Guliston davlat universiteti sirtqi bo’limi iqtisodiyot (tarmoql
Jahon amaliyotida loyihaviy moliyalashtirish ostida ko’pincha moliyalashtirishni tashkil qilishning shunday turi nazarda tutiladiki, unda loyihani sotishdan olingan daromadlar qarz majburiyatlarini to’lashning yagona manbai bo’ladi. Shunga qaramay har xil mamlakatlarda “loyihaviy moliyalashtirish” atamasi har xil talqin qilinadi. Masalan, AQSHda uning ostida moliyalashtirishni shunday tashkil qilish tushuniladiki, unda investitsion loyihalarning katta qismi ta’sischining shaxsiy mablag’lari hisobiga moliyalashtiriladi, loyihani sotishda daromad qarz majburiyatlarini to’lashning yagona manbalaridan bo’ladi.
Evropada bu atama loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan moliyaviy resurslarni taqdim etishning har xil variantlari va yo’llariga nisbatan qo’llaniladi. Keyingi vaqtda “loyihaviy moliyalashtirish” atamasi ham banklar tomonidan taqdim etiladigan kreditlarga va ham vositali byudjetli qo’llab-quvvatlashga, har xil davlat tashkilotlari, investitsion fondlar, sug’urta kompaniyalari va boshqa manfaatdor sarmoyadorlarning qo’llab-quvvatlashiga asoslangan moliyaviy va tijorat operatsiyalari tizimiga nisbatan qo’llaniladi[1].
O’zbekiston iqtisodiy holatining innovatsiyalar bilan o’zaro bog’liqligini quyidagi asosiy jihatlarda ko’rish mumkin, ya’ni innovatsiya faoliyatining milliy iqtisodiyotga ta’sirini tadqiq etish nuqtai nazaridan davlatning moddiy asosi sifatida butunligicha ko’rish; innovatsiyalarning alohida korxona faoliyatiga ta’sirini tahlil qilishda alohida bozor subyekti sifatida qarash; innovatsiya siyosatini amalga oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy natijalarini o’rganish.
O’zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida innovatsiyalar, avvalo uning barqaror o’sishi uchun zarurdir. Yangi texnologiyalarga investitsiyalar raqobatbardosh, yuqori talab bilan iste’mol etiladigan tovarlar ishlab chiqarishga yordam beradi.
Mamlakat iqtisodiyoti va iqtisodiyot subyektlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko’rsatishning asosiy vositalaridan biri – davlat iqtisodiy siyosatining bo’g’inlaridan hisoblanuvchi innovatsiya siyosatidir. Davlat innovatsiya siyosati yordamida bevosita ishlab chiqarish hajmi sur’atlari oshishiga, fan-texnika taraqqiyoti tezlashishiga, ijtimoiy ishlab chiqarish tuzilishi o’zgarishi, ijtimoiy muammolarni hal qilishga ta’sir o’tkaza oladi.