1. Nosog‘lom oila muhiti. Bu kabi oilalarda ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi munosabatning ijobiy, psixologik iqlimda emasligi, farzandlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, oiladagi mojarolar, nizolar, oilaviy hamohanglikni mavjud emasligi, bolalarda agressiv xulq-atvorni shakllanishiga olib keladi. Bolalardagi agressivlikning namoyon bo‘lishi oilaviy muhitning ta’sir darajasiga bog‘liq hisoblanadi.
2. Tengdoshlar guruhi. Bolalar oiladan tashqarida o‘z tengqurlari bilan bo‘lgan munosabatda ham agressiv xatti-harakatlarni o‘zlariga singdiradilar. Ko‘pgina hollarda bolalar tengdosh do‘stlarining xatti-harakatlarini kuzatgan tarzda o‘zlarini agressiv boshqarishga urinadilar. Haddan tashqari agressiv bolalar o‘z tengdoshlari orasidan siqib chiqariladilar. Bunday bolalar o‘zlarini xo‘rlangandek his qilib, o‘zlari kabi agressiv bolalar guruhidan joy topadilar, bu esa muammoning ustiga yana muammo tug‘dirmasdan qolmaydi.
3. Ommaviy axborot vositasi. Bugungi kunda bolalarga ta’sir etayotgan eng kuchli quroldir. Bu borada internetning ta’siri kuchayib bormoqda. Bolalar internet aloqalari orqali o‘zlarining xususiyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar bilan ham tanishmoqdalar. SHu o‘rinda oynai jahon orqali namoyish etilayotgan turli jangari filmlar, ko‘rsatuvlar ham bolalarda agressiv xususiyatlarni tarkib topishiga ta’sir qilmoqda.
Bir qator psixologlarning ta’kidlashicha, oiladagi iqlim, ota-ona o‘rtasidagi munosabat, oilaviy hamohanglik yoki aksincha kelisha olmaslik, opa-singillari, aka-ukalari bilan yaqinlik darajasi, farzandi tomonidan qilingan noto‘g‘ri, yanglish xatti-harakatlarga nisbatan ota-onaning ta’sirlanishi oilada shakllanib kelayotgan bolani agressiv xatti-harakatlarini belgilab beruvchi omillar bo‘lib hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda har yili uch mingdan besh minggacha bolalar o‘z ota-onalarining ularga nisbatan qaratilgan shafqatsiz munosabatlarning natijasining qurboni bo‘lmoqdalar. SHu bilan bir qatorda 16% bolalar o‘z aka-opalari tomonidan jismoniy jazo usuli: ya’ni savalash, kaltaqlash bilan jazolanmoqdalar. Aniqlanishicha, AQSHda o‘gay ota-onalar bir yilda 400 marta jinoyat sodir etadilar. Ular o‘z farzandlarini o‘limiga sababchi bo‘layotganliklari achinarli holdir.
Agressiyaning faol shakllari, birinchi navbatda, ijtimoiylashuv, tarbiya sharoitlari bilan belgilanadi. R.S.Sire, Y.Y.Makkobi, K.Levin o‘z tadqiqotlarida bolada agressiv xulq-atvorni belgilovchi ikki asosiy omilni ochib beradilar: kechirimlilik (kechirimlilik deganda ota-onalarning bolalarni barcha xatti-harakatlarini kechirishga moyilliklari, bolani tushunish va qabul qilishlari nazarda tutiladi) va bolaning agressiv xatti-harakatlari uchun ota-onalar tomonidan o‘ta qattiq jazo qo‘llanilishi.
Birinchi omil ta’siri xususida aksariyat olimlar qarashlarida hamjihatlik kuzatiladi. Masalan, G.Eberleyn agressivlikni “mehr va e’tibor, talab bolaning tushkunligi” deb ta’riflaydi.
Ikkinchi omilga nisbatan esa fikrlar turlicha, ba’zi bir mualliflar jazoning qattiqligi agressivlikni vujudga keltiradigan asosiy sabablardan biri desalar, boshqa birlari turli madaniyatlardagi jazo choralari har xil oqibatlarni keltirib chiqarganliklarini misol qiladilar.