Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B. Muxametov, A. A. Abduvohidov buxgalteriya hisobi



Yüklə 2,01 Mb.
səhifə380/524
tarix30.09.2023
ölçüsü2,01 Mb.
#150972
1   ...   376   377   378   379   380   381   382   383   ...   524
Guliston davlat

Rejalashtirish. Ko’pchilik hollarda, boshqaruv qarorlari bo’yicha rejalar ishlab chiqarish dasturini tayyorlash jarayonida shakllantiriladi va byudjetlarni tuzishda mazmunan aniqlashtiriladi.
Muvofiqlashtirish. Korxonaning har bir javobgarlik markazi boshqa javobgarlik markazlari ish jarayoniga ta’sir etadi va ularning faoliyatiga bog’liq bo’ladi.
Byudjetlarni tayyorlashda alohida faoliyat turlari o’zaro muvofiqlashtiriladi, bunda barcha bo’linmalar kelishuv asosida, korxona umumiy maqsadidan kelib chiqib faoliyat ko’rsatadi. Bu holatda ishlab chiqarish rejasini marketing bo’limi rejasi bilan muvofiqlashtirish, jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlar miqdorini rejalashtirilgan sotish hajmi va tayyor mahsulotlar qoldig’i bilan taqqoslash asosiy talablardan hisoblanadi. Xomashyo va materiallarni sotib olishni rejalashtirishda ishlab chiqarish byudjetida ifodalangan mahsulot ishalb chiqarishga bo’lgan talab tahlil qilinadi.
Ishlab chiqilgan rejalar barcha qatnashchilar ularning shartlari bilan to’liq tanishib olmaguncha amalga oshirilmasligi lozim.
Rejalar quyidagi bo’limlardan iborat bo’ladi:
– qancha mahsulot (tovar, ish va xizmatlar) ishlab chiqariladi;
– ishlab chiqarishda qatnashadigan xodimlar, foydalaniladigan usullar va asbob-uskunalar to’g’risida ma’lumotlar;
– qancha xomashyo va materiallar sotib olinadi;
– sotish bahosi qanday belgilanadi, kelgusida qanday cheklovlarga rioya qilinadi va h.k.
Ushbu ma’lumotlar reklama, texnik xizmat ko’rsatish, ma’muriy va mehnatga haq to’lash xarajatlarini rejalashtirish hamda mahsulot sifatini samarali boshqarishga imkon beradi.
Rag’batlantirish. Byudjetlarni tuzish jarayoni javobgarlik markazlari rahbarlari maqsadini amalga oshirishda muhim rag’batlantirish vositasi bo’lishi mumkin.
Byudjetlarning rag’batlantirish roli ko’proq menejerlarni o’z bo’linmalarida byudjetlarni tuzish jarayonida faol qatnashishlarida namoyon bo’ladi.
Nazorat. Puxta tayyorlangan byudjetlar haqiqiy erishilgan ko’rsatkichlarni tahlil qilishda muhim manba hisoblanadi, shuningdek, ular byudjetlarni tuzish jarayonida kutilgan barcha o’zgarishlar natijalarini baholashni o’z ichiga oladi.
Hozirgacha korxonalar amaliyotida joriy natijalar o’tgan yil natijalari bilan taqqoslanib kelingan. Ko’pgina korxonalar ayni paytda ham taqqoslashning asosiy vositasi sifatida ushbu usuldan foydalanmoqda. Ammo bu tarixiy usul joriy yil uchun rejalashtirilgan rivojlantirish dasturidagi o’zgarishlarni aks ettirmaydi.
Haqiqiy ko’rsatkichlarni byudjet ma’lumotlari bilan taqqoslash boshqaruv faoliyatida asosiy e’tiborni qaysi jihatlarga qaratish zarurligini belgilab beradi.
Haqiqiy erishilgan natijalar bilan byudjet ma’lumotlari o’rtasidagi chetlanishlar tahlili quyidagi afzalliklarga ega:
– korxona faoliyatidagi eng avval hal qilinishi lozim bo’lgan muammoli jihatlarni aniqlashga ko’maklashadi;
– byudjetlarni tuzish jarayonida o’rganilmagan yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga yordamlashadi;
– bosh byudjetdagi mavjud nomuvofiqliklarni ochib beradi.
