abiotik va biotik komponentlar orasidagi o`zaro modda va energiyaning almashinuvida ekanligini ta’kidlaydi.
Geografik qobiq to`g`risidagi ta’limotning rivojlanishiga A.D.Gojev va S.V.Kalesnik katta hissa qo`shdilar.
S.V. Kalesnik (1947) A.A.Grigoryev tomonidan taklif qilingan “tabiiy-geografik qobiq”ni “geografik qobiq” deb nomladi va uning ob’yektiv mavjudligini asoslab berdi. Geografik qobiqning sifat jihatdan o`ziga xosligini S.V. Kalesnik (1955) “…tabiiy geograf o`z fanining ob`ykti sifatida Yer yuzasi to`g`risida so`z yuritarkan, u fizikaviy va matematik yuza to`g`risadigina emas, balki sayyoraning boshqa qobiqlaridan o`zining tarkibi va tuzilishiga ko`ra eng katta murakkabligi bilan farq qiladigan uzviy bir butun moddiy sistemani, Yerning alohida qobig`ini nazarda tutadi. Bu moddiy sistema har bir paytda tashqi tomondan litosferaning relyefi, uning geologik strukturalari va litologik komplekslarining, suv va havo massalarining, tuproq qoplamining va organik olamning keng ma`nodagi ma`lum birikmasini ifodalaydi” deb ta`kidlagan edi.
S.V. Kalesnik geografik qobiq uni tashkil etuvchi komponentlarning oddiy yig`indisi emas ekanligiga e`tibor qaratadi. Geografik qobiq “…bu qismlarning birgalikda o`zaro taqozasi mavjudligi va rivojlanishi natijasida tarihan shakllangan sifat jihatdan yangi hodisa”. Yaxlit sistema tariqasidagi geografik qobiqni tadqiq qilish, S.V. Kalesnikka ko`ra, tabiiy geografiyaning predmetini tashkil etadi. Keyinroq S.V. Kalesnik geografik qobiq termini o`rniga (sinonimi sifatida) “landshaft sferasi” terminini qo`lladi………
Y.K.Yefremov (1950) geografik qobiq terminini “landshaft sferasi” termini bilan almashtirishni taklif etdi.Ammo, bu termini qo`llashda ham anglashmovchilik vujudga kelishi mumkin edi. Chunki bir qator geograflar bu termini F.N. Milkov geografik qobiqning eng faol qatlami, “yadro”si uchun qo`llagan “landshaft sferasi” mazmunida qo`llaydilar.
I.M. Zabelin (1958) tabiiy geografiyaning ob’yekti uchun”biogenosfera (hayot vujudga kelgan va takror tiklanadigan sfera)” terminini taklif qildi, ammo bu termin ham geografik adabiyotlarda keng tarqalmadi.
N.M.Svatkov (1969, 1970, 1974) “geografik qobiq” terminining sinonimi sifatida “simmesfera” terminini qo`llashni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. U sayyoraviy fazoning geografik zamonning eng qisqa davri bilan bog`liq hajmini “simmesfera” termini, zamonning uzoq geologik davrlari bilan bog`liq hajmini esa “geografik qobiq” termini bilan ifodalaydi.
N.A.Solnsev (1977) “geografik qobiq” terminining sinonimi sifatida “Yagona tabiat” terminini qo`llagan edi. Uning fikricha, bir butun hosila bo`lganligi sababli Yerning tabiati juda murakkab, uzluksiz rivojlanadigan sistemadir. Bu sistema uyushuvning kichikroq sistemalari bo`lgan ko`plab o`zaro ta’sirdagi qismlardan tashkil topgan. Geografik qobiqning eng sodda strukturaviy uyushuvi bir qancha juz’iy qobiqlar (litosfera, atmosfera, hidrosfera, fitosfera va zoosfera)ning o`zaro aloqadagi sistemasida ifodalanadi.
