Ta’tilnikoʻchirish deganda xodimga mehnat ta’tilini yoki uning faqat ayrim qismini ta’tillar jadvalida belgilanganidan farq qiluvchi muddatda berish tushuniladi.
Ta’tilniboʻlish – bu undan ish yili mobaynida qismlar boʻyicha foydalanish imkoniyati boʻlib, qismlardan biri qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi lozim.
Mehnat Kodeksi 145-moddasiga muvofiq, xodimlar quyidagi hollarda ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga koʻchirish huquqiga egadirlar:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
homiladorlik va tugʻish ta’tili muddati boshlanganda;
yillik ta’til oʻquv ta’tiliga toʻgʻri kelib qolganda;
davlat va jamoat vazifalarini bajarayotganda, basharti qounlar yoki boshqa normativ hujjatlarda bunday vazifalarni bajarishi uchun xodimni ishdan ozod etish nazarda tutilgan boʻlsa.
Xodim belgilangan muddatda ta’tilning boshlanish vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilinmagan yoki unga ta’til boshlangunga qadar ta’til vaqti uchun haq toʻlanmagan taqdirda ham ish beruvchi xodimning arizasiga binoan mehnat ta’tilini boshqa vaqtga koʻchirishi shart. Ish beruvchi, shuningdek, qonunlar va mehnat toʻgʻrisidagi boshqa normativ hujjatlarga muvofiq, ta’tildan oʻzlari uchun qulay vaqtda foydalanish huquqiga ega boʻlgan xodimlarning ham ta’tilni boshqa muddatga koʻchirish haqidagi iltimosini qanoatlantirishi shart.
Yuqorida qayd etib oʻtilganidek, xodim ta’til davrida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yuzaga kelsa, ta’tilni koʻchirish huquqiga ega. Mazkur holda, xodimga kasallik boshlangan kundan e’tiboran sogʻayib ketguncha vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi, nafaqat, xodimning oʻzi kasal boʻlganda, balki ba’zi boshqa hollarda ham, chunonchi oilaning betob a’zosini parvarish qilganda ham toʻlanadi. Demak, oilaning betob a’zosini parvarish qilgan boʻlsa va bu vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi bilan tasdiqlangan boʻlsa, unga nafaqa toʻlanadi, ta’til esa oilaning betob a’zosi parvarish qilingan kunlar soniga monand uzaytirilishi kerak.
Mehnat ta’tili har yili, ta’til qaysi ish yili uchun berilayotgan boʻlsa, shu ish yili tugagunga qadar berilishi lozim. Mehnat Kodeksi 143-moddasining oltinchi qismiga muvofiq, mehnat ta’tilining oʻn ikki ish kunidan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin. Yana shuni esda tutish kerakki, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarga yillik ta’tilni, shuningdek, mehnat sharoiti noqulay va oʻziga tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga yillik qoʻshimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi. Demak, Mehnat Kodeksi quyidagi ta’tillarning keyingi ish yiliga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaydi:
mehnat ta’tilini xodimning oʻz roziligisiz;
butun mehnat ta’tilini toʻlaligicha. Ta’tilning oʻn ikki kunidan ortiq qismigina koʻchirilishi mumkin;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga beriladigan mehnat ta’tillari;
noqulay va oʻziga xos mehnat sharoitlarida, shuningdek, ogʻir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun qonun hujjatlari bilan belgilangan qoʻshimcha ta’tillar.
Amaliyot shundan dalolat beradiki, xodimlarda koʻpincha oʻzining yillik mehnat ta’tilini qismlarga boʻlib foydalanish zaruriyati paydo boʻladi.
Masalan, xodimga umumiy muddati 24 ish kunidan iborat yillik mehnat ta’tili belgilangan. Qonun hujjatlari ta’til nechta qismga boʻlinishi mumkinligini belgilab qoʻymaganligi sababli mazkur xodim ta’tilning muddati 12 ish kunidan iborat qismidan bir vaqtda, ta’tilning qolgan 12 ish kunidan esa boshqa vaqtda foydalanishi yoki uni qismlarga boʻlib (2,3,4 ish kuni boʻyicha va hokazo) foydalanishi mumkin.
Xodimni ta’tildan chaqirib olish. Mehnat Kodeksining 147- moddasiga muvofiq, ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Shu sababli, xodim ish beruvchining ta’til tugamasdan oldin ishga chiqish toʻgʻrisidagi farmoyishini bajarishni rad etishini mehnat intizomining buzilishi, deb hisoblamaslik kerak. Agar xodimga ta’tilning qonun hujjatlariga muvofiq, joriy yilda ish yiliga koʻchirilmaydigan qismini ish yili tugagunga qadar berishning imkoniyati boʻlmasa, uni ta’tildan chaqirib olish mumkin emas.