47-modda. Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishni taqiqlash Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining qonuniy faoliyatiga har qanday shaklda to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.
Ish beruvchilarning tashabbusi bilan xodimlar vakillarining faoliyatini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimlar vakillarining qonuniy faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan yoxud ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlarni sodir etgan ish beruvchilar, ular vakolat bergan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Xodimlar va ish beruvchilar vakillarining faoliyati o‘z ta’sis hujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek sudning qarori bilan tugatilishi mumkin.
6-bob. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik organlari 48-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik organlari tizimi Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik organlari tizimini boshlang‘ich, hududiy, tarmoq va respublika darajalarida tuziladigan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etadi.
Xodimlar va (yoki) ish beruvchilar tomonidan vakolat berilgan bir necha vakillar mavjud bo‘lgan taqdirda, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar tarkibi mutanosib vakillik prinsipi asosida, taqdim etilayotgan xodimlar va ish beruvchilarning soniga qarab shakllantiriladi.
49-modda. Boshlang‘ich darajadagi ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya Boshlang‘ich darajada xodimlar va ish beruvchining teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuziladi.
Taraflarning har biridan bo‘lgan vakillarning son jihatidan tarkibi ish beruvchining kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuviga ko‘ra belgilanadi. Ish beruvchi vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchining buyrug‘i bilan, kasaba uyushmasi qo‘mitasi vakillarining shaxsiy tarkibi esa kasaba uyushmasi qo‘mitasining qarori bilan tasdiqlanadi.
50-modda. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar Xodimlar va ish beruvchilarning teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha ikki tomonlama yoxud uch tomonlama hududiy komissiyalar tuzilishi mumkin.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha ikki tomonlama hududiy komissiya tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari vakillari kiradi.
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama hududiy komissiya xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari taklifi asosida tuziladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama hududiy komissiya tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari vakillari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari kiradi.
Taraflarning har biridan bo‘lgan vakillarning son jihatidan tarkibi taraflarning kelishuviga ko‘ra belgilanadi. Xodimlar vakillarining shaxsiy tarkibi xodimlarning tegishli hududiy birlashmasi tomonidan, ish beruvchilar vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchilarning hududiy birlashmasi tomonidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi vakillarining shaxsiy tarkibi esa ushbu organ rahbari tomonidan belgilanadi.