Mehnat haqi turlari - ishchi va xizmatchilarga hisoblanadigan mehnat haqi hisoblanish yo’nalishiga qarab turlarga bo’linadi. Asosiy mehnat haqi va qo’shimcha mehnat haqi bo’lishi mumkin.
Moliyaviy byudjet – sotish hajmi va tannarxi, daromad va xarajatlarning nisbati, sof foyda, o’z mablag’laridan samarali foydalanish, investitsiya qo’yilmalarining qoplanish muddati kabi ko’rsatkichlar to’g’risidagi axborotlarni umumlashtiruvchi byudjet shakli.
Moliyaviy (portfelli) investitsiyalar – qimmatli qog’ozlar va boshqa moliyaviy qo’yilmalarga sarflangan xarajatlar.
Monopoliya- ishlab chiqarish, savdo, hunarmandchilik va boshqalar yuzasidan istisnoli huquq bo’lib, bir shaxsga, ma’lum bir shaxslar guruhiga yoki davlatga tegishli bo’lishi mumkin.
Qaysidir faoliyat sohasida ma’lum bir o’ringa ega yirik firma monopoliya deyiladi. Bozorning monopolik tuzilmasi bir tadbirkor mahsulot yoki xizmat turi bo’yicha bozorda hal qiluvchi o’ringa va nazorat qila olish holatiga ega bo’lganda vujudga keladi.
Monopolizm deb, tadbirkor sub’ektlarning mulkchiligini o’z raqobatchilari bilan, ular ehtiyojlarini hisobga olmagan holda, birlashtirishdagi iqtisodiy munosabatlarga aytiladi.
Muomala xarajatlari - tovar ayirboshlanish jarayoni bilan bog’liq xarajatlar bo’lib, uning turlari mavjuddir: oldi-sotdi jarayonidagi xarajatlar va muomala jarayonida ishlab chiqarish sohasini davom ettirish bilan bog’liq xarajatlar.
Muomala xarajatlari tovar ayirboshlashga nisbatan (muomala xarajatlari doirasi) foiz hisobida va summada rejalashtiriladi. Muomala xarajatlari iqtisodiy mazmuniga ko’ra sof va qo’shimcha muomala xarajatlariga, tovar aylanishi hajmiga ko’ra shartli o’zgaruvchan va shartli o’zgarmas muomala xarajatlariga, sodir bo’lish muddatiga ko’ra hisobot davri va hisobotlar davri orasidagi xarajatlarga bo’linadi. Aksariyat tarmoqlari bo’yicha esa, ulgurji savdo, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va tayyorlov (qishloq xo’jalik mahsulotlarini) xarajatlariga bo’linadi.
Sof xarajatlarga tovarni sotib olish va realizatsiya qilish bilan bog’liq xarajatlar kirsa, qo’shimcha xarajatlarga tovarlarni saqlash va joylash bilan bog’liq xarajatlar misol bo’ladi.
Shartli o’zgarmas xarajatlarga asosiy vositalarning amortizatsiyasi, bino va inshoatlarni, jihozlarni saqlash xarajatlari va boshqalar kirsa, shartli o’zgaruvchan xarajatlarga transport xarajatlari, ishchi va xizmatchilarga to’lanadigan mehnat haqi xarajatlari va boshqalar kiradi.
Hisobot davridagi xarajatlarga shu hisobot davridagi xarajatlar kirsa, hisobotlar orasidagi xarajatlarga esa, kelgusi davr xarajatlari (3100 hisobvaraq), kelgusida qilinadigan xarajat va to’lovlar bo’yicha zahiralar (8910 hisobvaraq) misol bo’ladi.
Savdo tarmoqlari turi bo’yicha muomala xarajatlari yuqorida sanab o’tilgandagi tarmoqlar xususiyatidan kelib chiqadi.
Neustoyka - qonunda yoki shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik yoki sifatsiz bajarilishi holatlarida kreditorlarga qarzdor to’lashi kerak bo’lgan summa (qarang - penya, jarima).