Shunday qilib, geograflar o`z fanining ob’yektini amalda bir xil mazmunda tushunadilar. Ammo, hanuzgacha terminologiya, ya’ni nomlash to`g`risida yakdillik yo`q. Geografiya fanlari sistemasining ob`yekti sifatidagi geografik qobiqning nomiga nisbatan boshqa turli terminlar ham taklif qilingan. Adabiyotlarda “geografik qobiq” termining sinonimlari sifatida ba`zan “landshaft sfera“ ( Y.K. Yefremov, M.Sinitsin, F.Y.Shipunov, Y.Demek), “landshaft qobig`i” (S.V. Kalesnik, A.G.Isachenko), “geografik sfera (“geosfera”)” (D.L. Armand, V.B. Sochava, E.Neef, A.M. Ryabchikov, J.Shmithyuzen), “biogeosfera” (Y.K. Yefremov), “biogenosfera” (I.M. Zabelin), “epigenema” (R.I. Abolin), “epigeosfera” (A.G. Isachenko), “simmesfera” (Svatkov), “geografik muhit” (A.A. Grigoryev, D.L.Armand), “simmesfera” (N.M.Svatkov), “Yer qobig`i” yoki “Yerning geografik yuzasi” (E.Neef), “sayyoraviy geosistema” (B.V.Sochava), “Yagona tabiat” (N.A.Solnsev) terminlari ham qo`llaniladi.
Geografik qobiq bilan bir qatorda, yuqorida ta`kidlangandek, geografiyaning ob`yektini boshqacha tushunchasi ham shakllandi. Bu tushuncha geografiyani boshqa bir butun sistemalar – geografik landshaftlar bilan bog`laydi.
Geografik qobiq o`ziga xos moddiy sistema bo`lib, boshqa sferalarning uning doirasidagi o`zaro ta`siri Yer yuzasining har bir nuqtasida ham sodir bo`ladi. E.Neyefning (1974) fikricha, bu hodisada geografik qobiq doirasida materiya uyushuvining umumiyligi turadi. Shu bilan birga Yer yuzasining turli joylarida bu moddiy sistema mutlaqa turli xil moddiy komponentlardan va ularning muayyan tartibdagi birikmalaridan tashkil topgan. Shunday qilib, geografik qobiq uyushuvining umumiy tamoyili juda ko`p sonli muayyan tartibdagi birikmalarda o`z ifodasini topadi. Yer yuzasidagi bunday joylar “landshaft” deb nom olgan. Demak, geografik qobiqni va landshaftni bir-biridan ajratish mumkin emas, chunki ular Yer yuzasi moddiyligining shakllaridir. Geografik qobiqning umumiy qonuniyatlarini belgilash uchun landshaft tadqiqotlari ayniqsa katta ahamiyatga ega. Shu sababli geografik qobiq Yer yuzasini ifodalasa, landshaft uning hududiy qismlaridir. Landshaftlarning majmuasi geografik qobiqni xosil qiladi, geografik qobiq esa landshaftlarda mujassamlashadi.
Geografiyaning tadqiqot amaliyotiga sistemali yondashuvning keng tadbiq etilishi bilan bog`liq holda turli xildagi va kattalikdagi hududiy geosistemalar, ularnning shakllanishi, tuzilmasi, dinamikasi, tarixiy rivojlanishi va kelgusidagi o`zgarishlari geografiyaning predmeti deb tan olindi. Geosistemalar atrof muhitni va geografik qobiqni yaxlit moddiy sistema sifatida shakllantiradi. Tabiiy geografiya landshaftlarni (geosistemalarni), ularning ayrim elementlarini va ichki tizimli o`zaro ta`sir mexanizmini o`rganadi. U tabiiy fanlarning ma`lumotlarini birlashtiradi. Bunday birlashtirish geoekologik tahlilning jarayonshunoslik nuqtai nazaridan amalga oshiriladi.
Barcha fanlar sistemasidagi kabi, geografiya fanlari sistemasining o`rganish ob`yektini geografik qobiq tashkil etadi va barcha geografik fanlar shu qobiq doirasida faoliyat ko`rsatadi; shu qobiqning ayrim tomonlarini, jihatlarini o`rganish geografik fanlarning predmetlarini tashkil etadi.
