Gidrometeorologiya fakulteti quruqlik gidrologiyasi kafedrasi gidrologiya yo



Yüklə 48,67 Kb.
tarix17.04.2023
ölçüsü48,67 Kb.
#99310
suv resurslarini muhofaza qilish


O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O`RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI


MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI
O`ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI


GIDROMETEOROLOGIYA FAKULTETI
QURUQLIK GIDROLOGIYASI KAFEDRASI


GIDROLOGIYA YO’NALISHI
2-BOSQICH TALABASI
____________________________________________________
GIDROFIZIKA FANIDAN


MUSTAQIL ISHI


Qabul qildi:__________________

Toshkent-2022


Gidrofizik tadqiqotlarning suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanishdagi ahamiyati
Reja:

1. Suvning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati.


2. Suv resurslari zahirasi va ularning geografik joylashishi.
3. Suvdan xalq xo`jaligida foydalanish. Chuchuk suv muammosi.
4. Suvning ifloslanishi va uni ifloslovchi manbalar.
5. Suvni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish.
6. O`rta Osiyoda va O`zbekistonda suv resurslaridan foydalanish.

Suv tabiatda keng tarqalgan bebaho boylik bo`lib, u tiriklikning asosidir. Binobarin, dastlabki tirik hujayra koatservat tomchilari sifatida suv muhitida paydo bo`lgan va evolyutsion taraqqiyot jarayonida ulardan suvda yashovchi bir va ko`p hujayrali organizmlar kelib chiqqan. Yer yuzidagi biror tirik organizm suvsiz yashayolmaydi, chunki undagi to`qimalarning asosiy qismini suv tashkil qiladi. Masalan, 18 yoshdan 50 yoshgacha bo`lgan kishilarning organizmida gavda og`irligining 61% ni suv tashkil qiladi. Ayollarda, semiz kishilarda va keksalarda bu ko`rsatkich biroz pastroq bo`ladi. Odam tanasidagi suvning 70% hujayra protoplazmasini, 23% to`qimalararo suyuqlikni, qolgan 7% esa qon plazmasini hosil qiladi. Organizmda suvning bir yo`la 10% ga kamayishi odamni og`ir ahvolga solib qo`yadi, uning 20-25% ga kamayishi esa kishini halok qiladi. Suv ayniqsa suvda yashovchi hayvonlar tanasida ko`pdir. U, masalan, medo`zada gavda og`irligining 99,7% ni tashkil qiladi.


