II.Bob Harakatlarga o‘rgatish bosqichlarining tuzilish asoslari. 2.1 Jismoniy mashqlarning yuzaga kelishi va rivojlanishi. Malakalarning o‘zaro aloqasi va o‘rgatishining ketma-ketligi - Harakat malakalari tarkib topishi va qo‘llanish jarayonida ko‘pincha bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi. Ilgari hosil qilingan malakalar ko‘chish deb ataluvchi mexanizm bo‘yicha yangi malakaning tarkib topishini yoki namoyon bo‘lishini osonlashtirish yoki qiyinlantirish mumkin. Ko‘chish ko‘p hollarda yangi ko‘nikma va malakaning hosil bo‘lishiga yordam beradi. Masalan: kichik koptokni irgitish granata irgitishni, velosipedda yurish malakasi, mototsiklda yurishni o‘rgatishga yordam beradi va h.k. Malakalarning bunday o‘zaro aloqasi ijobiy samara beradi yoki "ijobiy ko‘chish» deyiladi.
Shu bilan birga malakalarning o‘zaro aloqasi salbiy ham bo‘ladi. Masalan: Balandlikka sakrash malakasi tusiqlardan yugirishni o‘rganishga halaqit berishi mumkin, yonboshlagan usulida suzish malakasi ma’lum sharoitlarda brass harakat qilishini izdan chiqaradi. Ko‘chirishning bunday turi o‘rgatish jarayonida salbiy ta’sir etadi va ijobiy samara bermaydi yoki "salbiy ko‘chish» deyiladi.
Ko‘chish xarakteri - uning ijobiy yoki salbiy bo‘lishi, o‘rgatishning to‘la yoki qisman bo‘lishi, ilgari harakat hosil qilingan ta’siri yangi tartibga qaysi darajada yaroqli bo‘la olishiga bog‘liqdir.
Malakalarning o‘zaro ijobiy aloqasi - O‘rganilayotgan harakat faoliyati bilan ilgari o‘zlashtirilgan biror faoliyatining tuzilishlari o‘rtasida o‘xshashlik qancha ko‘p bo‘lsa, yangi harakat faoliyatini o‘rganish shuncha yengil bo‘ladi. Bunga asos - harakatlarni o‘rganish ketma-ketligini shunday rejalashtirish zarurki, bunda bir harakatni o‘zlashtirish ko‘nikma va malakaning boshqa harakatni o‘rganishga "ijobiy ko‘chish"ga imkoniyat yaratsin. Bu jihatdan qaraganda, faoliyatlari har xil bo‘lgan mashq turlarida, ayniqsa katta imkonityalar mavjuddir. Harakat faoliyatining bunday turlarida harakatlarning tuzilishining o‘xshashligiga qarab guruhlarga bo‘lish mumkin. So‘ngra harakatlarni guruhlarga, ularning murakkabligiga qarab joylashtirilsa, bu guruhlarning navbatdagi harakatlariga tayyorlanishi guruhi bo‘lib qoladi. Ko‘chish odatda, harakat faoliyatlarini asosiy fazalari o‘xshash bo‘lganda ijobiy samara beradi. Masalan: chang‘i sportiga o‘rganishni birin-ketin ikki qadamlab oldinga yurish usuli bilan boshlash tavsiya etiladi, chunki bu usul boshqa barcha yurish elementlarini tashkil etadi. Turli harakatli mashqlar uchun ko‘p bo‘lmagan sport turlarida "ijobiy ko‘chish» holatida maxsus tayyorgarlik, ya’ni imitatsiyali mashqlar yordamida foydalaniladi.
Masalan: konkida yugurish imitatsiyasi va roliklarda yugirish konkida uchish sportida keng va muvaffaqiyatli qo‘llaniladi. Harakat faoliyatining asosiy vazifasigina emas, xatto tayyorlanish va yakunlovchi fazalarini egallashda ham malakalar ko‘chishi ijobiy samara berishi mumkin.