Baholash. Har oyda byudjetlardagi chetlanishlarni aniqlash butun hisobot davri uchun nazorat maqsadlariga xizmat qiladi. Hisobot davri haqiqiy natijalari bilan byudjet ma’lumotlarini taqqoslash yil oxirida javobgarlik markazlari va ular rahbarlari faoliyatiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni baholash imkonini beradi.
Malakani oshirish. Byudjetlar menejerlarning malakasini oshirishda ham ijobiy samara beradi, ya’ni, menejerlar byudjetlarni tuzishda o’z bo’linmalari faoliyati to’g’risidagi batafsil ma’lumotlarga, shuningdek, javobgarlik markazlari o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni chuqur tahlil qilish imkoniyatiga ega bo’lishlari mumkin. Bu esa korxona javobgar markazlariga mas’ul shaxslarni tayinlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Byudjetlashtirish samarali boshqaruv usullaridan hisoblanib, quyidagi xususiyatlarga ega:
– korxonaning faoliyati bilan bo’linmalar faoliyatini kompleks rejalashtiradi;
– byudjetlashtirish loyihasini ishlab chiqish imkonini yaratadi;
– tuzilgan biznes-rejani tasdiqlaydi;
– o’zgarib turuvchi ichki va tashqi salbiy omillarni bartaraf etishga ko’maklashadi.
Bozor munosabatlari sharoitida korxonalar kelgusida daromadlarini oshirishlari uchun o’zlarining faoliyatlarini istiqbolli rejalashtirishlari zarur bo’ladi. Uning asosini byudjetlashtirish tashkil etadi.
Boshqaruv hisobining asosiy vazifasi hisoblangan va boshqaruv nazoratini ta’minlashda muhim bo’lgan rejalashtirish jarayoni quyidagi tamoyillarga tayanadi:
– korxona tomonidan ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirish uchun o’pta va uzoq muddatli rejalarni amalga oshirish uchun maxsus dasturlar tuzish;
– zarur byudjet (smeta)larni ishlab chiqish. Byudjetlarni ishlab chiqish korxona tuzadigan rejalar asosli bo’lishi va ularni amalga oshirish uchun etarli moddiy mablag’lar mavjud bo’lishi aniqlashga yordam beradi.
Odatda, rejalashtirish jarayoni amal qilish vaqtiga muvofiq uzoq, o’rta va qisqa muddatli, qo’yilgan maqsadga ko’ra esa operativ, taktik va strategik rejalashtirishga bo’linadi.
Tezkor yoki qisqa muddatli rejalashtirish tizimi kun, hafta, dekada, oy, chorak yoki bir yil davomida amalga oshiriladi. Bu rejalar bosh dastur asosida ishlab chiqilib, aniq maqsad va yo’nalishga ega bo’ladi, ularni bajarishda turli xil usullar qo’llaniladi. Tezkor rejalar korxona asosiy maqsadini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan taktik rejalarni ifoda etadi. Ular jumlasiga ishlab chiqarish rejasi, umumishlab chiqarish xarajatlari rejasi, moddiy-texnika ta’minoti rejasi kabilar kiradi.
Taktik yoki o’rta muddatli rejalashtirish 3-5 yil muddatni qamrab olib, korxonaning uzoq muddatli maqsadlarga mo’ljallangan dasturlarini ishlab chiqish yordamida amalga oshiriladi. Mazkur rejalashtirishda korxona maqsadining resurslar bilan bog’liq jihatlari tahlil qilinadi va turli xil moliyaviy ko’rsatkichlar o’rtasidagi mutanosibliklar aniqlanadi.
Strategik yoki uzoq muddatli rejalashtirishda korxonaning 5-10 yil muddatga belgilangan rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqiladi. Bu kontseptsiya korxonani bozorda barqaror holatni saqlash va o’z segmentiga ega bo’lish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, to’lov qobiliyatini yaxshilash, foydani eng yuqori darajaga olib chiqish va rentabellikni oshirish kabi strategik maqsadlariga erishishini ta’minlaydi. Strategik rejalar biznesni va tashkiliy tuzilmani belgilash, aniqlab olish bo’yicha tuziladigan bosh rejalar hisoblanib, alohida ehtiyoj bo’lmasa qayta tuzilmaydi. Ularga yangi texnologiyalarni joriy etish, yangi bozorlarni o’rganish va xaridorlarni jalb qilish kabilarni kiritish mumkin.
