Ikkinchidan, YeOII mamlakatlari geografik joylashuvi va tarixiy aloqalar nuqtai-nazardan O‘zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Shundan kelib chiqqan holda so‘nggi yillarda O‘zbekiston YeOIIga a’zo-davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda. O‘z o‘rnida O‘zbekistonning tanlagan iqtisodiy rivojlanish yo‘li xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan YeOII bilan samarali hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi.
Bu, bir tomondan, ushbu Ittifoqda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarimiz tobora kengayib borayotgan strategik hamkorlarimiz bo‘lgan Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining a’zo ekanligi, ikkinchi tomondan – kengroq iqtisodiy makonda mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat yaratilishi bilan bog‘liq.
Misol uchun, 2017-2019 yillarda O‘zbekistonning YeOIIga a’zo-davlatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi yiliga 26 foizga oshib, qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonning YeOII bilan tashqi savdosidagi ulushi deyarli 30%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi esa 75% dan ortiqni tashkil qiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi savdo yuklarining 80% YeOII davlatlari hududi orqali o‘tadi.
Uchinchidan, eng muhim omillardan biri – bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tarixiy rivojlanishining muhim bosqichini bosib o‘tmoqda. Oxirgi yillarda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotni modernizatsiyalash, investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni joriy qilishga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda. O‘z navbatida, yuqoridagi vazifalarning YeOII doirasida ustuvor
31
yo‘nalishlar sifatida belgilanganligi ushbu tashkilot bilan faol hamkorlik qilishni taqozo etadi. Xususan YeOIIda 2025 yilga qadar O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan qo‘yidagi yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy, uyg‘unlashgan bozor va makon tashkil qilish, shuningdek, iqtisodiy integratsiyani jadallashtirish rejalashtirilgan.