Mana shu ma'lumotlarning o`zigina «suv – hayot manbaidir» degan iboraning qanchalik haqqoniyligini ko`rsatib turibdi. Odam organizmi o`z hayotiy jarayonlarini amalga oshirishi uchun sutkasida o`rtacha 2,5 l. suvni qabul qiladi va uni o`z to`qimalaridan o`tkazib, chiqarib yuboradi. Jumladan 400 m litr suv nafas chiqarish jarayonida suv bug`i holatida chiqariladi. Organizmdagi ko`proq suv (1,5 litrga yaqin) siydik va hojat bilan chiqariladi, qolgani ter bezlari orqali chiqariladi.
Odam va hayvon organizmi bir qism suvni endogen yo`l bilan o`zi ishlab chiqaradi. Masalan, organizmdagi 100g. yog`ning parchalanishida 107 ml, 100g. uglevod parchalanishda esa 55 ml suv ajraladi. Qurg`oqchilik sharoitiga moslashgan hayvonlarning suvsizlikka chidab yashayolishi ana shu endogen suvlarning ajralishiga asoslangan. Shuning uchun ham sahrodagi hayvonlar – tuya, yumronqoziq, qumsichqonlar uzoq muddat suv ichmasdan yashayoladi, avstraliya sichqonlari esa umr bo`yi suv ichmasdan endogen suv hisobida yashaydi.
Tirik organizmlarda kechadigan barcha hayotiy jarayonlar suvning ishtirokida suyuqlik muhitida kechadi. Chunonchi, qabul qilingan ozuqa mahsulotlari hamda kislorodning parchalanishi va ularning to`qimalarga yetkazib berilishi hamda to`qimalarda hosil bo`lgan chiqindilarning tashqi muhitga chiqarib tashlanishi kabi murakkab biokimyoviy va biofizik jarayonlar suv yordamida amalga oshadi.
Yerda hayotning asosi yashil o`simliklarda kechadigan fotosintez jarayonidir. Bu jarayonda suv asosiy xomashyo vazifasini o`taydi. Fotosintezda quyosh nuri ta'sirida suv vodorod va kislorodga ajraladi. Ajralgan kislorod erkin molekula holda tabiatga chiqariladi, vodorod esa karbonat angidrid bilan birikib, katta ichki energiya zapasiga ega bo`lgan organik birikmalarni hosil qiladi. Shu asnoda tirik mavjudotlar uchun oziqlanish va nafas olish sharoiti yaratiladi.
Suvning yana bir muhim xususiyati, unda issiqlik sig`imining yuqoriligidadir. Suvning issiqlik sig`imi yog`ochnikidan 2 baravar, qumnikidan 5 baravar, temirnikidan 10 baravar va havonikidan 3200 baravar yuqori. Demak, 1 m3 suv 10 ga soviganda 3200 m3 havoni 10 ga ilitadi. O`zining bu xususiyatiga ko`ra suv biosferada, shu jumladan odam organizmida haroratni mo`tadillashtirib turadi. Atmosferadagi suv bug`lari quyosh radiatsiyasini filtrlab, uning haroratini 80% ga yutadi va bu haroratni sutkaning quyoshsiz paytlarida sarflaydi. Shu asosda kun va tunning, yoz va kishning harorati o`rtasidagi farq kamaytiriladi. Bundan tashqari yer yuzidagi suvliklar va ulardan ko`tarilayotgan suv bug`lari yerda iqlim hosil qilishi, mintaqalarning iqlimi orasida o`zaro bog`liqlik bo`lishini ta'minlaydi.
Suvning muhim xususiyatlaridan yana biri unda fotokimyoviy jarayonlarning kechishidir. Bu jarayonlar davomida suvda turli xildagi kimyoviy elementlar hosil bo`ladi. Tabiatda tarqalgan 107 xil kimyoviy elementlarning 62 tasi suvda topilgan. Bu elementlar suvda doimiy harakatda va o`zaro ta'sirda bo`ladi. Shuning uchun ham, aytish mumkin-ki, suv geologik jarayonlarda faol ishtirok etadi. U qattiq jinslarni parchalaydi va tuproq hosil qiladi, bir joyni yuvib boshqa joyga keltirib tashlaydi va bu bilan relyef hosil qilishda ishtirok etadi. Ma'lumotlarga ko`ra Yer yuzidagi oqar suvlar har yili o`zlari bilan ko`l, dengiz va okeanlarga 10 mlrd. tonna yotqiziqlarni oqizib keladi. Suvning bu xususiyati bo`lmaganida sayyoramiz shunchaki yum-yumaloq toshdan iborat bo`lar, unda na tuproq va na tiriklik bo`lmas edi.
Aytilganlardan tashqari suvning yana bir qator foydali xususiyatlari borki, bular ham kishilik jamiyatining rivojida muhim o`rin tutadi. Dehqonchilik va chorvachilikni rivojlantirish, arzon elektr quvvati ishlab chiqarish, sanoat ishlab chiqarishini tashkil qilish va transport vositalaridan foydalanish, sog`liqni saqlash va shu singari xalq xo`jaligining muhim tarmoqlarini, shuningdek kishilarning kundalik turmushini suvsiz tasavvur qilib bo`lmaydi.
Suv resurslari zahirasi va ularning geografik joylashishi