Uzoq va o’rta muddatli rejalar korxona strategiyasini, qisqa muddatli rejalar esa taktikasini amalga oshirishga ko’maklashadi.
Biznes-rejalashtirishni amalga oshirishda quyidagi tamoyillarga asoslaniladi:
– biznes-rejalashtirishning uzluksizligi;
– qo’yilgan maqsadga erishish yo’llaridan eng maqbulini tanlashga imkon beruvchi ko’p variantlilik;
– korxona xodimlarini rejalashtirishga to’liq jalb etilishini ta’minlovchi ishtirok etishlilik.
Biznes-reja nazarda tutilgan biznesning qisqa va tushunarliligini, belgilab olingan asosiy vazifalarning to’g’ri echimlarini topishga imkon beruvchi muhim quroldir.
Biznes-reja quyidagi tuzilmaga ega:
1) biznes kontseptsiyasi;
2) hozirgi vaqtdagi vaziyat va korxona haqidagi qisqacha axborot;
3) biznes ob’ekti tavsifi;
4) bozorni taktik tihlil etishning mavjudligi;
5) tashkiliy reja, shu jumladan, huquqiy ta’minot;
6) xodimlar faoliyati va boshqaruv;
7) ishlab chiqarish rejasi;
8) marketing rejasi;
9) yirik tavakkalchilik va xavf-xatarlar;
10) moliyaviy reja va moliyaviy strategiya.
Biznes-reja ko’zda tutilgan biznesni asoslash va muayyan vaqt mobaynidagi natijalarni baholash uchun mo’ljallanadi.
Biznes-reja faoliyat yo’nalishini belgilab olishga va biznes boshqarishga imkon beruvchi harakat hisoblanadi. Shu sababli, uni ichki xo’jalik rejalashtirilishining uzviy qismi yoki ijro va nazorat uchun amaliy qo’llanma sifatida e’tirof etish mumkin.
Korxonalarda biznes reja investitsiyalarni yuqori daromad keltiradigan sohalarga yo’naltirishda ijobiy samara beradi. Shu jihatdan u investorlar uchun biznesni moliyaviy mablag’lar bilan ta’minlashning qudratli vositasi bo’lib xizmat qiladi.
Biznes-reja nazarda tutilgan biznes muvaffaqiyatini kafolatlashi va korxonaning tavakkalchilikka tayyorligini ta’minlashi kerak.
Yuqorida ta’kidlanganidek, biznes rejalashtirish – bu mahorat va san’atni talab qiluvchi jiddiy jarayondir.
Biznes rejalashtirishni jarayon sifatida amalga oshirish uchun quyidagi asosiy tamoyillarga rioya qilish lozim:
– korxona faoliyat ko’rsatayotgan muhitdagi o’zgarishlarga doimiy moslashuvchanlik;
– rejalashtirishning moslashuvchanlik xususiyatlarini nazarda tutuvchi uzluksizlik;
– manfaatlar muvofiqligi va integratsiyasiga asoslangan aloqadorlik;
– biznes-rejaning avval tuzilgan bo’limlarini umumlashtirish asosidagi takrorlanuvchanlik;
– qo’yilgan maqsadga erishishning muqobil imkoniyatlardan eng ma’qulini tanlab olishga imkon beradigan ko’p variantlilik;
– korxona barcha xodimlarini rejalashtirishga jalb etish nuqtai-nazardan jarayonni muhimligini nazarda tutuvchi ishtirok etish tamoyili;
– rejalashtirish jarayonida real muammolar va o’z-o’ziga baho berishni aks ettirishning aynan bir xilligi.
