Mehnat ta’tillarini berish va ulardan foydalanish.
Ish vaqti tushunchasi va uning turlari
Ish vaqti – xodimning ijtimoiy tashkil etilgan mehnatda ishtiroki davomiyligi meʼyori boʻlib, xodim bevosita oʻz mehnat vazifalarini bajarishi uchun lozim boʻlgan, qonun bilan yoki qonun asosida belgilangan vaqt.
Mehnat Kodeksi 114-moddasiga koʻra, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
Bundan kelib chiqadiki, ish vaqti:
qonun bilan yoxud, unga muvofiq ravishda bir kun, bir hafta va boshqa kalendar davrga belgilangan, xodimning korxonada ishlashi lozim boʻlgan soatlar soni (masalan, kuniga 7-8 soat, haftasiga 40 soat);
kalendar vaqtning bir qismi (muayyan kunlar va soatlar). Bu vaqt ichida xodim oʻz ish joyida boʻlib, topshirilgan ishni belgilangan grafik yoxud tartibga muvofiq yoki ulardan tashqari (ish vaqtidan keyin, dam olish kunlari ishlash) vaqtda bajarilishi lozim;
haqiqatda ishlangan vaqt. Bu vaqt ichida xodim mavjud grafik yoki tartibga muvofiq ravishda, shuningdek ish beruvchining buyrug’i yoki ruxsati boʻlgan taqdirda mavjud grafik, tartibdan tashqari oʻz ish joyida haqiqatdan boʻlib, mehnat vazifalarini bajaradi. Mehnat qonunchiligiga koʻra, haqiqatda ish bajarilmagan davrlar (masalan, bekor turib qoldirilgan vaqt, haq toʻlanadigan tanaffuslar) ham ish vaqtiga qoʻshiladi.
Ish vaqti ishlab chiqarish uchun ketgan mehnat sarfi va mehnat xarajatlari hajmini ifodalaydi, yaʼni mehnatning oʻlchovi hisoblanadi. Ish vaqtini oʻlchashning asosiy birliklari kishi-kun, kishi-soat, kishi-minut (xronometraj, ish vaqti fotografiyasi va lahzaviy kuzatishlar oʻtkazish), kishi-oy, kishi-chorak, kishi-yil kabilardan iborat. Tabel hisobi kishi-kunda hisoblanadigan ish vaqti haqidagi maʼlumotlarning asosiy manbaidir. Korxona va muassasalarda mehnat rejimlarini ratsional oʻrnatish, ish grafiklarini, ish kuni davomida ishlash va dam olish rejimlarini tuzish, asbob-uskunalar va ishchilarning bekor turish vaqtini hamda ish vaqtini unumsiz sarflashini tugatish tadbirlari ishlab chiqiladi. Mehnat rejimi ish boshlanishi va tugashi, ovqatlanish uchun tanaffus vaqti hamda korxona xodimlarining oʻz vazifalarini bajarayotgan vaqtdagi axloq qoidalarini, huquq va burchlarini aniqlashni koʻzda tutadi. Ish va dam olish kunlarining almashinuvini, smenalarning davom etish vaqtini, ishchilarini bir smenadan ikkinchisiga oʻtish tartiblarini belgilash uchun ish grafiklari tuziladi. Ya’ni, korxonada ish vaqti ichki mehnat tartibi qoidalari, smenalar grafigi, shuningdek, mehnat shartnomasi va jamoa shartnomalarida belgilab qoʻyiladi.
Mehnat qonunchiligida ish vaqtining bir nechta alohida turlari koʻrsatilgan. Ular jumlasiga ish vaqtining normal muddati, ish vaqtining qisqartirilgan muddati hamda toʻliqsiz ish vaqti kiradi. Ish vaqtining bunday koʻrinishlari amaliyotda ish kuni, ish smenasi deb ham yuritiladi.
Normal ish vaqti – qonun bilan yoki qonun asosida belgilab qoʻyilgan muddat mobaynidagi kunlik ish vaqti, ish haftasidan iborat. Bundan ortiq ishlagan vaqt, odatda, ish vaqtidan tashqarida bajarilgan ishlar hisoblanadi. Xodimlar uchun ish vaqtining meʼyoriy muddati haftasiga 40 soatdan ortiq boʻlmasligi, 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati – 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida – 8 soatdan ortib ketmasligi shart (MKning 115-moddasi).
Ish vaqtining qisqartirilgan muddati deganda, xodimlarning mehnatini muhofaza qilish, ishni oʻqish bilan olib borish uchun qulay sharoitlar yaratib berish yoshlar va mehnat qobiliyati pasaygan shaxslarni ular sog’lig’iga zarar yetkazmagan, mehnatga jalb etish maqsadida normal 40 soatlik ish haftasi oʻrniga qonunlarda koʻzda tutilgan qisqartirilgan ish vaqti muddati tushuniladi. Masalan, qisqartirilgan ish haftasida odam belgilangan me’yor boʻyicha ishlaydi, ya’ni kuniga 8 soatdan, ammo haftasiga 5 kun emas, masalan, uch yoki toʻrt.
Mehnat kodeksining 116-moddasida ta’kidlab oʻtilganidek, ayrim toifa xodimlar uchun ularning yoshi, sog’lig’i, mehnat sharoitlari, mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari oʻzga holatlarni inobatga olib, mehnat toʻg’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Ish vaqtining qisqartirilgan muddati quyidagilar uchun belgilanadi:
18 yoshga toʻlmagan xodimlarga (242-modda);
I va II guruh nogironlari boʻlgan xodimlar (220-moddaning uchinchi qismi);
Noqulay mehnat sharoitidagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga(117-modda);
Alohida tusdagi ishlarda band boʻlgan xodimlar (118-modda);
3 yoshga toʻlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar (Mkning 228-moddasi).
