NOTA BENE !
Tamom bo‘lmagan jinoyat
(tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd) konkret
jinoyat tarkibi belgilarida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni to‘liq
bajarmaslik yoki jinoiy oqibatlarni keltirib chiqarmaslik bilan tavsiflanadi.
Tamom bo‘lgan jinoyat
sodir etilgan qilmishda konkret jinoyat
tarkibining qonunda nazarda tutilgan barcha belgilari mavjudligi bilan
tavsiflanadi.
Jumladan, jinoyat ehtiyotsizlik orqasida sodir etilganida, jinoyatga
tayyorgarlik va suiqasd bosqichlari mavjud bo‘lmaydi, chunki shaxsning
irodasi jinoiy oqibatni keltirib chiqarishga yo‘naltirilmagan. Ijtimoiy xavfli
qilmish harakatsizlik bilan sodir etilganda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish
umuman mumkin emas.
Tamom bo‘lmagan jinoyatlarning suiqasd qilish bosqichi kesik
tarkibli jinoyat tarkiblarida mavjud bo‘lishi mumkin emas, zero, ularning
o‘ta yuqori ijtimoiy xavfini inobatga olgan holda, qonun chiqaruvchi
qilmishning yuridik tamomlanish vaqtini bir oz oldinga (oldingi
bosqichga) suradi. Masalan, bosqinchilik jinoyatida suiqasd qilish imkoni
yo‘q, boisi hujum qilishning o‘zi tamom bo‘lgan jinoyat tarkibini ifoda
etadi (JK 164-moddasi).
Ta’kidlab o‘tish kerakki, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd
qilish uchun javobgarlikka tortishga jinoiy qasdning turi bevosita ta’sir
qiladi. Egri qasd jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd qilish uchun
javobgarlikni inkor etadi, chunki jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd
qilishda shaxsning jinoyat sodir etish istagi natijaga erishishga qaratilgan
ongli va maqsadli harakatlaridan iborat. Shuning uchun, jinoyatga
tayyorgarlik ko‘rish va suiqasd qilish faqatgina to‘g‘ri qasddan sodir
etilgan jinoyatlardagina bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy
sudi Plenumi odam o‘ldirishga suiqasd qilish faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir
etiladi, qachonki, shaxs o‘lim yuz berishini anglagan va istagan bo‘ladi
1
deb tushuntirish bergan.
1
См.: Постановление Пленума Верховного суда Республики Узбекистан от 24 сентября 2004 г. № 13 «О
судебной практике по делам об умышленном убийстве» // Сборник, Т.2. – С. 459.
265
Nihoyat, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish ham, jinoyat sodir etishga
suiqasd qilish ham jinoyatchi erishishni ko‘zlagan jinoiy natijaning mavjud
emasligini nazarda tutadi. Subyektga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra,
jinoiy natijaning mavjud emasligi tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan
jinoyat o‘rtasidagi chegara hisoblanadi. Biroq, agar jinoiy natijaning
mavjud emasligi subyektning harakati oqibati bo‘lsa (jinoiy niyatni
bajarishdan ixtiyoriy qaytish), u holda shaxsni jinoiy javobgarlikka
tortishga ham asos bo‘lmaydi.
Xullas, faqat qasddan sodir etiladigan jinoyat bosqichlari jinoyat-
huquqiy ahamiyat kasb etadi. Ehtiyotsizlikdan sodir etilgan jinoyatlar
bosqichlari jinoiy deb tan olinmaydi, zero, ehtiyotsiz jinoyatlar ijtimoiy
xavfli oqibat kelib chiqmasdan oldin jinoyat-huquqiy jihatdan neytraldir.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham, jinoyat sodir etishga
suiqasd qilish uchun ham jinoiy qilmishni sodir etishga qasdning va
qilmishning mavjudligi hamda jinoiy natijaning mavjud emasligi bir xilda
zarur.
Jinoyat bosqichlari qasddan sodir etilgan jinoyatni kvalifikatsiya
qilishda, chunonchi jinoyat tamom bo‘lganmi yoki yo‘qmi, tamom
bo‘lmagan bo‘lsa, qaysi bosqichda to‘xtatib qo‘yilgan – tayyorgarlik
ko‘rish bosqichida (tayyorgarlik ko‘rish bosqichi) yoxud jinoyat
tarkibining obyektiv tomonini bajarish bosqichida to‘xtatilganligi
(jinoyatga suiqasd qilish) nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi. Bunda
tamom bo‘lmagan jinoyatni kvalifikatsiya qilishda shunga e’tibor berish
lozimki, jinoyatni sodir etishning har keyingi bosqichi oldingi bosqichini
o‘z ichiga qamrab oladi. Masalan, o‘g‘rilik jinoyatini sodir etish niyatidagi
shaxs, avval ba’zi tayyorgarlik harakatlarini sodir etib (qurol topadi, turli
moslamalar tayyorlaydi va h.k.), keyin o‘zganing mulkiga tajovuz qilish
davomida, harakatlari unga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra to‘xtatilsa,
shaxs o‘g‘rilik jinoyatini sodir etishga suiqasd qilganligi uchun
javobgarlikka tortiladi. Shu bilan birga, shaxs o‘zganing mol-mulkini
yashirin ravishda talon-toroj qilsa hamda ushbu mulkdan o‘z manfaatlariga
ko‘ra foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lsa, uning harakatlari tamom
bo‘lgan o‘g‘rilik deb kvalifikatsiya qilinadi.
266
|