5-bob. Xodimlarning va ish beruvchilarning ijtimoiy sheriklikdagi vakilligi 42-modda. Xodimlarning vakilligi Tashkilotda yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchida xodimlarning vakilligini hamda ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni boshlang‘ich darajada kasaba uyushmasi qo‘mitasi amalga oshiradi. Xodimlarning va ish beruvchilarning manfaatlarini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi hamda himoya qilishi mumkin emas.
Xodimlar vakilligini, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni quyidagilar amalga oshiradi:
hududiy va tarmoq darajalarida — tegishli kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari va bo‘linmalari (bundan buyon matnda hududiy va tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari deb yuritiladi);
respublika darajasida — respublika kasaba uyushmalari birlashmalari.
43-modda. Xodimlar vakillarining huquqlari Xodimlarning vakillari quyidagi huquqlarga ega:
jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomalarini tuzish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
ijtimoiy sheriklikning turli darajalarida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish masalalarini hal qilishda ishtirok etish;
tashkilotning ichki normativ hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda esa ish beruvchi tomonidan tegishli ichki hujjat qabul qilinishiga o‘z roziligini yoki noroziligini bildirish;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
ish beruvchilarga, ularning vakillariga mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha takliflar kiritish;
vakolatli davlat organlariga xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etishni to‘xtatish to‘g‘risida takliflar kiritish;
mehnat masalalari, tashkilotning faoliyati, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha zarur axborot olish;
ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish, ish beruvchilardan, ularning vakillaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlarni olish;
mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) organlarida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish;
ish beruvchining va u vakolat bergan shaxslarning qarorlari ustidan, agar ular qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga zid bo‘lsa yoxud xodimlarning huquqlarini boshqacha tarzda buzadigan bo‘lsa, sudga shikoyat qilish;
agar xodimlarning ijtimoiy-mehnat munosabatlaridagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa harakatlar qonunchilikka zid bo‘lmasa, ularni ham amalga oshirish.
Xodimlarning vakillari tomonidan huquqlarni amalga oshirish ish beruvchilarning ish samaradorligini pasaytirmasligi, ularning belgilangan ish tartibi va rejimini buzmasligi kerak.