to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning
kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi.
Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning
g‘ayritabiiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir.
Dinning psixologik ildizi, avvalo, inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish
darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’i nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod
qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo‘lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga
cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo‘lgan tengsizlik, qashshoqlik va
adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o‘zgartira yoki enga olmaganligi bilan bog‘liq.
Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga
keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan
ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi.
Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson
g‘ayritabiiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzod
taskin, tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinning siyosiy ildizlari turli siyosiy kuchlarning dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida
foydalanish imkoniyati va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlashi orqali, uning
jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytirishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda din va siyosat o‘rtasida
ham uzviy va doimiy aloqa mavjud.