Biznes-rejalarning quyidagi o’ziga xos xususiyatlari va afzalliklari mavjud:
– o’zaro bog’liqlik munosabatlari bo’yicha: bunda ikkita mustaqil biznes-reja qiyosiy jihatdan tahlil qilinadi va ulardan muqobil hamda yuqori daromad keltiradigani tanlab olinadi;
– kutilayoggan daromad bo’yicha: xarajatlarni qisqartirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va texnologiyalarni yangilash hisobiga qo’shimcha daromad olish, bazorda munosib o’ringa eta bo’lish, biznesning yangi sohalarini o’zlashtirish, ijtimoiy samara va sifatga erishish;
– tashkiliy ishlar bo’yicha: aniq maqsadni belgilash, bozorni tadqiq etish va yuqori imkoniyatga ega loyihalar asosida rivojlanish yo’nalishlarini ishlab chiqish.
Ta’kidlash lozimki, texnik-iqtisodiy asoslanish (TIA) ham ko’p jihatdan biznes-rejaga yaqin turadi. Undan biznes-rejaning asosiy farqi strategik yo’nalishi va tadbirkorlik xususiyatida hamda korxona ichki imkoniyatlarini tashqi muhit ta’siridagi ishlab chiqarish, moliyaviy faoliyatning bozor xususiyatlari bilan o’zapo birikuvida namoyon bo’ladi.
Amaliyotda ko’pgina hollarda biznes rejalashtirish asossiz ravishda ichki xo’jalik rejalashtirilishi bilan bir xil deb qaraladi. Ammo, ular orasida quyidagi tavfovutlar mavjud:
– ichki xo’jalik rejalashtirishidan farqli o’laroq, biznes- rejalashtirish korxona umumiy maqsadini emas, balki faoliyatning yangi turini rejalashtirish yoki biznes-rejaning mazmunini aniqlovchi eng muhim vazifalarni qamrab oladi. Biznes-reja, asosan, korxona rivojlanish strategiyasi va taktikasini ishlab chiqishga mo’ljallanadi, ichki xo’jalikni rejalashtirish esa yuqoridagilardan tashqari joriy va istiqbolli faoliyatning xilma-xilligini ham o’z ichiga oladi;
– biznes-reja, odatda, bajarilishi muayyan muddatlar bilan belgilangan innovatsion loyihalarga ishlab chiqiladi, bu muddatlar tugashi bilan loyiha ustida olib borilayotgan ish tugallanadi. Ichki xo’jalik rejalashtirishi korxonani boshqarishning barcha davrlarida uzluksiz amalga oshiriladi. Bunda davriy va yillik rejani bajarish mobaynida tegishli tuzatishlar kiritilgandan keyin navbatdagi rejani amalga oshirishga o’tiladi va h.k. Biznes-reja nafaqat aniq, balki yanada torroq chegaralarga ega, har qanday ichki xo’jalik rejasi esa bunday aniq cheklovlarga ega bo’lmaydi;
– biznes-reja tadbirkorlar yangi faoliyatni boshlashi va mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur resurslar, avvalambor moliyaviy pesurslarga ega bo’lish, shuningdek, ishonchli sheriklar qidirib topish, asosiy moliyaviy ko’rsatkichlarni puxta tahlil qilishni talab etadi, bunda nafaqat ichki xo’jalik-ishlab chiqarish faoliyati, balki kredit, moliyaviy va bank tizimlarida tavakkalning mavjud darajasi hisobga olinadi. Ichki xo’jalik rejalari ko’proq xususiy ravishda foydalanish uchun, biznes-rejalar esa investorlar va kreditlar olish uchun zarur xolos;
– biznes-rejalar korxona rahbariyati ishtirokida ishlab chiqiladi. Ichki xo’jalik rejalashtirishini amalga oshirish bilan esa korxonaning tajribali menejerlari va bo’linmalar mutaxassislari shug’ullanadilar.
Ichki xo’jalik rejasini ishlab chiqishda har bir tadbirkorning shaxsan ishtiroki nafaqat real strategik va tezkor maqsadni ishlab chiqishga imkon tug’diradi, balki kelajakda xarajatlar va daromadlarni solishtirish asosida biznes-loyihani bajarishning eng mukammal shaklini tashkil etishni ham ta’minlaydi.



Yüklə 2,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   376   377   378   379   380   381   382   383   ...   524




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin