235-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida xodimga har yilgi mehnat ta’tilini berish Jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida (bundan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilingan hollar mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat ta’tillarini keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni tugatgan holda xodimning yozma arizasi asosida berish nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat shartnomasini uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish chog‘ida keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holdagi ta’til har yilgi mehnat ta’tilining vaqti ushbu shartnoma muddatining chegarasidan to‘liq yoki qisman chiqib ketganda ham berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda har yilgi mehnat ta’tilining oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilinadigan kun deb hisoblanadi.
Xodimning tashabbusiga ko‘ra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat ta’tilini berish chog‘ida ushbu xodim mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasini o‘zining mehnat ta’tili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olish huquqiga ega.
5-§. Ijtimoiy ta’tillar 236-modda. Ijtimoiy ta’tillar tushunchasi Xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan ta’tillar ijtimoiy ta’tillardir.
237-modda. Qonunchilikda belgilangan ijtimoiy ta’tillar Ushbu Kodeksga muvofiq xodimlar quyidagi ijtimoiy ta’tillarni olish huquqidan foydalanadi:
homiladorlik va tug‘ish ta’tillari (ushbu Kodeksning 404-moddasi);
bola parvarishlash ta’tili (ushbu Kodeksning 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari);
o‘quv ta’tili (ushbu Kodeksning 385-moddasining birinchi qismi);
ijodiy ta’tillar (ushbu Kodeksning 387-moddasining birinchi qismi).
Xodimlarga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy ta’tillarni berish xodimning mehnat stajiga, u bajaradigan ishning joyi va xususiyatiga, ish beruvchining tashkiliy-huquqiy shakliga bog‘liq emas.
Xodim o‘quv ta’tilida (ushbu Kodeks 385-moddasining birinchi qismi) yoki ijodiy ta’tilda (ushbu Kodeks 387-moddasining birinchi qismi) bo‘lgan vaqtida uning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi. Bundan oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirganda beriladigan ish haqi saqlanmaydigan ta’til mustasno.
Ayol tug‘ishdan oldingi va tug‘ishdan keyingi ta’tilda bo‘lgan vaqtida (ushbu Kodeksning 404-moddasi) unga qonunchilikda belgilangan miqdorda hamda tartibda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi.
Bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davrida bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda bolani parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.
O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq nafar bola yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biri (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxs) davomiyligi to‘rt kalendar kun bo‘lgan har yilgi ijtimoiy ta’tilda bo‘lgan davrida uning ushbu ta’til davri uchun o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi (ushbu Kodeksning 401-moddasi).
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan ijtimoiy ta’tillar, bundan Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash ta’tillari mustasno, navbatdagi har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritiladi.