Miyaning parazitar kasalliklari-Bosh miyaning eng ko`p uchraydigan parazitar kasalliklari sistitserkoz, exinokokkoz va toksoplazmozdir.
Sistitserkoz. Sistitserk cho`chqa solitori rivojlanishining ilk bosqichi – finna. Bu kasallik ifloslanib qolgan ovqat bilan birga hazm yo`liga gijja tuxumlari tushib qolganida kelib chiqadi. Gijja tuxumlari qon o`zanidan miyaga borib, shu yerda o`tirib qolishi mumkin. Odatda, bosh miya bir talay sistitserlar bilan zararlangan bo`ladi.
Klinik manzarasi. Kasallik ko`pincha bosh miya o`smalariga o`xshab ketadi. Kasallikning alomatlari juda xilma-xil bu, asosan, kasallik o`chog`ining miyada qanchalik ko`pligi va qaysi joyda o`rin olganiga bog`liq bo`ladi. Gipertenzion belgilar (bosh og`riq, qusish, ko`ruv nervining so`rg`ichida dimlanish) kuchayib boradi. Tutqanoq xurujlari ko`pincha Jekson xuruji ko`rinishida bo`ladi. Xuruj boshlanishi o`zgarib, goh o`ng yoki chap tomondan, goh qo`l yoki oyoqda qaltirash belgilari namoyon bo`ladi. Ruhiy buzilishlar: qo`zg`alish, depressiya, gallutsinatsiyalar, Korsakov alomati belgilari ko`rinishida bo`ladi.
Brunsa belgisi – bunda sistitserk IV qorinchada bo`lsa, bemor boshini birdan yon tomonga burganda kuchli bosh aylanish tufayli bemor yiqiladi, umumiy miya belgilari: bosh og`riq, qusish, ko`z oldining qorong`ilashishi, tomir urishning sekinlashishi, birdan teri rangining oqarib ketishi, ko`p terlash holatlari kuzatiladi. Sistitserkozga tashxis qo`yish maqsadida bir necha serologik reaksiyalar qo`llaniladi. Orqa miya suyuqligida Vozn reaksiyasining musbat bo`lishi, ko`z tubi, kalla suyagi rentgenografiyasi, kompyuter tomografiya xulosalariga asoslanadi. Orqa miya suyuqligida hujayralar sitoz – limfotsitlar hisobiga ko`paygan, ba`zan eozinofiliyalar uchraydi. Oqsillar soni
me`yorida yoki 0,5 g dan 2 g/1 gacha ko`payishi mumkin.
Davosi. Simptomatik davolar va ba`zan jarrohlik usullari qo`llaniladi.
Oldini olish choralari. Gigiyena qoidalariga amal qilish, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish, ovqatdan oldin qo`llarni sovunlab yuvish talab etiladi.
Bosh miyaning abstsess kasalligiga tashxis qoʼyishda bemorning shikoyatlari, kasallikning rivojlanish xususiyatlari, quloq, tomoq, burunda yiringli-yalligʼlanish va yurak kasalliklari mavjudligi, aniqlangan nevrologik umumboshmiya va oʼchoqli simptomlar, exo-entsefaloskopiya, bosh miya kompьyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshirish usullarining natijalari inobatga olinadi. Bosh miya abstsesslari oʼz vaqtida malakali tarzda davolanmagan hollarda kalla qutisi suyaklarining osteomieliti, miya qorinchalari ichiga yiringning yorib kirishi sababli davolanish mushkul boʼlgan meningit, meningoentsefalitlar, gidrotsefaliya, epilepsiya, qoʼl-oyoqlar falajlanishi singari ogʼir asoratlar va ushbu asoratlar sababli bemorning umri qisqarishi singari noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Bosh miya abstsesslari xirurgik usulda davolanishni taqozo etadi. Hozirgi vaqtda abstsess boʼshligʼini drenajlab yiringdan holi qilish, keyin antibakterial eritma bilan oʼrnatilgan uzoq muddatli drenaj orqali abstsess boʼshligʼini yuvib turish, shuningdek, uni ochiq usulda, yaʼni kalla suyagi ochilib kapsulasi bilan birga olib tashlash usullari amaliyotda qoʼllaniladi.
Bosh miya abstsessi kasalligining profilaktikasida sogʼlom turmush tarzining ahamiyati katta. Inson oʼzining salomatligiga bolalikdan jiddiy eʼtibor ajratishi, ota-onalarning goʼdaklarini sogʼlom ulgʼaytirishlari, tomoq, quloq, burun sohalaridagi yalligʼlanish kasalliklarini profilaktika qilish singarilar kasallikka chalinishga qarshi sinalgan choralardir.
Dostları ilə paylaş: |