Biosferadagi suv resurslarining zahirasi juda katta bo`lib, u qariyb 1,5 mlrd. km. kubga teng. Bu zahiralar 2 turga bo`linadi – asriy zahiralar ya'ni abadiy muzliklar va qayta tiklanadigan zahiralar ya'ni tabiatda aylanib turadigan suvlar. Yerdagi suvning bug`lanishi va uning yog`inlar sifatida qayta tushishi biri – birining o`rnini to`lidirib turadi, ya'ni suyuq holdagi suvlar tabiiy balansda aylanib turadi. Okeanlar yuzasidan yiliga 116 – 124 sm qalinlikda suv bug`lanadi va ular yuzasiga 107 – 114 sm qalinlikda yog`in yog`adi, quruqlikdan esa yiliga taxminan 47 sm qalinlikda suv bug`lanadi va 71 sm. qalinlikda yong`in yog`adi. Dengiz va okeanlarda bug`lanish bilan qaytib tushish o`rtasidagi farqni daryo oqimlari tekislay boradi. Daryolardan dengiz va okeanlarga yiliga 45 ming km. kub atrofida suv quyiladi.
Tabiatda suvning qattiq, suyuq va gazsimon holatlarda bo`lishi uning biosferada keng tarqalishiga imkon beradi. Atmosferaning yuqori qatlamlaridan tortib yerning chuqur qavatlarigacha, baland tog` cho`qqilaridan to chuqur dengiz va okeanlargacha hamma yerda suv muhitini uchratish mumkin. Biosferadagi suv resurslarining zahirasi juda katta bo`lgani holda, ularning 94% okean suvlariga to`g`ri keladi. Bu suvlar o`ta sho`rligi sababli ulardan amalda kam foydalaniladi.
Yer osti suv zahiralari ham talaygina – 23,4 mln km.kub. Lekin ularning foydalanish mumkin bo`lgan qismi bor-yo`g`i 4 mln. km. kub bo`lib, ulardan ham amalda kam foydalaniladi.
Inson uchun kundalik hayotda bevosita foydalaniladigan chuchuk suv - bu daryo suvlari bo`lib, ularning zahirasi juda kam - bor-yo`g`i 1200 km.kub. yoki chuchuk suv zahirasining 0,04% ni tashkil qiladi. Buning ustiga mavjud daryolar qit'alar bo`ylab notekis joylashgan: dunyo aholisining 70% yashaydigan Yevropa va Osiyo qit'alarida jami daryo suvining 39% joylashgan, xolos.
Daryo suvlari miqdori Hamdo`stlik mamlakatlari hududlarida, shu jumladan alohida olingan bir mamlakat hududida ham turlicha joylashgan. Ulardagi jami suv 4350 km.kub bo`lib, bu dunyo miqyosidagi daryo suvlari miqdorining 14% ni tashkil qiladi. Bu suvning 82% jami aholining 20% joylashgan Shimoliy muz okeani va Tinch okeani havzalarida, qolgan 18% aholi nisbatan zich joylashgan Qora dengiz, Boltiq dengizi, Kaspiy va Orol dengizlari havzasida joylashgan. Markaziy Osiyo respublikalari, ayniqsa O`zbekiston, Turkmaniston va Qozog`iston hududlari ham kamsuv rayonlar qatoriga kiradi. O`zbekiston respublikasi hududida vujudga keladigan daryo suvlari atigi 10 km.kub bo`lib, bu Hamdo`stlik mamlakatlari jami daryo suvlarining 0,23%ni tashkil qiladi. Bu va bunga o`xshagan ma'lumotlar qurg`oqchil hududlarda suvni iflosmaslik, undan tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo qiladi.
Suvdan xalq xo`jaligida foydalanish. Chuchuk suv muammosi
Chuchuk suv tabiatdagi biologik jarayonlarning asosini tashkil qilibgina qolmay, undan xalq xo`jaligining turli sohalarida, kishilarning kundalik turmushida keng foydalaniladi. Sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo`jaligi va kommunal sohalarni suvsiz tasavvur qilish mumkin emas. Zamonaviy korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlariga sarflanayotgan suv miqdori ishlab chiqarilayotgan mahsulot og`irligiga nisbatan yuzlab va minglab marta ko`pdir. Masalan, 1 tonna po`lat ishlab chiqarishga 250 tonna suv ishlatiladi, qog`oz ishlab chiqarish ham taxminan shuncha suvni talab qiladi, 1 tonna alyuminiy ishlab chiqarish uchun 1500 tonna, 1 tonna nikelga 4000 tonna, 1 tonna sintetik tolaga 5000 tonna suv sarflanadi. Sanoatda ishlatiladigan suv asosan texnologik uskunalarni sovutishga ketadi. Atom elektrostantsiyasida ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun reaktorlarni sovutishga 3 mln. litr suv sarflanadi.
Dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish ayniqsa ko`p miqdorda chuchuk suvni talab qiladi. Ma'lumotlarga qaraganda turli xildagi o`simliklar 1 kg. quruq massa hosil qilish uchun 150-1000 m. kubgacha suv sarflaydi; 1 tonna bug`doy olish uchun 1500 tonna, 1 tonna sholiga 8000-10000 tonna, 1 tonna paxtaga esa 10000 tonnagacha suv sarflanadi.
