Hadis ko‘pincha sunna so‘zi bilan ham yonma-yon keladi. Sunna so‘zining lug‘aviy ma’nosi – “odat”, “tariqa – yo‘l” bo‘lib, istilohiy ma’nosi – payg‘ambar odatlari, tutgan yo‘llari, taqrir (ko‘rib qaytarmagan) va buyurgan ishlariga nisbatan ishlatiladi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, hadislarning zamirida sunna yotadi. Islom ta’limotida e’tiqod mezonlarini belgilash va fiqhiy masalalarni hal etishda Qur’ondan keyin sunnaga asoslaniladi.
IX asr asosan mavjud hadis to‘plamlari qayta ishlagan holda ularni boblar bo‘yicha tasnif qilib, musannaflar yozish davri bo‘ldi. Bu esa hadislardan foydalanish uchun qulaylik tug‘dirdi. Islom olamida shunday musannaflardan oltitasi alohida e’tiborga molik sanaladi. Ular – eng katta obro‘ga ega bo‘lgan Imom Buxoriy (810-870) va Imom Muslimning (vaf. 875 y.) “Al-Jomi’ as-sahih” to‘plamlari, undan keyingi eng muhim asarlar – Abu Dovud, Termiziy (vaf. 892 y.), Nasoiy (vaf. 915 y.) va Ibn Mojaning (vaf. 886 y.) “as-Sunan” asarlaridir.
“Al-Jomi’ as-sahih” kitoblari o‘z ichiga biografik ma’lumotlar, Qur’on oyatlariga tafsirlar, diniy qonun-qoidalar, ijtimoiy va shaxsiy axloq mezonlarini ham qamrab oldi. “Al-Jomi’ as-sahih”ning ishonchlilik darajasi boshqa to‘plamlardan ko‘ra ancha yuqori hisoblanadi.
Hadislar sahih (sog‘lom), hasan (yaxshi), daif (zaif) va saqim (kasal) turlarga ajratildi. Sahih hadislar roviylar darajalari bo‘yicha etti xilga bo‘lindi:
1) Imom Buxoriy va Muslim keltirgan;
2) faqat Imom Buxoriy keltirgan;
3) faqat Imom Muslim keltirgan;
4) ikkala muhaddis ham keltirmagan, balki ularning shurutlari (shartlari) bo‘yicha rivoyat qilingan;
5) Imom Buxoriy shurutlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
6) Imom Muslim shurutlari bo‘yicha rivoyat qilingan;
7) boshqa ulamolar tomonidan tasdiqlangan hadislar.
Hadislarni o‘rganish fani “Ulum al-hadis” (“Hadis ilmlari”) deb ataladi. Bu sohada ko‘plab asarlar yaratildi. Ular orasida eng avvalgi davrda yozilgan boshqalariga nisbatan har tomonlama mukammal hisoblangan asar Abu Muhammad ar-Romahurmuziyning (vaf. 360/971 y.) etti jildli “al-Muhaddis al-fosil bayn ar-roviy va-l-voiy” (“Rivoyat qiluvchi va anglovchi orasini ajratuvchi muhaddis”) kitobidir. Undan keyingi o‘rinda Al-Hokim an-Nisoburiyning “Ma’rifat ulum al-hadis”, Ibn as-Salohning “Ulum al-hadis” nomli asarlari turadi. Bu fan hadislar va roviylar tasnifi, sahoba va tobiiylarni bilish, hadislarni rivoyat qilish, yozib olish, ulardagi xatoliklarni to‘g‘rilash, sanadda kelgan birinchidan tortib oxirgi roviygacha yashagan yillarini o‘rganishdan iborat bilimlar majmuasini o‘z ichiga oladi.
Islom ta’limoti va qoidalarining asosiy manbalari – Qur’on va hadislardan tashqari ikkinchi darajali manbalari ham mavjud. Ulardan biri ijmo bo‘lib, u Qur’on va hadis matnlarida aniq ko‘zda tutilmagan masalalar yuzasidan mashhur islom ulamolarining mazkur mo‘‘tabar manbalarga zid bo‘lmagan bir fikrga ittifoq qilishlarini bildiradi. VII asrning ikkinchi yarmidan yo‘lga qo‘yilgan ijmoning islom ahkomlarini bir me’yorda bo‘lishi hamda musulmonlar orasida turli ixtiloflar kelib chiqishining oldini olishdagi ahamiyati beqiyosdir.
SHuningdek, yana bir manba sifatida qiyos qabul qilingan bo‘lib, u ilk islomdan keyingi davrlarda vujudga kelgan, Qur’on yoki hadisda hukmi aytilmagan muammolarni avvalgi hukmlarga qiyoslab hukm chiqarish uslubidir. Bunda olimlar tarafidan mo‘‘tabar manbalar matnida o‘rganilayotgan muammoga o‘xshash masalalar tadqiq qilinadi. SHu asosda mantiqiy javob topilib, hukm qilinadi. Qiyos jamiyatda vujudga keluvchi turli muammolarni mantiqiy jihatdan oson hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.