Agressiya va frustratsiya. Frustratsion agressiya nazariyasi. Z.Freydning o‘limidan so‘ng 1939 yilda Yelsk universiteti psixologlar jamoasi agressiv xulq-atvor haqida tadqiqot olib borib, unda: “Agressiya bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri frustratsiya oqibatidir” degan farazni ilgari surdilar. Dollard va uning izdoshlarini ta’kidlashicha, frustratsiya, deprivatsiya, g‘azablangan, tahdid ostidagi odamlar o‘zlarini agressiv tutadilar, chunki agressiya bu tabiiy deyarli avtomatik reaksiya demakdir. “Frustratsiya-agressiya” farazi o‘zining soddaligi va muhim ahamiyatga egaligi bilan ko‘plab izdoshlarga ega bo‘ldi, shu o‘rinda tanqidiy munosabatlarga ham uchradi. Psixologlarning ta’kidlashicha, faqatgina frustratsiya nimadan iborat ekanligini hal qilish emas, balki qanday o‘lchov asosida aniqlanishini ham o‘rganish muhimdir.
Olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, agressiya murakkab fenomen ekanligi, frustratsiya natijasida vujudga kelmasligi aniqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, insonlar frustratsion holatdan har xil ta’sirlanadilar, ba’zi kishilar haqiqatdan agressiya bilan javob qaytarsalar, boshqalar ta’sirotning keng diapazonlarini namoyon qiladilar. Leonard Berkovitsning fikricha, frustratsiya holatida individda dastlab g‘azab qo‘zg‘alib, so‘ng uning oqibatida agressiv xulq-atvor yuzaga keladi. Qisqasini aytganda, frustratsiya agressiv harakatlarni namoyon bo‘lishini osonlashtiradi. Xulq-atvor ochiq (jismoniy yoki verbal) yoki yashirin yopiq (birovning o‘limini xohlash istagida bo‘lish) holatda bo‘lishi kuzatiladi. Agressiv harakatga faqatgina g‘azab emas, balki agressiv hissiyotlar, og‘riq yoki yoqimli holatlar ham ta’sir ko‘rsatadi. “Frustratsiya-agressiya” farazining muhim komponentlaridan biri, g‘oyat yaxshi natijalarni kutishdir. Qachonki, xulq-atvor maqsadga erishishga qaratilsa, uning oqibati frustratsiyaga olib kelishi mumkin. Masalan, oddiy yashab, kamsuqum umr kechiruvchi odamlar frustratsiyaga tushmaydilar, chunki ular hashamatli uy, mashina, yuqori lavozimlarni orzu qilib kutmaydilar, qachonki ularda bu narsalarga umid uyg‘otilsa, u holatda frustratsiya holatiga tushishlari mumkindir. Berkovits agressiya faqatgina frustratsiyaga ko‘rsatilgan reaksiyalardan biri bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Frustratsiya-agressiya farazi shunday qilib, quyidagi tartibda ifoda etiladi.
1. Qo‘zg‘atuvchi ta’siri
2. G‘azabni qo‘zg‘atuvchi frustratsiya holati yuzaga keladi.
3. G‘azab agressivlikka moyillikni uyg‘otadi yoki agressiv holatni keltirib chiqaradi.
Frustratsiyaga uchragan individ agressiv harakatlarni qilish, qilmasligi uning bilim saviyasiga, voqelikni qanchalik to‘g‘ri qabul qilishiga, frustratsiyaga individual ta’sirlanishiga bo‘g‘liq bo‘ladi