Geografiya fanlari sistemasining ichki birligi uning barcha a`zolarining umumiyligi, ularning tadqiqot predmetlari (y`ani landshatlar (geosistemalar) va ularni tashkil etuvchi komponentlar) orasidagi ob`yektiv o`zaro aloqalardan kelib chiqadigan e`tiborning umumiyligi va, nihoyat, geografik qobiq doirasida jamiyat va tabiat orasidagi o`zaro ta`sir sajiyasini belgilash va tabiatdan oqilona foydalanishni tashkil etishdan iborat bo`lgan pirovard maqsadlarining umumiyligi bilan ta`minlanadi
ENG YANGI DAVR GEOGRAFIYASI
(XX asrning boshi – o`rtasi)
D.N. Anuchin (1843 – 1923) ham geografiya Yer yuzasi tabiatini o`rganishi lozim, deb hisoblar edi. Ammo, u F. Rixtgofendan farq qilgan holda bir butun va uning rivojlanishida qaragan. Uning fikricha, “geografiyaning ob`yektini Yer, yoki, aniqrog`i, uning aynan hozirgi paytdagi yuzasi ifodalaydi, ammo, Yer va undagi bacha narsalar yashayotganligi, ya,ni o`zgarish va qayta o`zgarishda bo`lganligi sababli …uning evolyutsiyasi uning rivojlanishining yo`nalishi to`g`isida, bu rivojlanishni yuzaga keltiradigan va taqoza etadigan jarayonlar va kuchlar to`g`isida tasavvurga ega bo`lish zarur” (Anuchin, 1954).
D.N. Anuchin geografiyaning tadqiqot ob`yekti sifatidagi geografik qobiq to`g`risidagi tasavvurga juda yaqin kelgan edi. Uning fikricha, geografiyaning ob`yektini barcha davrlarda Yer, uning olamning boshqa jismlariga, o`z-o`ziga, ayniqsa o`zining yuzasiga bo`lgan munosabati tashkil etgan. Chunki Yer yuzasi turli Koinot va tellurik kuchlar faoliyatining arenasi bo`lib, bu kuchlarning o`zaro ta`siri natijasida uning atmo-, hidro-, lito- va pedosfera, bio- va antroposferasi tarkib topgan.
D.N. Anuchinning shogirdi A.A.Kruber o`zining “Umumiy Yer bilimi” kursida geografiyaning vazifasi hamma vaqt Yerning ko`rinishini tasvirlash va uning juz’iyatlarini talqin qilishdan iborat bo`lgan va bo`lib qolmoqda, deb yozgan.Uning fikricha, geografiyaning bu vazifasi unda landshaftni o`rganinshning ahamiyatini oshiradi. Ammo landshaftni o`rganish uchun dastlab uning vujudga kelishida ishtirok etgan barcha kuchlarni o`rganishni taqoza etadi. Shu sababli Yer yuzasida kechadigan kuchlar va hodisalarni o`rganish geografiyaning vazifalaridan biri bo`lib, bu vazifani muayyan darajada hal etmasdan asosiy vazifani bajarishga, Yerning hozirgi ko`rinishini aniqlashga kirishib bo`lmaydi. Sxolastik (lot. scholastikos maktabga oid < yun scholë maktab) fanga, ya`ni hayotdan va amaliyotdan ajralib qolgan fanga aylanib qolmasligi uchun Yerda sodir bo`ladigan hodisa va jarayonlarni o`rganish geografiyaning bevosita mas`ulyatidir.
D.N. Anuchinning shogirdlaridan yana biri – A.A.Borzov () ham geografiyani Yer yuzasi to`g`risidagi fan deb hisoblaydi, ammo geografiya Yer yuzasining alohida hodisalari bilan emas, balki ularning majmuasini o`rganadi. Binobarin, A.A. Borzovga ko`ra geografiya – bu landshaftlar, Ularning Yer yuzasi bo`yicha tarqalishi va ularning o`zaro ta`siri to`g`risidagi fandir. Uning fikricha ham tabbiy geografiya ikki qismdan – tabiiy geografik mamlakatshunoslik va umumiy Yer bilimidan (umumiy tabiiy geografiyadan) tashkil topgan.
Shved olimi Sten de Geer “Geografiyaning ta`rifi, metodi va tasnifi” maqolasida (1923) geografik qobiqning ob`yekt sifatidagi hozirgi tasavvurga juda yaqin kelgan edi. U geografiyani Yer yuzasidagi hodisalarning hozirgi paytda taqsimlanishini o`rganadigan fan sifatida belgilaydi; Yer yuzasini litosfera, atmosfera, hidrosfera, biosfera va antroposferaning o`zaro bir-biriga tegib va qisman bir – birini qoplab turadigan zona sifatida belgilagan edi (Jeyms, Martin, 1988).
