Bu muammolarni qanday hal qilish mumkin? Hukumatga ham, eksportchilarga ham qanday tavsiyalar bergan bo‘lar edingiz? — Hukumat GSP+ni imzolab qariyb mo‘jiza yaratib bo‘ldi. Bu mamlakat iqtisodiyoti va eksportchilar uchun «omadli lotereya chiptasi». Rivojlanish vektorlari, nazarimda, juda to‘g‘ri tanlangan.
Eksportni ilgari surish tizimini qayta ishlash kerak. Bu tizim doirasida har bir eksport loyihasiga yordam manzilli va «Yevropa bozoriga kirish chiptasi» narxini tushiradigan bo‘lishi kerak. Malakali eksportchilarning Yevropada jismonan hozir bo‘lishi ta'minlanishi kerak. Busiz eksport sohasida barcha boshlanmalar velosiped haydashni amaliyotda emas, darslikka qarab o‘rganishga o‘xshaydi.
Eksportchilarga davlat ko‘magi — jahon amaliyotida ommalashgan chora. Bu yo‘ldan borar ekan, O‘zbekiston bozor prinsiplaridan og‘ishmaydi. Boz ustiga, ko‘mak faqat boshlang‘ich bosqichlarda beriladi, keyinchalik davlat izchillik bilan yordamni kamaytira boradi.
Eng samarali yo‘l — butun jahondagi yirik xususiy va davlat tuzilmalarida muvaffaqiyatli foydalanib kelinayotgan «geyt tizimi» deb ataluvchi tizimdan foydalanish. Yondashuv mantig‘i: har bir loyiha natijalarini monitoring qilish va bir qator asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha natijalar loyihaning yo‘l xaritasiga mos kelishini tekshirish. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta'minlaydi. Bu holatda davlat ko‘magi sifatida berilgan mablag‘lar foydadan qaytarilishini nazarda tutish real bo‘ladi. Odatda loyihalar monitoringi hamda eksportchilarga uslubiy ko‘mak bilan shug‘ullanuvchi shu kabi Loyiha qo‘mitalari xalqaro nufuzga ega bo‘lgan sohaviy ekspertlarni taklif etishadi.
Darvoqe, Loyiha qo‘mitasida nufuzli xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda «eksport loyihalari fabrikasi»ni yaratish Xalqaro investorlarda O‘zbekiston haqida yaxshi taassurot uyg‘otishiga xizmat qiladi.
Fikrimcha, agar Hukumat shu yo‘ldan yuradigan bo‘lsa, natijalar juda tez orada bo‘y ko‘rsatadi va Pokistonning «iqtisodiy mo‘jiza»sini nafaqat takrorlash, undan o‘zib ketish ham mumkin.
Agar endi-endi Yevropaga chiqishni rejalashtirayotgan potensial eksportchilarga tavsiyalar haqida gapiriladigan bo‘lsa, bitta intervyuda barcha fikrni aytib bo‘lmaydi. Lekin tajribamizdan kelib chiqib eng asosiylarini sanab o‘tsam bo‘ladi.
Birinchisi, qaror qabul qilishni cho‘zmang. Tezroq, qat'iyat va izchillik bilan harakat qiling.
Ikkinchidan, harakatga tushishdan avval raqobatga oid chuqur tahlil qiling. Uni ham tezroq va oqilona bajaring. O‘zingizning 10ta asosiy raqobatchingiz va 10ta eng qimmatli potensial xaridorlaringizni tanib olib, tushunishga harakat qilgan holda. Ular bilan suhbatlashing va mazmunli qayta aloqaga ega bo‘ling. Shundan so‘ng quyidagi savolga javob izlang: nega sizning potensial xaridorlaringiz raqobatchingiz bilan amaldagi shartnomasini buzib, siz bilan shartnoma imzolashi kerak? Mana shu savolga javob topilgan zahoti bozorga qo‘rqmay chiqaverish mumkin. Butun tayyorgarlik 3 oydan oshmasligi kerak.