Transfert bahoga nisbatan qiymatli yondashuvning vazifasi korxona mijozlarining rag’batlantirilishidan iborat emas. Bunday natijaga bahoga katta chegirmalar berish hisobiga ham erishish mumkin, lekin qiymatli yondashuv korxona uchun sotishlar hajmini tobora avj olishi hisobiga emas, balki "qiymat – xarajatlar" nisbatining mutanosibligiga erishish hisobiga foyda olishni ta’minlashi kerak.
Transfert bahoni shakllanishi mehnat bozorida raqobatda bo’lgan boshqa korxonalar ta’siriga ham, bog’liq. Shu bois, korxonaning baho siyosati buxgalterlar, moliyachilar, marketologlar, menejerlar va bozorni o’rganuvchi axborot xizmatchilarining doimiy hamkorligi natijasida tug’iladi va takomillashadi. Bunday sharoitda baho siyosatini shakllantirish korxonaga foyda, xaridorga esa ko’proq naf keltirishi lozim.
Nazarimizda, transfert bahoni shakllantirishda mahsulotning zararsiz sotilishini belgilash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mahsulotni zararsiz sotish bahosini quyidagi formula yordamida aniqlaymiz:
Ostonaviy tushum
Zararsizlik bahosi = ------------------------------------------------------
Ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi
Yuqorida ta’kidlangan zararsizlik bahosini aniqlash uchun quyidagi misoldan foydalanamiz.
1-misol. "Shahrixonsut" HJning 2019 yilgi faoliyatini izohlaydigan quyidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Sotishdan olinadigan tushum, so’m 358 357
O’zgaruvchan xarajatlar, so’m 288 916
Marjinal daromad, so’m 69 441
Doimiy xarajatlar, so’m 45 568
Operatsion foyda, so’m 23 873
Ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi, dona 205
Birinchi navbatda, ostonaviy tushumni belgilab olish uchun quyidagicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi:
1. Marjinal daromad hajmini topamiz:
358 357 – 288 916 = 69 441
2. Marjinal daromad koeffitsientini chiqarib tashlaymiz:
69 441 : 358 357 = 0,19
3. Ostonaviy tushum (zararsizlik nuqtasi)ni aniqlaymiz:
45 568 : 0,19 = 239 832
Ostonaviy tushumni hisoblab topgach, uning yordamida mahsulotni zararsiz sotish bahosi aniqlanadi:
239 832 : 205 dona = 1 170
Demak, mahsulotni bir birligini sotish bahosi 358 357 : 205 dona = 1748 so’m bo’lsa, bir birlikka to’g’ri keladigan foyda summasi 578 (1748 - 1170) so’mni tashkil etadi.
Baho ishlab chiqarish bilan bog’liq barcha xarajatlarni qoplashi va korxonaga foyda keltira boshlashiga imkon berish uchun uni sotiladigan mahsulotga qanday belgilash lozim? Bu savolga javob berish uchun quyidagi misoldan foydalanamiz.
2-misol. Korxona 5000 dona mahsulot sotishni rejalashtirgan, bir birlik mahsulotni ishlab chiqarish va sotish uchun sarflangan o’zgaruvchan xarajatlar 1600 so’mni tashkil etadi. Doimiy xarajatlar – 2 000 000 so’m. Korxona 3 000 000 so’m miqdorida foyda olishni mo’ljallagan. Mahsulotni qanday bahoda sotish kerak?
1. Dastlab, marjinal daromad hajmini aniqlaymiz. Buning uchun doimiy xarajatlarga foydaning rejalashtirilgan hajmini qo’shamiz.
2 000 000 so’m + 3 000 000 so’m = 5 000 000 so’m
2. Bir birlik mahsulotga to’g’ri keladigan marjinal daromad summasini topish uchun yalpi marjinal daromad summasini sotiladigan mahsulotlar miqdoriga bo’lamiz:
5 000 000 so’m : 5000 dona = 1000 so’m.
3. Mahsulot birligi bahosini aniqlash uchun o’zgaruvchan xarajatlar orqali hisoblangan marjinal daromad summasiga doimiy xarajatlar va foydani qo’shish natijasida aniqlangan marjinal daromad summasini qo’shamiz:
1600 so’m + 1000 so’m = 2600 so’m
Zararsizlik bahosini tahlil qilishga doir yuqorida keltirilgan formulalar mahsulotning belgilangan hajmini sotish jarayonida foydaning ma’lum darajasiga erishish uchun sotishning zararsiz bahosini aniqlashga ko’maklashadi.
Demak, moslashuvchan transfert baho siyosatini yuritish va unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni chuqur tahlil qilish iste’molchilarni rag’batlantirish hamda tovar bozoridagi raqobatda ustunlikka erishish imkonini beradi.