chegirish stavkasi — kreditlarni joylashtirish bo‘yicha o‘tkaziladigan kimoshdi savdosiga qo‘yilgan kreditlar umumiy summasini qamrab olgan arizalarning oxirida ariza bergan bank tomonidan kredit uchun taklif etilgan foiz stavkasi.
2. Markaziy bank tomonidan banklarni kreditlash monetar siyosatning tegishli yil uchun asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqadigan vazifalarga muvofiq holda, bank tizimi likvidligini saqlash va tartibga solish maqsadida amalga oshiriladi.
Kreditlar O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida ta’minlanganlik, muddatlilik, qaytarishlik va to‘lovlilik shartlari asosida beriladi.
3. Kreditlar banklarga o‘zgarmas foiz stavkalari va(yoki) arizalarining kimoshdi savdolarini o‘tkazish orqali yuzaga kelgan foiz stavkalari bo‘yicha beriladi.
4. Kreditning qaytarilishini ta’minlash maqsadida banklar quyidagi aktivlardan birini yoki bir nechtasini garovga qo‘yishi mumkin:
chet el valyutasi;
xalqaro rezervlar toifasiga kiruvchi valyuta boyliklari va boshqa boyliklar;
davlat qarz majburiyatlari (davlat qimmatli qog‘ozlari);
hukumat kafolatlagan boshqa qarz vositalari.
5. Kreditlarning muddatlari Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
Kredit mablag‘lari bankning tegishli hisobvarag‘iga kredit shartnomasi imzolangan kuni o‘tkazib beriladi. Kredit mablag‘lari va unga hisoblangan foizlar banklar tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan muddatda qaytarib beriladi (mazkur operatsiya dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgan hollarda, keyingi ish kunida amalga oshiriladi).
Kreditlarning muddatlari kredit mablag‘lari bankning tegishli hisobvarag‘iga o‘tkazilgan kundan boshlab, kalendar kunlari bilan hisoblanadi.
6. O‘zgarmas foiz stavkasida beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, kreditlarning muddatidan kelib chiqib, Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan o‘rnatiladi.
O‘zgarmas foiz stavkasi bo‘yicha berilayotgan kreditlar miqdoriga cheklashlar belgilanmaydi. Mazkur kreditlar tegishli yil uchun qabul qilingan monetar siyosatning asosiy yo‘nalishlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda beriladi.
7. Kimoshdi savdolari asosida beriladigan kreditlar uchun foiz stavkalari kimoshdi savdolari natijasida aniqlanadi va unda yuzaga keladigan chegirish stavkalari Markaziy bankning Kredit qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Kreditlar kimoshdi savdosi asosida berilayotganda Markaziy bank tomonidan kreditlarning eng yuqori miqdori belgilanadi.
8. Kredit resurslarining kimoshdi savdosi “amerikacha” yoki “gollandcha” usulda o‘tkazilishi mumkin.
Amerikacha usul — qondiriladigan arizalar banklar tomonidan taklif etilgan hamda kimoshdi savdolari bo‘yicha Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan chegirish stavkasiga teng yoki undan yuqori bo‘lgan stavkada qondiriladi;
Gollandcha usul — qondiriladigan arizalar banklar tomonidan taklif etilgan eng past foiz stavkasida (ya’ni, kimoshdi savdosi natijalariga ko‘ra Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan chegirish stavkasida) qondiriladi.
Markaziy bank kredit kimoshdi savdolarini o‘zi o‘rnatgan va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilgan boshqa shartlarda ham o‘tkazishi mumkin.
9. Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash, shartnomada ko‘rsatilgan miqdor va tartibda, kredit ajratilgan kundan boshlab, u to‘liq qaytarilgan kundan oldingi kungacha bo‘lgan muddatga amalga oshiriladi.
Banklar kreditni muddatidan oldin to‘liq yoki qisman qaytarishlari mumkin. Bunda kreditlar bo‘yicha foizlar faqat kreditdan foydalanilgan davr uchun hisoblanadi.
10. Markaziy bank kimoshdi savdolarini o‘tkazish to‘g‘risida kamida 5 ish kuni oldin ommaviy axborot vositalari orqali rasmiy xabar beradi.
Kimoshdi savdosi o‘tkazilganidan keyin Markaziy bank uning natijalarini, yuzaga kelgan chegirish stavkasini ko‘rsatgan holda, ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.