Yer sharida sug`oriladigan yerlar maydoni 220 mln. gektar bo`lib, har bir gektarni sug`orishga yilida o`rtacha 12-14 ming. m. kub suv sarflanadi. Masalan, 1 gektar makkajo`xori uchun vegetatsiya davomida 3 mln. litr suv sarflanadi, 1 gektar karamga 8 mln litr, 1 gektar sholiga esa 20 mln. litrgacha suv sarflanadi. Bunga qo`shimcha ravishda yerlarning sho`rini yuvishda ham anchagina suv sarflanadi. Hisoblarga ko`ra dunyo dehqonchiligi uchun suvning yillik sarfi o`rtacha 2,8 ming km.kub bo`lib, bu suv daryolardan va yer ostidan olinadi. Bu ko`rsatkich Yer sharidagi daryolar yillik oqimining 7% dan ortiqdir.
Chuchuk suv zahiralardan kommunal maqsadlarda ham keng foydalaniladi. Dunyo miqyosida olib qaraladigan bo`lsa, bu maqsadlarda sutkasiga odam boshiga 220-230 litr suv sarflanadi, shundan 5% yeb-ichishga, qolgani yuvish va yuvinish ishlariga sarf bo`ladi. Bu ko`rsatkich markazlashgan suv quvurlari bilan ta'minlagan shaharlarda (280 litr) qishloq joylariga (50-60 litr) qaraganda ancha yuqori bo`ladi.
Aholining kundalik turmushi uchun suv sarfi dunyoning rivojlangan kapitalistik mamlakatlarida nisbatan ko`p. Bu borada AQSH yetakchi o`rinni egallaydi. Bu mamlakatda jami aholining 99% markaziy quvurlar suvidan bahramand qilingan bo`lib, sutkalik suv sarfi shaharlarda jon boshiga 330 litr, qishloqda esa 250 litrni tashkil qiladi.
Xalq xo`jaligining rivojlanishi va aholi sonining beto`xtov o`sishi chuchuk suv zahiralaridan tobora ko`proq foydalanishni taqozo etadi. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda nafaqat yer usti chuchuk suvlari, balkim yer osti suv zahiralari ham ko`plab ishlatilmoqda. Bu zahiralar ba'zi mamlakatlarda ularning hosil bo`lishiga qaraganda tezroq sarflanayapti. Masalan, AQSH da yer osti suv zahirilarining miqdori 1910 yilda 490 km. kub bo`lgan bo`lsa, 1959 yilda 62 km. kubga tushib qoldi. Bu mamlakatning Kaliforniya, Arizona va Texas shtatlarida yer osti suvlarining zahirasi hozirgi kunda qariyb tugadi. Boshqa mamlakatlarda, masalan, Avstriya va Daniyada aholining suvga bo`lgan ehtiyoji to`liq ravishda, Gollandiyada ehtiyojning 80% va Germaniyada uning 40% yer osti suvlari hisobiga qondirilmoqda.
Hisoblarga ko`ra chuchuk suv zahiralaridan foydalanish bo`yicha oldingi o`rinda qishloq xo`jaligi (66%), undan keyin sanoat va energetika (27%), oxirgi o`rinda aholining kommunal ehtiyojlari (7%) turadi.
Suvning ifloslanishi va uni ifloslovchi manbalar
Chuchuk suv tanqisligining asosiy sababi qishloq xo`jaligida, sanoat va turmushda suv sarfining o`sib borayotganligidagina emas, balkim shu bilan bir vaqtda ochiq suv havzalariga tashlanayotgan sanoat va turmush oqava suvlari miqdorining tobora ko`payib borayotganligidadir, ya'ni suvlarning tobora ko`p ifloslanayotganligidadir.
Suvning ifloslanish darajasi ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda yuqori bo`lib, ba'zi joylarda suvlarni tozalash masalasi chinakam «milliy masala»ga aylanib bormoqda. Germaniyada oqava suvlarning yarmidan ko`pi, AQSH da esa uchdan bir qismi to`liq tozalanmay daryo va ko`llarga quyiladi. Yaponiya, Angliya, Gollandiya, Belgiya va Frantsiyaning ko`pgina rayonlarida, shuningdek Skandinaviya mamlakatlarida ham daryo va ko`llar suvi yuqori darajada ifloslangan. Eng iflos daryolardan biri Yevropaning yirik suv arteriyasi hisoblangan Reyn daryosidir. Bu daryo bo`yida joylashgan sanoat korxonalarining oqava suvlari to`g`ridan-to`g`ri daryoga tushadi. Bu suvlar miqdori yiliga taxminan 60 mln. m. kubni tashkil qiladi. Shuning uchun bu daryoda baliq ham yashayolmaydi, cho`milish esa qat'iyan taqiqlab qo`yilgan. Shunday fikrni Missisipi daryosi haqida ham aytish mumkin. Bir paytlar zilol suv oqqan bu daryo hozirgi vaqtda «Amerikaning oqava suvlari zovuri»ga aylanib qolgan. Suvi o`ta ifloslangan daryolarning umumiy uzunligi Angliyada 1,5 ming km, AQSH hududida esa 2 ming km.dan ziyod. Vashington yaqinidan oqib o`tadigan Potomak daryosi tubida yotgan iflos cho`kindilar qatlamining qalinligi 3 metrdan ortiq.
Hozirgi kunda okean va dengizlar suvining ifloslanishi ham oshib bormoqda. Chunki ularga daryo suvi bilan oqib kelib tushayotgan turli xildagi tuzlar, og`ir metallar va radioktiv moddalar mikdori ko`payib bormoqda. Bundan tashqari okean va dengizlarning bag`rida zaharli moddalarning ko`mib tashlanishi, suv tagida yadro qurollarining portlatilishi, suvga neft va neft mahsulotlari to`kilishi ham gidrosferani jiddiy ifloslamoqda. Masalan, bundan 60 yil ilgari Boltiq dengizi ostiga 7 ming tonna mishyak mustahkam konteynerlarga solinib ko`mib tashlangan edi. Holbuki miqdori uncha ko`p bo`lmagan bu mishyak butun dunyo aholisini zaharlashga yetadi. Hozirgi kunda konteynerlar devori zaiflashib, ichidagi zaharli moddaning suvga chiqish xavfi bor.
Okean va dengiz suvlarining neft mahsulotlari bilan ifloslanish ko`lami ham katta. Hisoblarga ko`ra 1 l. benzin 100 litr suvni, 2 litr neft 200 ming litr suvni ifloslaydi. Suvga to`kilgan 1 tonna neft 12 kmG`kv maydon suvining ustida plyonka hosil qiladi. Holbuki okeanlar suviga har yili o`rtacha 10 mln. tonna neft va neft mahsulotlari to`kiladi. Buning ko`p qismi turli sabablarga ko`ra halokatga uchragan tankerlarga to`g`ri keladi. 1968 yilda Angliya va Frantsiya oralig`ida halokatga uchragan birgina «Torri-kanon» tankeridan okean suviga 119 ming tonna neft quyildi. Buning oqibatida 500 kmG`kv maydon suvining usti 20 mm qalinlikdagi plyonka bilan qoplandi.
1969 yilda Kaliforniyaning Santa-Barbara shahri yaqinida dengiz tubida qazilayotgan skvajina avariyaga uchragan va undan ikki hafta davomida sutkasiga 100 ming litr neft otilib chiqib dengiz suviga qo`shilgan. Bu va bunga o`xshash holatlar dengiz va okeanlarda ba'zan sodir bo`lib turadi. Bu esa ularda yashovchi ko`pgina hayvonlarning yoppasiga zaharlanishiga va kirilib ketishga olib keladi. Ma'lumotlarga qaraganda dengiz va okeanlarning Angliyaga tutash qirg`oqlarida yilida 250 ming atrofida suv qushlari nobud bo`ladi, okean suvlarining ifloslanishi oqibatida xar yili Antarktida suvlarida minglab pingvinlar va tyulenlar halok bo`ladi.
Okeanlar suvining ayniqsa radioaktiv moddalar bilan ifloslanish yomon oqibatlarga olib keladi. 1954 yilda AQSH tomonidan Tinch okeanida sinab ko`rilgan vodorod bombasining portlatilishi 25,6 ming kmG`kv maydondagi suvni va undagi barcha tirik organizmlarni nurlantirdi. Eng yomoni nurlangan baliqlarning uzoq rayonlarga suzib ketishi va ovqatlanish zanjiri orqali bu kasallikning boshqa hayvonlar va inson organizmiga o`tishidir.
Ichki suv havzalarining ifloslanishiga, asosan, sanoatdan va aholining maishiy turmushidan chiqayotgan oqava suvlarning yetarlicha tozalanmasdan daryo va ko`llarga tashlanishi sabab bo`lmoqda. Keyingi 30 yil mobaynida kishilar tabiatdan insoniyat tarixi davomida olganidan ko`ra uch baravar ko`p boyliklarni olib o`zlashtirdi va shunga muvofiq chiqindilar miqdori ham keskin ko`payib ketdi. Dunyo miqyosida yiliga aholi jon boshiga 1 tonnadan ko`proq chiqindi to`g`ri keladi va bu chiqindining bir qismi suvga tushadi. Dunyo aholisining uchdan ikki qismi daryo va ko`llar yaqinida, qolgani esa dengizlar yaqinida yashamoqda. Tabiiy-ki, ular o`z turmushidan chiqqan oqava suvlarni qisman tozalab, yaqin masofadagi tabiiy suvlarga tashlaydilar.
Hozirgi kunda kishilar 8-9 mln. turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o`zlashtirganlar. Bular orasida tabiatda uzoq vaqt parchalanmaydigan kimyoviy zaharlar, radioaktiv moddalar va plastmassa mahsulotlari bor-ki, ular butun biosferani va shu jumladan gidrosferani ifloslovchi jiddiy manbalardan bo`lib qolmoqdalar. Kundalik turmushdan chiqadigan oqava suvlardagi chiqindilar tarkibi bir-biriga o`xshash bo`ladi va ularni tozalash birmuncha oson. Lekin sanoat oqavalarining chiqindilar tarkibi juda xilma-xil bo`lib, ularni tozalash ancha qimmatga tushadigan murakkab jarayondir. Sanoatdan chiqadigan oqava suvlar miqdori ayniqsa rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda ko`p. AQSH sanoati 50 km.kub, Germaniya sanoati esa 10 km.kub oqava suv chiqaradi. Bu miqdordagi oqavani tozalab ulgurish mushkul ish, shuning uchun ham, aytib o`tilganidek, AQShda jami oqava suvlarning uchdan bir qismi, Germaniyada esa yarmidan ko`pi ifloslangan holicha suv havzasiga tashlanadi.