MKning 242-moddasida 18 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun qisqartirilgan ish vaqti muddati belgilangan. Unga koʻra, 16 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan xodimlarga haftasiga 36 soatdan, 15 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun esa haftasiga 24 soatdan oshmaydigan, ta’til davrida ishlayotgan yoki oʻqishdan boʻsh vaqtlarida mehnat qilayotgan 14 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar uchun ham ana shunday qisqartirilgan ish vaqti belgilangan (MKning 242- moddasi). Muhimi, qonun boʻyicha haftasiga 24 va 36 soatlik ish vaqti ular qayerda ishlashidan yoki ishlab chiqarish ta’limini qayerda oʻtayotganliklaridan qat’i nazar belgilanadi. Bunda kunlik ish muddati olti kunlik ish haftasida 4 va 6 soatdan, besh kunlik ish haftasida esa 5 va 7 soatdan oshmasligi kerak.
Mehnat kodeksining 220-moddasida 1 va 2-guruh nogironlari uchun ish vaqtining haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati nazarda tutilgan.
Mehnat qonunchiligida noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar ham ish vaqtining qisqartirilgan muddatini belgilash koʻzda tutilgan. Respublika mehnat qonunchiligida mehnat jarayonida sog’lig’iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta’sir etadigan xodimlar uchun ish vaqtining haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilangan (MKning 117-moddasi).
Ma’lumki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi uning tarkibiy boʻlinmasi sifatida faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 29-iyundagi 378- sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi toʻg’risida”gi Nizomga muvofiq, bu organning zimmasiga talay mas`uliyatli vazifalar, jumladan, noqulay mehnat sharoitlari boʻyicha qoʻshimcha ta’til va qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan roʻyxatlar va koʻrsatkichlarning toʻg’ri qoʻllanishi ustidan davlat nazoratini oshirish, shuningdek, bu roʻyxatlarga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi tegishli xulosalar tayyorlash, ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish usullarini taklif etish, mehnat sharoitini baholash va ularni ekspertiza qilish uchun tegishli normativlarni ishlab chiqish va yangilash kabi vazifalar yuklatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻg’risida” 2001-yil 11-maydagi 216-II-son qonuniga binoan, aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar mehnat sharoiti noqulay va oʻziga xos ishlarda band boʻlgan shaxslar jumlasiga kiritiladi va ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
Mehnat kodeksining 117-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta og’ir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining muddati chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan belgilanadi. Mazkur ishlarning roʻyxati va ish vaqtining aniq muddati Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilanadi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori bilan “Alohida tusga ega boʻlgan ishlardagi qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan xodimlar roʻyxati” hamda “Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati” tasdiqlangan. Unga koʻra, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy ta’minot хalq ta’limi, oliy va oʻrta maхsus ta’lim va pedagog хodimlar televideniye va radioeshittirish sohalarining ayrim хodimlariga qisqartirilgan ish vaqtida faoliyat yuritish huquqi berilgan.
Ma’lumki, bolalarni tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish hamda xotin-qizlarning mehnat manfaatdorligini oshirish maqsadida 1999- yil 14- aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarga qoʻshimcha imtiyozlar toʻg’risida”gi Qonuni qabul qilingan. Ushbu qonunga muvofiq, 3 yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddat belgilangan. Bu qoida moliyaviy jihatdan byudjet hisobidan ta’minlanadigan muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ham tegishli.
Mehnat kodeksining 119-moddasida toʻliqsiz ish vaqtini belgilash nazarda tutiladi. Mazkur moddaga binoan, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, ishga qabul qilish chog’ida ham, keyinchalik ham, toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilab qoʻyilishi mumkin. Ish beruvchi tomonidan Mehnat kodeksida, shuningdek, mehnat toʻg’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda, xodimning iltimosiga koʻra, toʻliqsiz ish vaqti belgilab qoʻyilishi shart. Shunisi ham muhimki, TMEK (tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi)ning nogironlar uchun ish vaqti rejimini joriy qilish haqidagi tavsiyalarini bajarish ish beruvchi uchun majburiy hisoblanadi (MKning 220- moddasi).
Ayni vaqtda, toʻliqsiz ish kuni oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan xodimlar uchun ham belgilanadi. Amaldagi qonunchilikka binoan, toʻliqsiz ish kunini belgilash yoki uni bekor qilish sharti mehnat shartnomasi, taraflarining kelishuvi asosida, ba’zan esa xodimning talabi boʻyicha (masalan, MKning 229-moddasi) amalga oshiriladi. Toʻliqsiz ish vaqti mehnat shartnomasida, albatta, koʻrsatilishi kerak. Toʻliqsiz ish vaqti sharti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat ta’tili muddatini, mehnat stajini hisoblashda hamda boshqa mehnat huquqlarini biron-bir tarzda cheklash uchun asos boʻlmaydi.
Bunday hollarda, xodimning ishlagan vaqtiga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda haq toʻlanishi shart.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, toʻliqsiz ish vaqti qisqartirilgan ish vaqtidan mehnatga haq toʻlash tartibi bilan farqlanadi. Agar toʻliqsiz ish kunida mehnatga haq toʻlash ishlangan vaqt, bajarilgan ishga qarab amalga oshirilsa, qisqartirilgan ish vaqtida mehnatga qonunchilik bilan belgilangan miqdorda toʻliq haq toʻlanadi.