462-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat ta’tili Agar masofadan turib ishlovchi xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi uzoqroq bo‘lgan har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega bo‘lmasa, uning har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.
Masofadan turib ishlovchi xodimga har yilgi mehnat ta’tilini va boshqa turdagi ta’tillarni berish tartibi masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksga hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
463-modda. Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun, mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar ishlarni bajarish uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqtidan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash miqdori ish beruvchining ishlab chiqarishida band bo‘lgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlari bilan taqqoslanadigan bo‘lishi kerak.
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash, basharti u mehnat normalarini va mehnat vazifalarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi va biron-bir eng katta miqdor bilan cheklanmasligi kerak.
Masofadan turib ishlovchi xodim o‘z mehnatini amalga oshirayotgan joyda ish haqiga nisbatan hududiy koeffitsiyent belgilangan bo‘lsa, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
464-modda. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.
Agar masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishib chiqishi elektron hujjat tarzida amalga oshirilsa, ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimga mazkur mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni lozim darajada rasmiylashtirilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali qog‘ozda yuborishi shart.