413-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari sohasida esa ular uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanadi.
414-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarning majburiy tibbiy ko‘riklari O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik ular o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Ushbu Kodeksning 360-moddasida nazarda tutilgan majburiy tibbiy ko‘riklar ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
415-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi Ish vaqtining davomiyligi o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
O‘quv yili davomida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilarning ish vaqti davomiyligi ushbu moddaning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng ko‘p davomiyligining yarmidan oshishi mumkin emas.
416-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi Har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi quyidagilardan oshishi mumkin emas:
o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun — olti kunlik ish haftasida — to‘rt soatdan, besh kunlik ish haftasida — besh soatdan, o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun esa olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu o‘ttiz daqiqadan;
o‘quv yili davomida ishni o‘qish bilan birga olib boruvchi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tashkilotlarining o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun — olti kunlik ish haftasida — ikki soatdan, besh kunlik ish haftasida — ikki soatu o‘ttiz daqiqadan, o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun esa olti kunlik ish haftasida — uch soatdan, besh kunlik ish haftasida — to‘rt soatdan.
417-modda. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishni, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishni taqiqlash O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborish, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlar yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlariga muvofiq ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidadan mustasnodir.