LINGVOPOETIST METODI Bu metod ikki etapdan iborat. Birinchi etapda talabalarga badiiy asardan ma’lum bir parcha ifodali o’qib eshittiriladi. Asar muallifi va asar nomi haqida ma’lumot berilmaydi. Imkon qadar notanish yozuvchilarning asarlaridan parcha olinsa talabalarda sub’ektiv to’siqlar kam bo’ladi. Matndagi asosiy fikrni aniqlash va unga munosabat bildirish talab qilinadi. «Agar siz ushbu fikrni aytmoqchi bo’lsangiz uni qanday ifodalagan bo’lardingiz?» mazmunidagi savol o’rtaga tashlanadi. Har bir talaba o’z ifoda tarzini yozma tarzda bildiradi va o’qib eshittiradi. Muhokama asosida eng yaxshi ifoda aniqlanadi, tahlil qilinadi.
Ikkinchi etapda esa fikr o’qituvchi tomonidan aytiladi va shu asosda matn yaratish talab qilinadi. Fikr bir so’zdan iborat bo’lishi ham, so’z birikmasi yoki gap shaklida bo’lishi ham mumkin. Asosiy e’tibor talaba ongida berilagn so’z yoki gap qanday tasavvurni uyg’otgani va uning qanday ifodalanganligi hisoblanadi. Masalan: yomg’ir so’zi berildi. «Shu so’z sizga nimani xotirlatadi?» mazmunidagi savollar bilan talabaga ko’mak berish mumkin. Matn tuzish uchun ma’lum vaqt belgilab olinadi. O’qib eshittirilgan matnlar ichida eng yaxshilari aniqlanadi.
EPISTOL METODI Buning uchun biror bir mashhur yozuvchining hikoyasi olinadi va talabalarga o’qib eshittiriladi. Hikoya haqidagi munosabatini talaba yozuvchiga maktub shaklida yozishi kerak. Bilamizki, o’z yaqinlariga, yoru birodarlariga maktub yozayotgan odam nisbatan erkin bo’ladi. Dilidagini, o’ylaganlarini ikkilanmay yoza oladi. Yuzma-yuz turib aytolmagan gaplarinini bemalol aytish imkoniga ega bo’ladi.
Maktubda talabalar asarning muvaffaqiyati, kamchiligi, qahramonlar nutqi va qiyofasi, lisoniy xususiyatlari kabi jihatlar haqida o’z munosabatlarini bildirishlari zarur. Har bir maktub o’qituvchi tomonidan e’tibor bilan o’qib unga shaxsiy fikr javob tarzida yoziladi.
Bu metod talabaning yozma nutqini shakllantirishga yordam berish bilan birga o’y-kechinmalarini tartibli ifodalash, o’z fikrini mustaqil bildirish malakasini rivojlantiradi.