397-modda. Uch yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan birining (vasiysining) qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga bo‘lgan huquqi Uch yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.
Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash har kungi to‘liq ish davomiyligida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
Uch yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtirilmaydigan ish beruvchilarda ishlaydigan ota-onasidan biriga, vasiysiga qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanishi mumkin.
398-modda. Homilador ayollar va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslarga to‘liqsiz ish vaqti belgilash Ish beruvchi homilador ayolning, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan birining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra ularga tibbiy xulosaga muvofiq to‘liqsiz ish vaqti belgilashi shart.
399-modda. Qo‘shimcha dam olish kuni O‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni berilib, davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan shu vaqt uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa to‘lanadi.
400-modda. Homilador ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul shaxslarga yillik mehnat ta’tillarini berish navbatini belgilashdagi imtiyozlar Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik mehnat ta’tili, ularning xohishiga ko‘ra, tegishincha homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin beriladi.
Homilador ayollarni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga yillik mehnat ta’tili, uning xohishiga ko‘ra, bola parvarishlash ta’tilidan oldin yoxud undan keyin beriladi.
Ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida o‘z xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tili:
birinchi ish yili uchun — ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar;
keyingi yillarda — ta’tillar berish jadvalidan qat’i nazar beriladi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bitta va undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz otaga, yolg‘iz onaga (beva erkaklarga, beva ayollarga, nikohdan ajrashganlarga, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik mehnat ta’tillari, ularning xohishiga ko‘ra, ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda beriladi.
401-modda. O‘n ikki yoshga to‘lmagan bolalarning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) beriladigan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu ta’tildan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib), lekin faqat tegishli ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu ta’tilni keyingi ish yiliga ko‘chirishga yoki uni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
402-modda. O‘n ikki yoshga to‘lmagan bolalarning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan birining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning) ish haqi saqlanmagan holda ta’til olish huquqi O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga), ularning xohishiga ko‘ra, har yili ish haqi saqlanmagan holda davomiyligi kamida o‘n to‘rt kalendar kun bo‘lgan ta’til beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu ta’tildan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib), lekin faqat joriy ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu ta’tilni keyingi ish yiliga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.