Keyingi yillarda ko`llar suvida antropogen evtrofikatsiyasi hodisasi keng tarqalmoqda. Bu hodisaning mohiyati shundaki, bunda kundalik turmushdan chiqqan oqava suvlardagi biogen moddalar, ayniqsa azot va fosfor birikmalari kam harakat ko`l suvlariga tushib to`planadi va undagi gidrokimyoviy hamda gidrobiologik rejimni buzadi. Oqibatda suv tarkibida ko`k-yashil suv o`tlari ko`payib, kislorod kamayaboradi. Chunki kislorodning ko`p qismi bakteriyalar tomonidan organik qoldiqlarni parchalashga, ya'ni suv o`tlarining chirishiga sarflanadi. Suvda chirindining miqdori ko`payib, oksidlanish-tiklanish jarayoni buziladi va anaerob holat vujudga keladi. Bunda suvning rangi buzilib ko`karadi va ho`llansa hidga ega bo`ladi, chunki unda oltingugurt, ammiak, fenol, indol, skotol kabi zaharli moddalar to`planadi. Bunday suvlar foydalanishga yaroqsiz bo`lib, ularda hatto baliq ham yashayolmaydi.
Suvni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish.
Insoniyat oldida turgan ko`pdan-ko`p vazifalar orasida suv resurslarini toza saqlash va ulardan oqilona foydalanish alohida o`rin tutadi.
Suvning tabiatda aylanib turishi nafaqat suv miqdorining barqarorligini ta'minlaydi, balki uning sifatini ham tiklab turadi. Tekshirishlar ko`rsatishcha, tabiatda aylanish jarayonida atmosfera namligi 8-10 kun davomida to`liq yangilanadi ya'ni shu davr mobaynida u to`liq aylanadi. Bu jarayon daryo suvlarida 12-16 kunni, ko`l suvlarida 200-300 yilni, okean suvlarida esa 3000 yilni o`z ichiga oladi.
Xalq orasidagi «Suv yetti dumalasa halol bo`ladi» degan ibora bejiz aytilmagan. Darhaqiqat oqar suv o`z harakati davomida quyosh radiatsiyasi yordamida suv o`tlari, bakteriyalar va zamburug`lar ishtirokida kechadigan gidrobiokimyoviy jarayonlar natijasida o`z-o`zini ba'zi iflosliklardan tozalaydi. 1 sutkada u yarim tozalanadi, 4 sutka davomida esa to`liq tozalanadi. Lekin unga iflos suvlarning ko`p tashlanishi, tarkibi barqaror zaharlarning aralashishi tozalanish jarayonini susaytiradi va uni hatto to`xtatib qo`yadi. Shuning uchun ham iflos oqava suvlarni ochiq suv havzalariga iloji boricha tashlamaslik, hech bo`lmaganda tashlashdan oldin ularni maxsus inshootlarida tozalash zarur.
O`rta Osiyo va O`zbekistonda suv resuslaridan foydalanish
O`rta Osiyo respublikalari daryolarining suvlari Tyan-Shon va Pomir-Oloy tog` tizmalarida vujudga keladi. Bu suvlarning umumiy hajmi 136 mlrd m. kub bo`lib, shundan 110,4 mlrd m. kubi (81,2%) O`rta Osiyo hududida vujudga keladi; 25,6 mlrd m. kub suv Afg`oniston va Eron mamlakatlari hududidan kelib qo`shiladi. Daryolarning ko`pchilida oqadigan suvlar qor-yomg`ir suvlari bo`lib, ozrog`i muzlik-qor suvlaridir.
Yer osti suvlarining umumiy hajmi yer usti suvlari hajmining taxminan 13,5% ga teng. Yer osti suvlarining yarmidan ko`prog`i O`zbekiston respublikasi hududida, qolgani Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalari hududida joylashgan. O`zbekistondagi yer osti suvlarining ko`p qismi Farg`ona va Toshkent atrofidagi vodiylarda, Qirg`izistondagi yer osti suvlarining 77% respublikaning shimoliy hududlarida, Tojikistonda uning janubiy-g`arbiy qismida, Turkmanistonda esa Kopetdog atroflarida hamda Murg`ob va Tedjen daryolari boshlanadigan hududlarda joylashgan.
