GMO nima va u qanday hosil qilinadi? GMO bu geni modifikatsiyalangan (o‘zgartirilgan) organizm bo‘lib, bakteriya, o‘simlik yoki hayvon organizmining qaysidir xususiyati genetik injeneriya usuli yordamida organizmga begona organizm genini kiritish yo‘li bilan o‘zgartiriladi. Bunday jarayonlar aslida tabiatda tabiiy holatda ham uchraydi, bu holatga transformatsiya yoki genlarning gorizontal ko‘chishi deb ataladi. GMO da esa ushbu jarayon odam tomonidan ko‘zlangan maqsad asosida hosil qilinadi.
GMOning qanday yaratilishini nazariy misol orqali tushuntiradigan bo‘lsak, tasavvur qiling, kundalik taom tayyorlashda ishlatadigan oshpiyoz, odatda -1oC da muzlab qoladi va uni muzlagandan keyin o‘z holiga qaytarib bo‘lmaydi. Uni endi ovqatga ishlatib bo‘lmasligini hamma uy bekalari juda yaxshi bilishadi, shu bois piyozlarni muzlab qolishdan saqlash choralari ko‘riladi. Chunki piyozning hujayralarida uning sovuqqa chidamliligi -1 darajagacha xolos deb belgilab qo‘yilgan. Uning genlariga xuddi ana shunday yozib qo‘yilgan. Xuddi mana shu piyozni -10 darajada ham muzlamaydigan qilishning imkoni bormi? Hozirgi genetik injeneriya bunga imkon beradi, qanday qilib? Masalan, Antarktidada yashovchi X baliq -8-9 oC sovuqda ham faol harakatlanib yuraveradi, ya’ni uning geniga baliq organizmi shu sovuq darajagacha chiday olishi yozib qo‘yilgan deylik. Olimlarning oldiga vazifa qo‘yiladi: baliqning o‘sha xususiyatini piyozga ko‘chirib o‘tkazish! Bu quyidagi 4 ta bosqichdan iborat:
Avvalo piyozning qaysi geni uning sovuqqa chidamliligini belgilashi qidirib topiladi. Xuddi shunday — X baliqning ham o‘sha geni qidirib topiladi va o‘sha genning o‘zi laboratoriya sharoitida baliq hujayrasidan ajratib olinadi.
Baliqdan ajratib olingan gen piyoz geniga kiritilishi uchun maxsus vektor konstruksiya deb nomlanuvchi jarayon tashkillashtiriladi. Bunda genni tashish uchun turli plazmidlar deb nomlanuvchi genetik strukturalardan foydalaniladi. Kerakli genni odamning o‘zi piyoz hujayrasidagi genga shundoqqina ko‘chib o‘tkazib qo‘ya olmaydi. Maxsus plazmidga kerakli gen biriktiriladi, plazmid esa uni bakteriya yoki virus yordamida hujayra ichiga olib kiradi.
Piyozning bitta hujayrasidagi sovuqqa chidamlilik geni maxsus usulda olib tashlanadi. Endi avvaldan yaratilgan vektor konstruksiya baliq genini piyoz hujayrasiga kiritadi va belgilangan joyga ulab qo‘yadi. Natijada piyozning ilgari -1 darajaga chidaydigan geni o‘rniga baliqning -8-9 darajaga chidaydigan geni oladi. Baliqning boshqa hech qanday xususiyati o‘tmaydi, hech qanday! Faqatgina sovuqqa chidamlilik genigina ko‘chib o‘tadi xolos. Shunday usulda hosil qilingan hujayra transgen hujayra deyiladi.
Mana endi o‘sha transgen hujayradan maxsus ozuqa muhitida biz bilgan butun piyoz o‘simligi hosil qilinadi. Uning ko‘rinishi, hidi, mazasi va boshqa hamma xususiyatlari avvalgi piyozning o‘zi, chunki boshqa genlariga tegilmagan. Lekin endi bu piyozimiz tabiiy sharoitda -8-9 darajali sovuqda qolib ketsa ham muzlab qolmaydi. Mana shunday yaratilgan piyozga biz transgen piyoz yoki geni modifikatsiyalangan organizm (GMO) deb ataymiz. Ushbu piyoz ko‘paytirilib, laboratoriya sharoitida qayta-qayta tekshiriladi va shundan keyin bozorga chiqariladi.