GMO NING ZARARLI VA FOYDALI TOMONLARI Londonda joylashgan «Institution of Mechanical Engineers» (IME) o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, Yer yuzida yiliga 4 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning aksariyati turli qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadi. Ekspertlar hisoblab chiqishdi: bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan hosilning deyarli 30-50 foizi (1,2-2 mlrd. tonna) turli sabablarga ko‘ra yo‘qotilmoqda. Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida yetishtiriladigan donli ekinlarning 5 foizga yaqin qismi turli zararkunandalar oqibatida boy beriladi, bu ko‘rsatkich turli davlatlarda turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi, masalan, Misrda — 25-50 foiz, Polsha, Bolgariya, Germaniyada 5-14 foiz, Hindistonda 15 mln. tonna, Ukrainada 3,5-4,5 mln. tonnaga yetadi.
Qolaversa, qurg‘oqchilik, yovvoyi o‘simliklar va boshqa omillarni ham keltirish mumkin. Ularning ta’sirini qo‘shib hisoblaganda yo‘qotiladigan hosil miqdori yanada ortadi. Birgina Rossiya Federatsiyasida yovvoyi o‘simliklar ta’sirida 20 foizga yaqin hosil yo‘q bo‘ladi. Yuqoridagi omillarni hisobga olganda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasida muammolar yuzaga keladi. FAO tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Yer yuzidagi har yettinchi odam ochlikdan qiynalyapti. BMTning 2017-yilgi ma’lumotida Nigeriya, Janubiy Sudan, Yaman va Somali kabi davlatlardagi 20 mln. kishining ochlikdan halok bo‘lish xavfi borligi aytiladi. Hatto O‘zbekistonda ham 2 mln. nafarga yaqin inson (aholining 5,8 foizi) to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Yuqoridagi sabab va omillar soha mutaxassislari oldiga aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, buning uchun zarur o‘simlik navlari (ayni vaqtda yer yuzi aholi iste’mol qiladigan oziq-ovqatning 80 foizi 12 turdagi o‘simlikdan olinadi) va hayvon zotlarini yaratish, ularni yetishtirish biotexnologiyasini mukammallashtirish talabini qo‘ymoqda.
Ko‘pchilik biolog, ekolog, seleksioner va genetik mutaxassislar ushbu muammoni hal etishda turli begona o‘tlarga, zararkunandalarga, kimyoviy moddalar, qurg‘oqchilik, sovuq va boshqa cheklovchi omillarga bardoshli o‘simlik navlari va hayvon zotlarini yaratish, tabiiy seleksiya yo‘li bilan yaratish imkoni bo‘lmagan hollarda ularning genlarini modifikatsiya qilish orqali yaratishni mazkur muammoning yechimi sifatida ko‘rsatadilar.
O‘quvchilarga yanada tushunarli bo‘lishi uchun qo‘shimcha tushuntirishlar berishga harakat qilaman. Tabiiy seleksiya yo‘li degani tabiiy ravishda chatishtirish yo‘li bilan olinadigan o‘simlik navlari va hayvon zotlari olinishiga aytiladi. Masalan, o‘zbek olimlari tomonidan vilt kasalligiga chidamli «Toshkent 1», «Toshkent 2» kabi g‘o‘za navlari oddiy g‘o‘za navlarini yovvoyi g‘o‘za bilan chatishtirish orqali olingan. Yoki bug‘doyning qiltiriqsiz, qurg‘oqchilikka chidamli navlari, sersut Qozog‘iston oqboshi, go‘sht yo‘nalishida boqiladigan Shvits, Santa-Gertruda kabi qoramol zotlari, ko‘p tuxum qo‘yadigan rus oq tovug‘i, Zagorsk kabi zotlar ham ana shunday turdoshlarni o‘zaro chatishtirish orqali olinadi. Lekin organizmlar xromosomasining turlicha sonda bo‘lishi turlararo chatishtirish imkonini bermaydi. Masalan, siz hech qachon uzum bilan olmani chatishtirib yangi olma yoki uzum navini hosil qila olmaysiz, bunga ularning xromosomalar soni turlicha ekanligi yo‘l bermaydi. Yoki baliq bilan qoramol yoki itlarni ham chatirishtirib yangi zot yaratib bo‘lmaydi. Genetikaning fundamental qonunlari bunga imkon bermaydi. Ayni vaqtda ilm-fanning rivojlanishi ana shunday muammolarni bartaraf etish, o‘zaro chatisha olmaydigan uzoq turlarni o‘zaro chatishtirish, ularning genlarini o‘zaro almashtirish imkonini bermoqda.
Xo‘sh bu jarayon qanday sodir bo‘ladi? Keling, buni sizga nazariy bir misol bilan tushuntirib berishga harakat qilaman.