Adabiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]
Adabiyotnning eng qadimgi namunalari 8—9-asrlarga mansub („Gildebrand qoʻshigʻi“, „Mazreburg sehri“). Ekkehardning lotin tilidagi „Valtarius“ asari 11-asrda yaratilgan. Uygʻonish davri adabiyotiga Volfram fon Eshenbax, M. Lyuter, T. Myunser, G. Saks (16-asr) kabi shoir va adiblar salmokli hissa qoʻshdi. „Til Eylenshpigel“, „Reyneke Lis“, „Faust“ kabi xalq kitoblari nashr qilindi. Klassitsizm namoyandasi shoir M. Opits mistik va dabdabali barokko sheʼriyatiga qarshi nemis tilining sofligi uchun kurashdi. „Minna fon Barnxelm“, „Emiliya Galotti“, „Donishmand Natan“ pyesalari muallifi G. E. Lessing nemis milliy adabiyotiga asos soldi. I. V. Gyote („Egmont“, „nemis va Doroteya“, „Faust“) va F. Shiller („Qaroqchilar“, „Makr va muhabbat“, „Orlean qizi“, „Vilgelm Tell“) ijodi 18-asr va 19-asr boshlari nemis adabiyotidagi taraqqiyparvar gʻoyalarning rivojida yuksak bosqich boʻldi. 18-asr 2-yarmi va 19-asr boshlarida romantizm paydo boʻldi. Romantiklar (aka-uka A. va F. Shlegellar, L. Tik, L. Uland va boshqalar) oʻrta asrni, din va xurofotni ideallashtirib, poeziyada subʼyektivizmni targʻib etishdi. 19-asrning 30-yillaridagi siyosiy koʻtarilish adabiy hayotni ham jonlantirdi. Dramaturg G. Byuxner, L. Berne demokratiya uchun kurashdilar. Buyuk shoir G. Geyne „Qoʻshiqlar kitobi“ siyosiy lirikasi va boshqalar toʻplamlarida feodal reaksiyani tanqid qildi. 1848-49 yillardagi nemis burjuademokratik inqilobi magʻlubiyatidan soʻng adabiy hayotda reaksion kayfiyat kuchaydi. 20-asr boshlarida dramaturgiyada naturalistik oqim paydo boʻldi (G. Gauptman, A. Gols va boshqalar), tanqidiy realizm yuksak bosqichga koʻtarildi. Birinchi jahon urushi davrida va undan soʻng A. Sveyg, B. Kellerman, K. Tuxolski, E. M. Remark kabi tanqidiy realistlar ijtimoiy tuzumning reaksion mohiyatini fosh etdilar. Fashistlar hokimiyat tepasiga kelgach, koʻpchilik taraqqiyparvar yezuvchilar vatanni tark etishdi va chet ellarda fashizmni fosh etuvchi asarlar yozishdi. 1945-yilda mamlakat ikkiga boʻlingach, nemis adabiyoti turli yoʻllardan rivojlandi. Sharqiy G. (sobiq GDR)da yashagan taniqli yezuvchilar T. Mann, G. Mann, L. Feyxtvanger kabilar adabiy oqimdagi ilgʻor anʼanalarni ijodiy davom ettirdilar. Eski ziyolilardan B. Kellerman, A. Sveyg, G. Fallada yangicha adabiy hayotga faol qoʻshildilar. I. R. Bexer, B. Brext, A. Zegers, F. Volf, F. Fyuman fashizmning jirkanch qiyofasini fosh etuvchi, insonning jamiyat oldidagi masʼuliyatini ifodalovchi asarlar yozishdi. Ammo bu yerda axborot imkoniyati va fikrlar erkinligi boʻlmagan sharoitda ularning ijodiy imkoniyatlari cheklangan edi.
Germaniyaning gʻarbi (OFR)da yashagan va fashizm qabohatlarining shohidi boʻlgan V. Borxert, X. V. Rixter, G. Byoll kabi adiblar oʻzlarining koʻrgan-kechirganlari haqida taʼsirchan asarlar yaratishdi. Xans Verner Rixterning tashabbusi bilan tuzilgan „47lar guruhi“ katta rol oʻynadi. Shu guruh har yili oʻtkazib turgan yozuvchilarning uchrashuvlari adabiy doiradan chiqib, siyosiy voqeaga ham aylana bordi. Bir qator adiblar (Yu. Bekker, R. Brinkman, A. Kluge, D. Vellersxof) ijtimoiy voqelikni talqin etmay, shunchaki tasvirlash yoʻlidan bordilar. 70 va 80-yillarda esa koʻpgina yozuvchilar ijtimoiy va iqtisodiy faollikka intildilar. Mamlakat birlashishi bilan nemis adabiyoti yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Yangi voqelikii badiiy idrok qilish va aks ettirish uchun vaqt kerak boʻladi.
Dostları ilə paylaş: |