Shuni nazarda tutish kerakki, "ijobiy ko‘chish» o‘rganishning dastlabki bosqichlarida ayniqsa keng namoyon bo‘ladi. Maslan: granata uloqtirish masalasi nayza uloqtirishda dastlab yordam beradi.
Malakaning o‘zaro salbiy ta’siri - Tuzilish dastlabki fazalariga o‘xshash va keyingilari o‘rtasida katta farqlar bo‘lgan harakat faoliyatini o‘zlashtirish jarayonida malakalarning o‘zaro salbiy ta’siri ko‘pincha sezilib turadi. Agar navbat bilan bunday harakat faoliyatlarini tarkib toptirib ko‘rilsa, u vaqtda bir harakatdan ikkinchi harakatga, ya’ni yangi o‘rganilgandan va dastlabki faza bo‘yicha o‘xshash bo‘lganharakatga beixtiyor o‘tish mumkin. Asab tizimi o‘z faoliyatini har doim ancha tejam bilan amalga oshirishga intiladi. Chunki I.P.Pavlov va uning shogirdlari ko‘rsatib o‘tishganidek, asab tizimi uchun odat tusiga kirgan steriotiplik faoliyat, hatto bu faoliyat birmuncha soddaroq bo‘lsa ham yangi faoliyatga qaraganda yengilroqdir.
O‘rgatish jarayonida o‘quv materialini raqobatlashuvchi malakalarning bir vaqtda tarkib topishiga yo‘l qo‘ymaslikni yoki ko‘chishning salbiy ta’siri ancha kam bo‘lishini ta’minlaydigan qilib rejalashtirish muhimdir. Masalan: oldin turnik yoki brusda bir oyoqda osilib ko‘tarilish emas, balki to‘nkarilib ko‘tarilish maqsadga muvofiqdir.
Tug‘ma avtomatizmlarning ta’siri - Murakkab harakat faoliyatlarini egallashda tug‘ma avtomatizmlar ancha muhim ahamiyatga egadir. Ba’zi hollarda ular yordam bersa, ba’zi vaqtda halaqit beradi. Masalan: koordinatsion qadamlari tug‘ma chalishtirib yurish, yugirish va boshqa bir qator harakatlarning tabiiy asosini tashkil etadi.
O‘rgatish ketma-ketligi o‘rgatilayotib, shu kabi tug‘ma koordinatsion harakatlar tomonidan yaratiladigan ijobiy imkoniyatlardan foydalanishga intilish kerakligi o‘z-o‘zidan ma’lumdir. Masalan: suvda suzishga o‘rgatishni brass, krol usulidan; chang‘ida yurishni birdan ikki oyoqni quzg‘atishdan emas, birin-ketin qadam tashlab yurishdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Shu bilan bir qatorda, ko‘p hollarda innervatsiya va bo‘yinni mustahkamlash reflekslari bilan bog‘liq bo‘lgan tug‘ma avtomatizmlarni yengish talab qilinadi.
Harakat malakalarini shakllantirish va jismoniy sifatlarni tarbiyalash - Jismoniy tarbiya jarayonida bola pedagog rahbarligida dasturda ko‘zda tutilgan harakat malakasini va ko‘nikmasini egallaydi. Turli harakatlarga o‘rgatish jarayonida malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish jismoniy sifatlarni tarbiyalash bilan uzviy bog‘liqlikda amalga oshiriladi. Jismoniy sifatlarni rivojlantirish jarayonida o‘quvchilar jismoniy mashqlarning yangi shakllarini egallash qobiliyatlari oshib boradi. Jismoniy madaniyat nazariyasida harakat malakasi harakat texnikasini egallash darajasi bilan belgilanadi. Harakat malakasining ikki turi farqlanadi: ulardan biri yaxlit harakat faoliyatini amalga oshirishda, ikkinchisi ayrim, murakkabligiga ko‘ra turlicha harakatlarda ifodalanadi.
