3. Hujjatlarni o`rganish metodi Hujjatlarni o`rganish metodi sotsiologiya fanidan kirib kelgan. Bu metodning qator afzalliklari bor. Ulardan muhimlari shundan iboratki, u faoliyatning mahsulini tekshirishga imkon beradi hamda to’plangan ma`lumotlarning ishonchliligi, matematik qayta ishlash imkoniyatining borligi bilan ajralib turadi. Hujjat deganda og’zaki (so`zlangan nutq matnlari, suhbatlarning yozib olgan qismlari, bevosita muloqot) yoki yozma (rasmiy hujjatlar, gazetalar, jurnallardagi maqolalar, xatlar, siyosiy yoki badiiy adabiyot materiallari) holda tavsiya etilgan ma`lumotlar nazarda tutiladi. Ana shu materiallarni ma`naviy jihatdan ham sifat, ham miqdoriy analiz qilinish usuli sotsial psixologiyada kontent analiz deb ataladi.
Kontent analizning ilmiy mohiyati shuki, uning yordamida biror matnda ma`lum fikr, g’oya yoki tushunchalarning necha marta qaytarilishi qayd etiladi, ya`ni ma`lum mazmun miqdor ko’rinishiga keltiriladi. Bu metodning asoschilari amerikalik sotsiologlar X.Lassuell va B.Berelsonlar bo`lib, ular bu usulni birinchi marta ikkinchi jahon urushi yillarida bir siyosiy gazetaning mazmunini, g’oyaviy yo`nalishini aniqlash maqsadida qo’llagan edilar. Ular ”Haqiqiy amerikalik” nomli gazetaning kundalik chiqishlarini kontent analiz qilib, ularni fashistik yo`nalishdagi gazeta ekanligini isbot qilishgan va uning chiqishini ta`qiqlashga erishgan edilar.
Kontent analizni qo’llashda tadqiqotchi oldida turgan asosiy muammo bu tekshiruv birliklari kategoriyalarini aniqlashdir. Chunki, bunday birliklar tadqiqotning maqsadi va tadqiqotchining e`tiqodi va dunyoqarashiga ko’ra har xil bo`lishi mumkin. Masalan, o’sha kontent analizning asoschilari Lassuell va Berelsonlar bunday birlik ramziy birlik yoki simvollar bo`lishi mumkin, deb hisoblashgan bo`lsalar, boshqa amerikalik tadqiqotchi L.Lovyontal bunday birlik yaxlit mavzu bo`lishi kerak, deb hisoblaydi. Rus sotsiologlari va tadqiqotchilari esa Sotsial g’oya yoki ahamiyatli mavzu bo`lishi kerak, degan fikr tarafdorlari. Aslida, ma`naviy birliklar kontent analizda ilmiy taxmin va tadqiqotchining metodologik asoslari bilan belgilanishi kerak.