Misr madaniyatining o’ziga xos xususiyatlari. Qadimgi misrliklar tuzilishi bo`yicha murakkab, mazmunan boy madaniyat yaratdilar. Bu madaniyat ko`pgina yaqin sharq xalqlarining madaniy taraqqiyotiga hayotbaxsh ta'sir ko`rsatdi.
Misr madaniyati to`rt ming yil davomida shakllandi. Qadimgi Misr madaniyatining taraqqiyotini nima belgiladiq Birinchi navbatda, Qadimgi Misr ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotining o’ziga xos xususiyatlari, Nil vodiysining o’zlashtirilishi, dehqonchilikning oqilona tashkil qilinishi, umummisr iqtisodining yuksak taraqqiyoti madaniy o’sishning moddiy asosini yaratdi. Shu bilan birga madaniyat sohasidagi yutuqlar, ta'lim, fan qadimgi misrliklarning umumiy ma'naviy taraqqiyoti yuksalishi bu ijtiomiy-iqtisodiy taraqqiyotni va davlatni takomillashtirishning asosiy sabablaridan biri bo’ldi.
Qadimgi Misr madaniyatida qator o’ziga xos xususiyatlar borki, bu madaniyatni chuqur takrorlanmas tizimini hosil qiladi. Uning o’ziga xosligi va betakrorlanmasligi sinfiy jamiyat va davlatni kelib chiqishi hamda Nil vodiysining yopiq geografik joylashuvi natijasida boshqa xalqlarning madaniy yutuqlarini o’zlashtirishning q iyinligi bo’ldi. Nil vodiysining tabiiy sharoiti butun Misr madaniyatida chuqur iz qoldirdi. Xo’jalik hayotida Nil daryosining yetakchi o’rni, dengizdan uzoqlik, Nilni o’rab turgan jonsiz sahro, o’zining qumli bo’ronlari, jazirama issig`i, yirtqich hayvonlari bilan qadimgi Misr dunyo qarashini va diniy e'tiqodini, qadriyatlarining butun tizimining xususiyatini belgiladi.
Fir'avnning kuchli hokimiyati orqali tashkil qilingan umum jamoa mehnati bilan misrliklar qulay hayot uchun shart-sharoit yaratdilar. Shu bois tabiatning dahshatli kuchlari oldidagi qo’rqinch, fir'avnning qudratli hokimiyati, dahshatli xudolar, ularning ulug`vorligi va qudrati qadimgi misrliklarning dunyo-qarashiga singib ketgan edi. Oddiy odamlar qudratli xudolar va yanada qudratli fir'avnlar,ularni amaldorlari oldida o’zini juda zaifligi va kuchsizligini his qilgan.
Misr madaniyatiga chuqur konservatizm va an'anaviylik xos. Misrliklar o’zlarining madaniy qadriyatlar tizimiga biror bir yangilik kiritishdan qochdilar. Aksincha ularda o’zlariga ma'lum g`oya, qonun, badiiy uslublarni asrash va taqlid qilish uzoq asrlar asosiy tamoyil bo’lib qoldi. Albatta bu hol yangi unsur, g`oya va uslublarni inkor qilmadi, ammo ular asta-sekin paydo bo’ldi. Shu sababli Misr ustalari doimo rioya qilgan an'anaviylik va konservatizm Misr san'ati uchun xos bo’lgan konseptuallik va yuqori malakalilik, mohirlik, uyg`unlikni o’zida aks ettirib nihoyasiga yetkazib ishlangan. Bu sof Misr qonun va obrazlarini yaratilishiga olib keldi.