Maktabgacha davrdagi katta yosh (5-7 yosh) Maktabgacha yoshdagi katta bolalar nutqini rivojlantirishda erishilgan asosiy natijalar muloqot sohasidagi chuqur o’zgarishlar bilan bog’liqdir. Tengdoshlar bilan muloqot qilish birinchi o’ringa o’tadi. Bola o’z tengdoshini kattalardan afzal ko’ra boshlaydi. O’yin jarayonidagi o’rtog’iga qaratilgan nutq kattalar bilan bo’lgan muloqotga qaraganda ancha mazmunliroq bo’la boshlaydi. Sherik bilan dialog - muvofiqlashtirilgan predmetli va nutqiy faoliyat tusiga ega bo’ladi. Bolalar endi qo’shnilari e'tiborini jalb qila oladilar, o’zlari ham uning ishlari va bildirgan fikrlari bilan qiziqadilar.
Maktabgacha yoshdagi katta bolalar nutqining vazifalari turlichadir. Nutqdan atrofdagilar bilan aloqa o’rnatishda, o’ziga, o’z ishlariga va kechinmalariga diqqatni jalb qilishda, bir-birini o’zaro tushunishda, sherik xulqiga, uning fikri va hissiyotlariga ta'sir ko’rsatishda, o’z faoliyatini tashkil etishda, o’yindagi o’z o’rtog’ining harakatlarini muvofiqlashtirishda foydalaniladi. Nutq atrof-muhit haqidagi muhim bilim manbai, tabiat, narsalar va odamlar dunyosi haqidagi tasavvurlarni qayd etish vositasi, bilish faoliyati vositasi bo’lib xizmat qiladi. Maktabgacha yoshdagi katta bolalarning nutqi shuningdek, ob'yektiv aloqalarning o’ziga xos sohasi sifatida namoyon bo’ladi, u bularni so’z, tovush, qofiyalar va fikrlar bilan o’ynab turib anglaydi.
2.2. Nutqiy rivojlanishga til qobiliyat
Nutqiy rivojlanishga til qobiliyatlarini- til elementlari va ular bilan operatsiyalar o’tkazish qoidalarini o’z ichiga oluvchi harakatchan, funksional tizimlarni shakllantirish sifatida qaraladi. Bu til umumlashtirmalari negizida yaratiladigan individual til tizimidir. Turli yosh bosqichlarida turli til vositalarini, ya'ni: nutq tovushlari, leksik-grammatik materiallar va boshqalarni o’zlashtirishda bolalar nutqida individual farqlar kuzatiladi. Shuningdek, bolalar nutqi shakllanishining asosiy bosqichlarida ham individual farqlar kuzatiladi.
Bolalar tili nafaqat kattalar tilining dastlabki bosqichi, balki o’z xususiy qonunlariga bo’ysunadigan to’la mustaqil tuzilmalar hamdir.