“Sahih” yo’nalishining asoschisi eng yetuk va mashhur muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydir. Imom Ismoil al-Buxoriy hadis ilmida “Amir-ul-mo’’minin”, “Imom al-muhaddisiyn” (“Barcha muhaddislarning peshvosi”) degan sharafli nomga sazovor bo’lgan. U 810 yilning 13 mayida (ba’zi manbalarda 810 yilning 20 iyulida) (hijriy 194 yil shavvol oyining 13 kuni) Buxoroda tug’ilgan. Go’dakligida otadan yetim qolgan. Dastlabki savodini maktabda chiqargan, 10 yoshidayoq arab tilida yaratilgan kitoblar yordamida hamda roviylardan og’zaki ravishda eshitish asosida hadislarni yodlay boshlagan. Alloma hadis ilmini zo’r ishtiyoq va katta qiziqish bilan o’rgandi. Abdulloh ibn al-Muborak, Vaqi’ ibn Jarroh kabi olimlar tomonidan to’plagan hadislarni yod olgan, shuningdek, hadis rivoyatchilari xususida so’z yuritilgan bahslarda ishtirok etgan.