244-modda. Xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlar Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi quyidagi asosiy kafolatlar nazarda tutiladi:
mehnatga haq to‘lash sohasida kamsitishni taqiqlash;
teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash;
ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qo‘yish;
mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash;
ish haqini to‘lash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish;
normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik (ish vaqtidan tashqari, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari, tungi vaqtda ishlash) uchun mehnatga haq to‘lashning kafolatlangan miqdorlarini belgilash;
ushbu Kodeks 100-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga muvofiq ish beruvchining faoliyati tugatilgan hamda u to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lgan taqdirda xodim tomonidan ish haqi olinishini ta’minlash;
budjet tashkilotlari xodimlari uchun mehnatga haq to‘lashning davlat tariflarini belgilash;
xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash;
xodimning ishlab topilgan mablag‘larni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda qonunchilikda belgilanganiga nisbatan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
Jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari jamoa kelishuvida belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.