3-§. Lombard asosida kreditlashda depozitar hisobini yuritish Oldingi tahrirga qarang. 34. Lombard kreditining ta’minoti sifatida garovga qabul qilinadigan davlat qimmatli qog‘ozlarining depozitar hisobini yuritish O‘zRVB tomonidan amalga oshiriladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 8-oktabrdagi 27/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2201-1, 06.11.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 44-son, 570-modda) Oldingi tahrirga qarang. 35. Garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarning hisobi bankning DEPO hisobvarag‘ining “Garovga olingan” bo‘limida yuritiladi, ushbu bo‘limning operatori Markaziy bank hisoblanadi.
Bankning operatori Markaziy bank hisoblangan DEPO hisobvarag‘ining “Garovga olingan” bo‘limiga davlat qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazish O‘zRVB tomonidan bankning DEPO topshiriqnomasiga asosan amalga oshiriladi. “Garovga olingan” bo‘limidan bankning DEPO hisobvarag‘ining boshqa bo‘limlariga davlat qimmatli qog‘ozlarini o‘tkazish O‘zRVB tomonidan faqat Markaziy bank DEPO topshiriqnomasiga asosan amalga oshiriladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 8-oktabrdagi 27/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2201-1, 06.11.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 44-son, 570-modda) 4-§. Lombard kreditlarini qaytarish 36. Lombard kreditini berish to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish muddati kelganda, lombard kreditini va unga doir foizlarni qaytarish bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. 37. Bank lombard kreditini va unga doir foizlarni qaytargan kunning keyingi amaliyot kuni davomida Markaziy bank O‘zRVBga “Garovga olingan” bo‘limidan garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarini qarzdor bank DEPO hisobvarag‘ining shartnomada yoki bankning yozma arizasida ko‘rsatilgan Asosiy bo‘limiga o‘tkazish to‘g‘risida DEPO topshiriqnomasini beradi.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 8-oktabrdagi 27/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2201-1, 06.11.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 44-son, 570-modda) 38. Bank Markaziy bankka oldindan xabar bergan holda lombard kreditini muddatidan oldin to‘liq yoki qisman to‘lov topshiriqnomasi asosida qaytarishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang. 39. Agarda bank lombard kreditini qaytarishga doir o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmasa, Markaziy bankning bunday muddati o‘tgan qarzdorlikni qoplashga doir talablari qonunchilik va shartnomada belgilangan tartib hamda ushbu davlat qimmatli qog‘ozlari muomalasini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotishdan tushgan tushum hisobiga qondiriladi.
(39-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) Markaziy bankning garov bilan ta’minlangan talablari hajmiga bankning lombard kreditiga doir shartnoma bo‘yicha qarzlari (shu jumladan foizlar) va Markaziy bankning garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilgan summa kiradi.
40. Markaziy bank lombard kreditini qaytarishga doir majburiyatlar bank tomonidan bajarilmagan (qisman) kunning ertasiga garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotadi.
41. Agarda qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan summa Markaziy bankning lombard krediti bo‘yicha talablari hajmidan oshsa, ushbu summa qoldig‘i Markaziy bank talablari qondirilganidan so‘ng, davlat qimmatli qog‘ozlari sotilgan kundan keyingi ish kunida qarzdor bankning vakillik hisobvarag‘iga o‘tkazilishi lozim.
42. Agarda davlat qimmatli qog‘ozlarini sotishdan olingan summa Markaziy bankning lombard krediti bo‘yicha barcha talablarini qondirishga yetarli bo‘lmasa, ko‘rsatilgan qarzni qoplash debet memorial orderiga asosan qarzdor bankning vakillik hisobvarag‘idan undirib olinadi. Markaziy bankka lombard kreditiga doir qarzlarni qaytarish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
Bunda, birinchi navbatda Markaziy bankning garovga olingan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish bilan bog‘liq xarajatlari qoplanadi, so‘ngra hisoblangan foizlar summalari, asosiy qarz summasi va eng oxirida tegishli jarima summasi undirib olinadi.
43. Markaziy bank qarzdor bankdan uning garovga qo‘yilgan davlat qimmatli qog‘ozlarini kelishilgan narxda sotib olish huquqiga ega.