Hind xalq eposi – “Kalila va Dimna”
Jahon adabiyoti xazinasining noyob durdonasi sanalmish “Kalila va Dimna” qadim Hindistonda yaratilgan. Asarning aslini sanskrit (qadimgi zamon hind adabiy tili)da yozilgan deb hisoblaydilar. Asos e’tibori bilan qadimgi hind folklori zaminida vujudga kelgan “Kalila va Dimna”ning mashhur “Panchatantra”, “Xitopadesha” kabi asarlar bilan ildizi birdir. Ali ibn ash-Shoh al-Forisiyning naql qilishicha, “Kalila va Dimna”ni hind podshohi Dobshalim uchun faylasuf Beydabo (Bedpoy) yozgan. Asarda hukmdorlik siyosatida shohlar nimalarga asoslanishlari, ularning a’yonlar va raiyat bilan qanday munosabatda bo’lishlari, shaxsiy fazilatlardan qaysilari shohlar uchun farz sanalishi kabi masalalarni “badiiyatning go’zal libosi”da hikmat va donishmandlik bezaklari bilan “orasta” holda berilganligi haqidagi xabar Eron shohi Anushiravon binni Qubod Sosoniy (531 — 579) ga yetib keladi. Anushiravon esa ilmni va ibratli kitoblarni juda sevar edi. Uning amri bilan saroy fozillaridan biri Barzuya hakim Hindistondan “Kalila va Dimna”ni keltirishga muvaffaq bo’ldi hamda uni o’sha davrdagi fors tili — pahlaviy tiliga tarjima qiladi. Bu tarjima yo’qolib ketgan bo’lib, undan taxminan 570-yillarda bir ruhoniy tomonidan Suriya tiliga (suryoniy, sir’yoniy) tarjima qilingan nusxasi (tarjimoni Bud ismli shaxs) saqlanib qoladi. “Kalila va Dimna” abbosiylar xalifaligi davrida zamonning mashhur olimlaridan Abdulloh ibn al-Muqaffa (721 — 757) tomonidan pahlaviy tilidagi nusxa asosida arabchaga tarjima qilinadi. Ibn al-Muqaffa asar muqaddimasida: “Men bu kitobning hind tilidan pahlaviyga qilingan tarjimasini ko’rdim va Iroq, Shom, Hijoz ahli ham undan bahramand bo’lsinlar, deb arabchaga tarjima qilishni xohladim. ...Bu kitobni o’qigan odamlar har narsadan oldin uning mag’zini chaqib, unga oroyish bergan istioralarni, ramzli va muammoli so’zlarni tushunib olishlari kerak...» deb yozgan edi. Ibn al-Muqaffa o’z tarjimasini Abuja’far Mansur zamonida tugallaganini e’tirof etadi. Ibn al- Muqaffa tarjima sohasida mavjud bo’lgan an’anaga ko’ra faqat muqaddima yozibgina qolmay, balki asar matniga talay o’zgarishlar ham kiritadi va “Dimna ishining tekshirilishi” degan faslni qo’shadi, bazi o’rinlarni o’z zamonasining mafkurasi taqozosi bilan qisqartirib yoxud yangicha talqin etib ketadi. X — XI asrlarda “Kalila va Dimna” Ibn al-Muqaffa tarjimasidan yana suryoniy tiliga va yunon tiliga tarjima qilinadi. XII asrda yunonchadan slavyan tiliga, XIII asr o’rtalarida yahudiy tiliga (tarjimoni Raben Juel), bir necha o’n yillar o’tgach, ana shu yahudiy tilidagi tarjimadan lotin tiliga (tarjimon Ravmon de Bazi), lotinchadan esa fransuz, italyan, nemis va boshqa qator g’arb tillariga tarjima qilinadi. 1889-yilda mashhur arabshunoslar M. Attaye va M. Ryabinlar ilk daf’a “Kalila va Dimna”ni rus tiliga tarjima qiladilar. Mashhur arabshunos olim I. Yu. Krachkovskiy 1920-yillarda o’zining iste’dodli shogirdi I. P. Kuzminga “Kalila va Dimna”ni tarjima qilish ishini topshiradi. Bu tarjima uchun 1905-yilda olim Bayrutda nashrdan chiqqan hamda 1923-yilda esa qaytadan tahrir qilinib, tuzatilgan Ibn al-Muqaffa matnini tavsiya etadi. I. P. Kuzminning bevaqt vafoti sababli tarjima tugallanmay qoladi. I. Yu. Krachkovskiy tarjimaning tayyor qismlarini qayta ko’rib chiqadi, bajarilmagan boblarni o’zi tarjima qilib, shogirdi xotirasi uchun nashrga tayyorlaydi. Bu tarjima 1957-yilda Ye. E. Bertels so’zboshisi bilan Moskvada ikkinchi marta chop etiladi.