L.S. Berg ham garchi “geografik qobiq” terminini qo`llamagan bo`lsada, geografiyaning predmetini muayyan hajmda tasavvur qilgan. Uning (1947) yozishicha, geografiyaning faoliyat maydoni faqat Yer yuzasini o`rganish bilan cheklanib qolmasligi lozim. Geografiya butun Yer po`stini uning yuzasini o`zgartiradigan tashqi kuchlar ta`siri yetib bora oladigan chuqurliklargacha bo`lgan qismini organishini ta`kidlagan edi. Uning fikricha, geograflar quruqlikda grunt suvlari sathigacha bo`lgan butun nurash po`stini, okeanda esa gruntlargacha bo`lgan barcha suv qatlamlarini va okean suvining ta`siri tugaydigan chuqurliklargacha tarqalgan grunt qatlamini o`rganishi lozim. Bu yerda nomi aytilmagan bo`lsada Yer sharining quruqlik qismida nisbatan yupqa va okean qismida qalin kompleks umumsayyoraviy fenomen, qoplam yoki qobiq to`g`risida so`z borayotganligi nazarda tutilganligi aniq. Boshqacha qilib aytganda, sayyoraning litosfera, atmosfera, hidrosfera va tirik materiyasi xosil qiladigan tuzilishidagi alohida tuzilma to`g`risida so`z boradi.
L.S.Berg o`zining ko`pgina ishlarida V.V.Dokuchayevning tabiat zonalari to`g`risidagi ta`limotini rivojlantirdi va bu zonalarni landshaft zonalari deb atadi.
L.S.Berg o`zining “Geografiyaning predmeti va vazifalari “ deb nomlangan maqolasida (1915) mamlakatshunoslik – landshaftshunoslik sifatida tushuniladigan geografiyada hususiy geografiyani (an`anaviy mamlakatshunoslikni) va Yerning butun yuzasidagi predmetlar va hodisalarning taqsimlanishini o`rganadigan umumiy geografiyani ajratish lozimligini ta`kidlaydi.
XIX asrning oxirida geografiyaning ikki asosiy sohasi - tabiiy geografia va iqtisodiy geografiya tarkib topdi. Keyinchalik ularning bag`irlarida o`z navbatida juz’iy fanlar shakllana boshladi. Alohida ta`kidlash lozimki, ayni paytda professional geografiyaning o`zining ham tarkib topishi sodir bo`ldi. Chunki jamiyatning iqtisiodiy va sotsial tuzilmasidagi ulkan o`zgarishlar geografik tahlilni qo`llashni taqoza etar edi.
XIX va XX asr chegarasida yangi sotsial buyurtmani bajarishga kirishgan geografiya tabiatning predmetlari va hodisalari orasidagi doimiy aloqalar va o`zaro bog`liklarni, va shuningdek, tabiat va jamiyat orasidagi o`zaro ta`sirni o`rganishga kirishdi. Shu sababli bugungi kunda geografik dunyoqarashni kengaytirish, jamiyat va tabiat o`zaro aloqalarini teran bilib olishshdek muhim vazifalarni bajarishi lozim bo`lgan yangi ilmiy geografiya tarkib topdi.
Yer yuzasi tabiatini va unga xos hodisalarni ilmiy geografik tasvirlashda tabiiy geografiya uning bo`linmalarida tadqiqotlarning matematik, fizikaviy va kimyoviy metodlardan tizimli foydalanila boshlandi.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshida geografiyada uzoq nazariy – metodologik tanazzul davri bo`ldi. Qadimiy geografiya bag`irlarida shakllandan sohaviy fanlar mustaqil fanlarga aylandi, buning oqibatida geografiya “bo`laklana boshladi” va o`zining tadqiqot predmetisiz qola boshladi. Bu davrda V.V.Dokuchayev va uning zamondoshlarining tadqiqotlari negizida Yer yuzasi tabiatini o`rganishda yangi kompleks yo`nalish tarkib topdi. Bu kompleks yo`nalishdan esa landshaftshunoslik shakllandi.
Yer yuzasining tabiiy sharoitlari va hodisalari to`g`risidagi juda katta va xilma-xil tasviriy ma`lumotlarni to`planishi, tahlil qilinishi va tizimlashtirilishi asosida tabiiy geografiya va uning bo`linmalarining sekin - asta nazariy ilmiy umumlashtirish rivojlandi. Nazariy ilmiy umumlashtirishda o`rganilayotgan hodisalarga qiyosiy – tasviriy yondashuv juda katta rol o`ynadi. Bu yondashuv Yer yuzasi turli joylarining tabiatidagi o`hshash va farq qiladigan belgilarni qiyoslash va ularning o`zaro aloqalarini ochib berish imkonini berdi. Bu yondashuv va undan kelib chiqadigan tabiiy sharoitlarni o`rganishning o`ziga xos geografik metodlari Yer bilimining rivojlanishiga asos bo`ldi.
Bu yondashuv va metodlar bir-biriga o`xshash yoki bir-biridan farq qiladigan ayrim joylarning tabiiy komplekslarining qonuniyatlarini ochib beradigan va o`rganadigan regional geografiyaning ham rivojlanishiga asos bo`ldi.
1850-yilga kelib geografiyaning asoslari mustahkamlandi.Chunki bu dagvrga kelib geografik jamiyatlar va universitetlarda geografiya kafedralari tashkil etildi.Universitetlarda geografiya kafedralari tashkil etila boshlandi.Birinchi geiografiya kafedrasi Fransiyada,Parijdagi Sorbonna universitetida tashkil etildi. Yirk universitetlarning ko`pchiligida geografiya professori lavozimlari ta`sis etildi 1900-yilda 12 ta universitetda geografiya kurslari o`qitila boshlandi. Ammo barcha universitetlarning dasturlarida geografiya fani majburiy bo`lmagan, tabiiy geografiya kursi esa ko`pgina hollarda geologiya kafedralarida o`qitilar edi. Maxsus kafedralarning tashkil etilishi geograflarning nufuzli mavqega ega bo1lishga imkon berdi.
Geografiyaning rivojlanishida XIX asrda tashkil etila boshlagan geografik jamiyatlarning ahaniyati ayniqsa katta bo`ldi. XIX asrning birinchi yarmida ko`plab yangi ilmiy jamiyatlar tuzidi.Birinchi geografik jamiyat 1821-yida Fransiyada tashkil topdi, so`ngra 1828-yilda Germaniyada, 1830-yilda Angliyada geografik jamiyati tashkil topdi. 1838-yilda Rio-dye-Janeyro va Mexikoda , 1845-yida Sankt-Petewrburgda , 1851-yilda Nyu-Yorkda (1988-yilda Vashingtonda ) milliy geografik jamiyatlar tashkil etildi. !875-yilda Yevripopada 28 ta milliy geografik janiyatlar tashkil etilgan edi. Bu jamiyatlarning majulislari va chop etilgan ilmiy ishlari jahonning turli qismlaridagi ekspeditsiyalarning ishlariga bag`ishlandi.
1871-yilda Antverpen shahrida (Belgiya) I Xalqaro geografik kongress bo`lib o`tdi. Shu yildan boshlab bunday kongresslar har to`rt yilda bir marta o`ta boshladi (faqat birinchi va ikkinchi jahon urushlari davrida kongresslar chaqirilmadi). Xalqaro geografik kongresslar XIX asrda 7 marta, XX asrda 22 marta va XXI asrtda 2 marta (jami 31 marta) bo`lib o`tdi.
1922-yilda Bryussel shahrida (Belgiya) jahon geograflarining ilmiy birlashmasi bo`lgan Xalqaro geografik ittifoq tashkil topdi. Nizomga ko`ra, Xalqaro geografik uyushma geografiyaning muammolarini, ayniqsa xalqaro hamkorlikni taqoza etadigan masalalarni o`rganishga, bu masalalarni ilmiy jihatdan muhokama qilish va ularning natijalarini nashr qilishni ta`minlashga, xalqaro geografik kongresslarni va regional konferensiyalarni o`tkasishga, kongresslar oralig`i davrida uyshmaning vazifalarini bajarish uchun komissiyalar ta`sis etishga ko`maklashishga da`vat qilingan.
Xalqaro geografik ittifoq dastlaki yillardan boshlab xalqaro tashkilotning hozirgi paytga qadar mavjud bo`lgan tuzilmasini ishlab chiqqan.
Dostları ilə paylaş: |