Harakat malakasi - bu harakat texnikasini egallash darajasi bo‘lib unda harakatlarni boshqarish avtomatik tarzda ko‘chadi va harakatlar o‘zining juda ishonchligi bilan ajralib turadi.
Harakat malakalarining bola uchun amaliy ahamiyati juda katta. Hosil qilingan ko‘nikmalar jismoniy, ruhiy kuchlarni tejamkorlik bilan sarf etish, yaxlit harakat faoliyatiga kiruvchi harakatlarni tez va aniq bajarish imkonini beradi. Ular ongli ravishda mashqlar bajarish natijasida uning bajarish usuli va qoidalarini takomillashtirib boradilar va shu malakaga binoan mashqlarni ma’lum bir vaqt oralig‘ida texnik jihatdan to‘g‘ri bajara olish qobiliyatini saqlab qoladilar. Harakatlarning uyushgan holda, aniq va tez bajarish bolalarning ruhiyatini oshiradi.
Jismoniy sifatlarni tarbiyalash jismoniy tarbiyaning asosiy vazifalaridan biridir. Jismoniy sifatlar bola organizmining morfofunksional, psixofiziologik va biologik xususiyatlari bilan bogliqdir. Jismoniy sifatlarni, harakat ko‘nikmalarini o‘rgatish bilan birgalikda tarbiyalash bolanining takomillashuviga, tanasining sog‘lomlashuviga, hissiy ruhining ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatadi, bolalar harakatlarni tobora ishonch bilan bajaradilar, yangi harakatlarni tezroq, oson bajarilishiga, yuqori natijalarga erishishga intiladilar, ijobiy mustaqillik ko‘rsatadilar.
Asosiy jismoniy sifatlarning /tezkorlik, chaqqonlik, chidamlilik, kuch va egiluvchanlik/ rivojlanishi harakat malakalarining shakllanishi bilan uzviy bog‘liq. Ana shu jarayonga xizmat qiluvchi mashqlar qat’iy izchillikda va harakat ta’siri murakkablashtirilgan holda jismoniy tarbiya darslari tarkibiga, o‘yin soatlariga, sport mashqlariga hamda o‘quvchilarning maktabdan va sinfdan tashqari sport tadbirlari tarkibiga kiritiladi. Harakat ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor ayniqsa maktab kun tartibida olib boriladigan jismoniy sog‘lomlashtirish tadbirlari davomida amalga oshirilishi kerak. Katta tanaffuslarda o‘tkaziladigan harakatli o‘yinlar, dars boshlanishidan oldin o‘tkaziladigan ertalabki gimnastika, sayrlar, sinfdan tashqari olib boriladigan ommaviy tadbirlarning barchasi jismoniy sifatlarning tarbiyalanishiga imkon yaratadi. Har bir jismoniy sifat uchun alohida o‘ziga xos mashqlar majmuasi tanlanadi va maxsus usulda bajartiriladi.
Nazorat savollari
1. Harakat malakalarini ta’riflang.
2. Harakat ko‘nikmalarini ta’riflang.
3. Harakat malakalari va ko‘nikmalari o‘rtasidagi aloqani ta’riflang.
4. Harakatlarni tavsiflab bering.
5. Malakalarni salbiy ko‘chishini ta’riflang.
6. Malakalarni ijobiy ko‘chishini ta’riflang.
7. Tug‘ma avtomatizmlarni ta’riflang.
8. Oliy harakat tartibini ta’riflang.
9. Harakat malakalarini shakllantirish etaplarini ta’riflang.
10. Harakat faoliyatining variativligini ta’riflang.
11. Harakat malakalari va ko‘nikmalari ta’limning natijasi sifatidani ta’riflang.
12. Malakalarning shakllanish qonuniyatlarini ta’riflang.