O`rta Osiyo respublikalarida, ular ma'muriy jihatdan shakllangan vaqtdan boshlab, irrigatsiya ishlariga e'tibor berildi. 1926-1927 yillarda irrigatsiya tarixida birinchi marta suvdan rejali foydalanish, ya'ni tuproq sharoiti va ekin turlari xususiyatlarini hamda maydon miqdorini hisobga olgan holda sug`orish tadbirlari ishlab chiqildi. Bu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida keng ko`lamda ilmiy-tekshirish va qidiruv ishlari olib boriladi. Bularning natijasi o`laroq daryolarda tug`onlar, suv ayirgichlar va suv omborlari qurildi, ko`rik va bo`z yerlar o`zlashtirilib, ularga suv chiqarildi. 1927 yilda Zarafshon daryosida ko`rilgan Damxo`ja tug`oni O`rta Osiyoda dastlabki eng yirik inshoot bo`ldi. 1926-1928 yillarda Sirdaryo bo`yida Dalvarzin cho`li, Qirg`izistonda Krasnorechensk va Samsoniyev ko`riklari o`zlashtirildi. Shu yillarda Turkmanistonda Tedjen daryosida Karo`bent tug`oni qurildi.
1929-1933 yillarga muljallangan birinchi besh yillikda O`zbekistonda sug`oriladigan yerlar maydoni 246,4 ming gektarga yetkazildi, daryolardan kanal va ariqlarga suv ko`tarib berishda chigiriklar o`rnini suv nasoslari egallay boshladi. Tojiksitonda Vaxsh vodiysi, Qirg`izistonda Chu, Talas vodiysi va Issiqko`l kotlovinasi yerlarini suv bilan ta'minlash uchun kanallar qurildi. Chu daryosida O`rtato`qay, Chumo`sh va Tashutkul suv omborlari barpo etildi.
Keyingi besh yilliklar davomida yangi yerlarni o`zlashtirib, ularga suv chiqarish ishlari sur'ati yanada oshirildi. Faqat 1939 yilning o`zida O`zbekistonda xalqning qo`l kuchi bilan umumiy uzunligi 1332 km bo`lgan 55 ta kanal qurildi. Shundan birgina Katta Farg`ona kanalining uzunligi 344 km. bo`lib, u 45 kun ichida qazib bo`lindi. 1940 yilda Janubiy Farg`ona kanali qazildi. Shu yillar davomida Tojikistonda Vaxsh va Xisor vodiylari, Turkmanistonda Amudaryoning o`rta va quyi oqimlari hamda Murg`ob vohalari dehqonchiligini suv bilan ta'minlashda katta ishlar qilindi. Qirg`izistonda Aravan kanali qurildi. Ikkinchi Jaxon urushi yillarida O`zbekistonda hajmi 100 mln. m. kub bo`lgan Kattaqo`rg`on suv ombori qurildi.
Shunday qilib, xalq xo`jaligining rivojlanishi, ayniqsa qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishining beto`xtov o`sishi juda katta hajmdagi suv inshootlarining barpo etilishini, daryolardan olinadigan suv miqdorining keskin oshishini talab qildi. 1969 yildagi ma'lumotlarga ko`ra O`rta Osiyoda 3 mingta sug`orish shoxobchalari qurilgan bo`lib, shundan 997 tasi Qirg`izistonda, 974 tasi O`zbekistonda, 500 tasi Tojikistonda va yana shunchasi Turkmaniston hududida barpo etildi. Keyinchalik esa ularning umumiy soni va uzunligi yanada ko`paytirildi. Bu, o`z navbatida, daryo suvlarini tobora ko`p olib ishlatishga imkon berdi. Ayniqsa keyingi yillarda Amuduryo suvini katta hajmda olish quvvatiga ega bo`lgan Qoraqum kanali (250 m. kub /sek., 1954-1966 yillar) hamda Amu-Buxoro mashina kanalining (124 m. kub/sek., 1963-1966 yillar) qurib ishga tushirilishi Zarafshon vodiysi quyi qismini va Turkmaniston respublikasi hududining katta qismini daryo suvi bilan ta'minlash imkoniyatini berdi.
O`zbekistonning asosiy suv arteriyalari Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Chirchiq va Ohangaron daryolari bo`lib, bu daryolarda oqadigan umumiy suv hajmining juda oz qismi- 10 km. kubi respublika hududida vujudga keladi. Bu miqdor respublikada sarflanadigan yillik suv hajmining atigi 15% ini tashkil qiladi. O`zbekistondan oqib o`tadigan daryolar suvining asosiy qismi respublika tashqarisidagi hududlarda vujudga keladi.
Amudaryo O`zbekistondagi eng yirik daryo hisoblanadi. Uning uzunligi 1440 km bo`lib, undan yilida o`rtacha 78 km. kub suv oqadi. Bu suv tog`lik hududning 227 ming kv. km. maydonidan yig`ilib keladi. Sirdaryo garchi uzunligi jihatdan oldini o`rinda tursada (2140 km), unda yillik oqim miqdori Amudaryoga qaraganda ikki baravar kam- 36 km. kub. Uning suvi 150 ming kv. km. maydondan to`planadi. Respublikadagi kattayu-kichik suv omborilarining umumiy soni 53 ta bo`lib, ularda 16 km. kub suv to`planadi. Tekislikda joylashgan ko`llar suvi 70 km. kubni tashkil qiladi.
O`zbekistonda suvning yillik sarfi 62-65 km. kub atrofida bo`lib, bu suvning 25 km. kubi Amudaryodan, 11 km. kubi Sirdaryodan, 19 km. kubi qolgan boshqa daryolardan va 9-10 km. kubi yer ostidan olinadi. Sarflanadigan ana shu suvlarining 85% (53-55 km. kub) sug`oriladigan dehqonchilikka, 12% (6 km. kub) sanoat ehtiyojlariga va 3% (1,7 km. kub) kommunal zaruriyatlarga ishlatiladi. Foydalanilgan bu suvlarning qariyb yarmi (23-25 km. kub) zovurlar orqali chiqarilib, ochiq suv havzalariga, qolgan 8-10 km. kubi esa kichik daryo va ko`llarga tashlanadi.
