Testning ishonchliligi–diagnostik o‘lchovlarning aniqligini, shuningdek, test natijalarining begona tasodifiy omillar ta’siriga nisbatan barqarorligini aks ettiruvchi mezon. Pedagogik testning ishonchliligi uni tayyorgarlik darajasi bir- biriga yaqin bo‘lgan tinglovchilarning turli guruhlarida qo‘llashda taxminan bir xil natijalar olishga imkon berishidir.
Testning validligi – test shakli va mazmunining uni tuzuvchilar fikri bo‘yicha test baholashi yoki aniqlashi zarur bo‘lgan o’lchovga muvofiq kelishi, natijalarning belgilangan vazifalarga muvofiqligi.
Testning xolisligi (obyektivlik), ya’ni diagnostik ma’lumotlarni olish va talqin etishning o‘qituvchiga bog‘liq emasligi.
Pedagogik testlarning xolisligi ishonchlilik, validlik g‘oyalarini, bundan tashqari pedagogik, axloqiy xususiyatga ega bir qator jihatlarni qamrab oladigan muhim birlashtiruvchi mezondir.
Pedagogik test xolisligini oshirishning pedagogik jihati standart test dasturlari, tekshiruvning texnik vositalari, avvalo pedagogik testni o‘tkazishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanilishida ko‘rinadi. Test tuzuvchi har bir o‘qituvchi test topshiriqlarini tuzishda didaktik talablarga amal qilishi lozim. Ular quyidagilar:
1.O‘quv maqsadiga muvofiqlik Test topshiriqlari mazmunini o‘quv maqsadiga qaratilishi lozim. Har bir test savoli ma’lum bir o‘quv maqsadining ro‘yobga chiqishini ta’minlashi zarur.
2.Materialning ahamiyatliligi. Testda topshiriqlar soni cheklanganligini hisobga olib, testni tuzishda o‘quv materialining eng muhim, asosiy qismlarini kiritish lozim.
3.Ilmiy aniqlik. Testga mushohada, bilim orqali asoslash mumkin bo‘lgan haqqoniy ma’lumotlar kiritiladi. Test topshiriqlari tabiati asosan, avvaldan ma’lum, aniq javob berishni taqozo etib, munozarali qarashlarni savollariga kiritish tavsiya etilmaydi.
2. Izchillik. Testdagi topshiriqlar ma’lum bir fanga taalluqli, umumiy bilim mohiyatiga ko‘ra o‘zaro bog‘liq, izchil bo‘lishi lozim.
5. To‘kislik va uyg‘unlik. Testdagi topshiriqlarning umumiy soni mavzu va qismlarga nisbatan muvofiq taqsimlanishi ahamiyatli. Bunda o‘rganilayotgan fanning barcha jihatlarini to‘la qamrab olish nazarda tutiladi.
6. O‘zlashtirish darajasiga ko‘ra tabaqalashtirish. O‘quv materialining ma’lum bir tarkibiy qismiga o‘zlashtirish darajasi turlicha (bilish, esda qolgan narsani tasvirlash (reproduksiya), unumli va ijodiy fikrlash) bo‘lgan talabalarga moslab test topshiriqlarini tuzish lozim.
7. Samaradorlik (kumulyativlik). Samaradorlik test topshiriqlarida borgan sari murakkablashib borishini nazarda tutadi. Bu qat’iy talab emas. Chunki, axborotlashgan ta’lim tizimi sharoitida zamonaviy kompyuter test tizimida o‘quvchiga navbatdagi test topshirig‘i, avvalgisini qanday yechganiga qarab beriladi. Ya’ni avvalgi savolga noto‘g‘ri javobdan so‘ng, unga nisbatan murakkab bo‘lmagan test topshiriqlari berilishi mumkin.
8. Qat’iy belgilangan vaqt. Bu shartning mohiyati shundan iboratki, o‘ylash uchun 2 daqiqadan ortiq vaqt talab etiladigan test savollari bo‘lmasligi lozim. Birqancha xorijiy test topshiriqlarini tahlil etilganda, matematika bo‘yicha 65 sekund, til va adabiyot bo‘yicha 32 sekund, ijtimoiy va tabiiy fanlar bo‘yicha 41 sekund, dalillar va iboralar uchun 20-25 sekund, chizmalar uchun 90 sekund, shakllarni aniqlash uchun 90-120 sekund vaqt ajratilishi ma’lum bo‘lgan.
9.Ixchamlik. Test topshiriqlarining matni cho‘zilib ketmasligi, qalashtirib tashlanmasligi lozim. Murakkab ko‘lami o‘quv savolini o‘zlashtirishni aniqlash zarur bo‘lgan hollarda, uni bir qancha ichcham test topshiriqlariga bo‘lib tuzilgani ma’qul.
10.Til ravonligi, aniqligi, bir ma’noliligi. Test topshiriqlarida ko‘p ma’nolilik va noaniqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. AQShda test topshiriqlarini tuzuvchilar guruxiga muayyan bir o‘quv fani bo‘yicha tajribali pedagog va ruxshunosdan tashqari adabiy muharrir ham kiritilishi an’anaga aylangan.
11.Murakkablik me’yori (yaroqliligi). Test topshiriqlari pedagogik jihatdan samarali bo‘lishi uchun, ular tushnarsiz axborot berib qolmasligi, javobi ochiqdanochiq ayon bo‘lmasligi lozim. Natijasi yarimga teng (R(0,5) bo‘lgan test topshiriqlari nisbatan samarali hisoblanadi. Bunday natija o‘quv materialini yaxshi o‘zlashtirgan yoki chuqur tayyorgarlik ko‘rmagan o‘quvchini aniqlashni osonlashtiradi. Test topshiriqlari o‘quv dasturini to‘liq o‘rgangan o‘quvchilarning 50 foizi bajara olishi mumkin bo‘lgan darajada tayyorlanadi, ma’lum bir yo‘nalishdagi testlar uchun 50 foizlik natija yaxshi ko‘rsatkichdir, maqsadga muvofiqi 85 foiz ko‘rsatkich hisoblanadi.
12.To‘g‘ri javobda qo‘shimcha belgilarning mavjud bo‘lmasligi. Test tuzishda tajribasiz kishi tushunarli bo‘lsin, degan maqsadda to‘g‘ri javobni boshqa javoblarga nisbatan kengroq va batafsilroq bayon qiladi. O‘quvchilar bu farqni tez anglab oladilar va javobni ana shu belgiga qarab aniqlashadi. Bunga aslo yo‘l qo‘ymaslik lozim.
13.Variantivlik. O‘quv materialidagi ma’lum bir mavzuni o‘zlashtirishni nazorat qilish uchun mantiqiy fikr bayoni, sintaktik tuzilishi, morfologik belgilari yoki murakkablik darajasiga ko‘ra turlicha bo‘lgan, lekin bitta o‘quv materialiga tegishli test savollari tuzish mumkin. Bu bir o‘quv maqsadiga erishish yo‘lida topshiriqlar turkumini yaratish imkonini beradi (variant testlar). Shu bois kompyuter test tizimi topshiriqlarning variativlik xususiyatiga asoslangan. Bunda kompyuter navbatdagi topshiriqni avvalgi savolga berilgan javobga ko‘ra tanlaydi.
12. Shaklan va mazmunan bog‘liqlik. Bu talab falsafadan, uning qoidalarini san’at asarlarini o‘rganishga qiyoslashdan olingan. Gegel fikricha, haqiqiy san’at asari shaklan va mazmunan yaxlit asardir. Binobarin, test topshiriqlari ham shaklan va mazmunan uyg‘un bo‘lishi lozim. Test topshiriqlarini yuqoridagi didaktik talablar asosida tuzish, o‘qituvchilarning test tuzish nazariyasi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishlarini talab qiladi.
Hozirgi kunda test topshiriqlarining bir qator turlaridan ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarning nazariy bilimlarini baholashda foydalanilmoqda. Test tuzishda quyidagilarga e’tibor berish kerak bo‘ladi.
testning barcha chalg‘ituvchi javoblari haqiqatga yaqin bo‘lishi;
javoblardagi jumlalar uzunligi deyarli bir xil bo‘lishi;
javoblar gramatik jihatdan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi;
javobdagi jumlalar tili talabaning tushunishiga mos bo‘lishi;
tuzilgan test talabaning bilim darajasini baholay olishi;
javoblarning hech biri ma’nodosh (sinonim) bo‘lmasligi;
to‘g‘ri javob faqat bitta bo‘lishi kerak.
javobning asosi imkon qadar keng mazmunli bo‘lishi;
asosda muvofiq kelmaydigan jumlalardan foydalanmaslik;
javoblarda mantiqsiz so‘zlarning ishlatilmasligi;
to‘g‘ri javoblarni ketma-ket bir o‘rindagi javoblarga qo‘ymaslik;
savol real bo‘lishi zamonga mos kelishi, aniq mazmunga ega bo‘lishi;
bir savolni yechimi boshqasiga «kalit» bo‘lib xizmat qilmasligi;
ko‘p tanlovli testlarda to‘g‘ri javoblarni ketma-ket bermaslik va h.k.