Keyingi yillarda qishloq xo`jalagida mineral o`gitlar va kimyoviy zaharlarni qo`llash bir muncha tartibga tushdi. Shunga ko`ra yer usti va yer osti suvlarining bunday chiqindilar bilan ifloslanishi sezarli darajada kamaydi. Lekin shunga qaramay respublikadagi suv resurslarining sanoat va turmushdan chiqqan oqava suvlar bilan ifloslanishi davom etmoqda. Respublika hududida faoliyat ko`rsatayotgan 600 ta suv tozalagich inshootlarining ishi to`liq samara bermayapti-ularning yarmi qoniqarsiz ishlamoqda. Suvning ifloslanishi ayniqsa sanoat korxonalari ko`p joylashgan hududlarda, jumladan Toshkent va Fargona viloyatlarida yuqori bo`lmoqda.
O`zbekistonda yer osti suvlarining yillik zahirasi, 19 km. kub bo`lib, shundan har yili o`rtacha 9,5 km. kubi olib ishlatilyapti. Ishlatilayotgan bu suvning asosiy qismida minerallashish 3 mg/l. dan oshmaydi. Bu ko`rsatkich suvning sifati yaxshiligidan dalolat beradi va shuning uchun ham uning uchdan bir qismi (3,43 km.kub) aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashga, qolgani texnik maqsadlarga sarflanmoqda. Lekin umuman olganda respublikaning ba'zi hududlarida yer osti suvlarining sifati tobora yomonlashib bormoqda. Keyingi 15-20 yil davomida respublikaning g`arbiy va janubiy-g`arbiy hududlarida, jumladan Qoraqalpog`iston avtomnom respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari hududida yer osti suvlarining minerallashish darajasi bir necha martaga oshib ketdi. Hozirgi paytda respublikaning sharqiy hududida sanoat markazlari atrofida ham ahvol tashvishli bo`lib qolmoqda. Ayniqsa Qo`qon, Farg`ona va Marg`ilon shaharlari yer osti suvlarining sifati juda yomon bo`lib, bu suvlarda azot birikmalari me'yordagidan 10 baravargacha, neft mahsulotlari va fenollar esa 100 baravargacha ko`p. Yer osti suvlari tarkibida nitratlar, fosfatlar, tsianidlar va turli minerallarining ko`payib ketishi Toshkent viloyatidagi Pskem vodozaborini butunlay ishdan chiqardi. Keyingi yillarda Zarafshon shahrida tog`-kon sanoatining rivojlanishi, ulardagi texnologik jarayonlar natijasi o`laroq Navoiy va Buxoro viloyatlarida ham yer osti suvlarining sifati yomonlashib bormoqda. Hozirgi kunda bu suvlarda molibden, tsianidlar, ammiak va nitratlar miqdori me'yordan 7-30 martagacha oshadi. Bu esa o`z navbatida Zarafshon shahri aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashda uzilish xavfini tug`dirmoqda.
Keyingi yillarda O`zbekistonda aholini markazlashgan tartibda quvurlar orqali ichimlik suvi bilan ta'minlashga katta e'tibor berilmoqda. Shu maqsadda 1990-1994 yillar davomida 13,5 ming km. suv quvurlari tortildi. 1990 yilda shahar aholisining 81% va qishloq aholisining 52% markazlashgan tartibda ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo`lsa, bu ko`rsatkich 1994 yilda shaharliklar uchun 84% va qishloq ahli uchun 58,9% ni tashkil qildi. Uzunligi 210 km.ni tashkil qilgan Damxo`ja-Buxoro suv quvurining ishga tushirilishi Zarafshon vohasining quyi qismida yashayotgan xalqlarni sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlash muammosini birmuncha hal qildi. Yer osti suvlarining foydalanilmay qolayotgan zahirasi mavjudligi kelajakda xalqning toza ichimlik suviga bo`lgan talabini qondirishda muhim o`rin tutadi.


Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati

  1. Алексеевский Н.И. Гидрофизика. – М.: Издательский центр “Академия”, 2006.

  2. Винников С.Д., Проскуряков Б.В. Гидрофизика. -Л. Гидрометеоиздат, 1998.

  3. Ортиқова Ф.Ё. Гидрофизика ва сув баланси тадқиқотлари. –Тошкент: Университет, 2002.

  4. Martin R. Hendriks. Introduktion to Phisical Hydrology / Oxford UniversityPress, 2010. -323 p.

5. Rozanov B.G.Morfologiya pochv. MGU. M. 1983.
6. Tursunov L.T. "Tuproq fizikasi" Mehnat. T. 1988.
Yüklə 48,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin