Fanlararo tadqiqot metodlari–asosan fan sohalari tutashgan joyda amal qiladigan (metodologiyaning turli darajasi elementlarini birlashtirish natijasida yuzaga kelgan) bir qancha sintetik va integrativ usullar majmui. Mazkur metodlar kompleks ilmiy dasturlarni amalga oshirishda keng qo‘llaniladi.
Falsafa metodlari. Falsafa metodlarining asoslari bevosita amaliy faoliyat bilan bog‘liq. Turli konkret vazifalarni hal qilishning zaruriy shartlaridan biri universal xususiyatga ega bo‘lgan umumiy falsafiy metodlarga murojaat qilishdir. Bu metodlar haqiqatni anglashda umumiy yo‘lni ko‘rsatadi. Mazkur metodlarga falsafaning qonun va kategoriyalari, kuzatish va tajriba, taqqoslash, analiz, sintez, induksiya, deduksiya va h.k.lar taalluqli. Agar maxsus metodlar ob'ektning qonuniyatlarini o‘rganishning xususiy usullari sifatida namoyon bo‘lsa, falsafiy metodlar shu ob'ektlarda namoyon bo‘ladigan, alohida xususiyatlardagi harakat, taraqqiyotning eng umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. Aynan shu o‘rinda tajriba hal qiluvchi ahamiyatga ega. Har bir metod ob'ektning alohida tomonini bilishga imkoniyat yaratadi. Falsafaning eng qadimgi keng tarqalgan metodlardan biri dialektika bo‘lsa, ikkinchisi metafizikadir. Biroq falsafa metodlari bular bilan cheklanmaydi. Bugungi kunda uning sofistika, eklektika, analitik, (hozirgi zamon analitik falsafasi), intuitiv, fenomenologik, sinergetik, germenevtik (tushunish) va boshqa turlari ham mavjud. Endilikda turli metodlarni birlashtirish jarayoni ham ro‘y bermoqda (masalan, Gadamer germenevtikani ratsional dialektika bilan birlashtirishga harakat qiladi).
2. Ilmiy bilimlar rivoji va ularning nanotexnologiyalardagi o‘rni Yigirma birinchi asr global o‘zgarishlar davri bo‘lib qolmoqda. Turli sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar bunga misol bo‘ladi. Shunday yangiliklar ko‘plab yangi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lib xizmat qilmoqda. Ilmiy yangiliklar borasida so‘z yuritilganida, “nanotexnologiya” iborasi ko‘p qo‘llanilmoqda.
«Nanotexnologiya» nima va u qaysi sohalarda qo‘llaniladi, degan savolga barcha olimlar quyidagicha qisqacha ta’rif beradi: “Nanotexnologiyalar moddalarning odatiy xususiyatlarini o‘zgartiradi va dunyoni yaxshi tarafga o‘zgarishiga ko‘maklashadi”. Inson organizmining har qanday to‘qimalariga kirish qobiliyatiga ega, kichik o‘lchamli nanorobotlar u yoki bu kasalliklarni davolay olishlari va eng malakali jarrohlar uddalay olmaydigan operatsiyalarni amalga oshira olishlari mumkin. “Nanotexnologiyalar” tufayli kelajakda “Aqlli uylar” barpo etilishi kutilyapti. Bu uylarda insonlar deyarli odatiy zerikarli maishiy yumushlar bilan shug‘ullanishiga hojat qolmaydi. Bu vazifalarni “aqlli jihozlar” va “aqlli changlar” o‘z zimmasiga oladi. Agar harorat yuqori bo‘lsa “aqlli material” harorat almashinishi natijasida o‘z rangini o‘zgartiradi.
Insonlar g‘ubor tegmaydigan va hattoki o‘z egasiga tushlik qilish yoki yuvinish vaqtini ham eslatib turadigan kiyimlarni kiyish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Nanozarrachalar bilan qoplangan matodan tikilgan kiyimlar oddiy yomg‘ir ta’sirida kirlardan oson tozalanadi. “Nanotexnologiyalar”ning yana bir afzalligi shundaki, kompyuter texnikasi va mobil telefonlarni dastro‘mol kabi buklab yon cho‘ntakda olib yurish imkoniyati tug‘iladi. Kelajakda yaroqsiz uyali aloqa vositalari uyumidan chiroyli va go‘zal gullar unib chiqadi. Bir so‘z bilan aytganda, nanotexnolog-olimlar inson hayotining sezilarli darajada o‘zgartirishga bel bog‘laganlar.
“Nanotexnologiya” so‘zi ikki: “nano” va “texnologiya” so‘zlaridan iborar bo‘lib, “nano” biror-bir narsa, masalan, metrning milliarddan bir qismini bildiradi. Bitta atomning o‘lchami nanometrdan biroz kichik hisoblanadi. Agar odamning bo‘yi bir nanometrga teng bo‘lganida edi, oddiy qog‘oz varag‘ining qalinligi bir yuz yetmish kilometrga teng bo‘lar edi. “Texnologiya” so‘zi mavjud materiallardan insonga kerakli bo‘lgan narsalarning yarata olishni bildiradi.
Yaqin-yaqinlarda ham nanoolam haqida hyech qanday ma’lumotga ega emas edik. Hozirgi kunda uning hayotimizga kirib kelishi va zamonaviy texnika vositalaridan keng foydalana boshlaganimiz sir emas. Mo‘jaz olam o‘z bag‘rida qanday sir va sanoatlarni mujassam qilgani biz uchun har doim ham qiziqarli.
Nanoolam o‘z bag‘riga allaqachon elektronika, biologiya, tibbiyot, energetika, materialshunoslik va boshqa sohalarni qamrab olgan. Uning turli sohalarga tatbiqi haqida muntazam o‘qib, eshitib bormoqdamiz. Ayniqsa, u sement, metall qotishmalari, lok-bo‘yoq va boshqa ko‘plab materiallar ishlab chiqarish jarayonlariga joriy qilina boshlandi. Shunga qaramay nanoolam haqidagi tasavvurlarimizning hamon juda torligi va sayozligi bilinib turadi, chunki nanoolam g‘oyat katta imkoniyatlarni o‘zida mujassam qiladi.
Uning dastlab sanoatga joriy etilishi kuzatildi. Mana endi qishloq xo‘jaligiga ham tezkor ravishda tatbiq etila boshlandi.
O‘zbekiston aholisi nanotexnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan kundalik hayotida foydalanayotir. Masalan, sintezlangan kumush nanozarrachalari qator gigiena vositalariga qo‘shilmoqda. Bu esa mahsulotlarning bakteritsid hamda davolash xususiyatini oshirayotir.
2014-yili Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ishlab chiqarilayotgan kumush nanozarrachalari eritmasi teri yallig‘lanishi kasalliklari, xususan, ekzema, yuqumli dermatit, mikoz va boshqa xastaliklarda yordam beradi.
Ayni paytda mamlakatimiz to‘qimachilik va lok-bo‘yoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga biotsid xususiyat beradigan kumush nanozarrachalari qo‘shish zarurligi haqida muzokaralar olib borilmoqda. Bu, ayniqsa, issiq iqlim sharoitlarida juda ham muhim. Gannover universitetidagi (Germaniya) hamkasblarimiz bilan birgalikda o‘tkazilgan va nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan ko‘plab tadqiqotlar natijalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida sintezlangan nanokompozit materiallar konsentratsiyalaridan foydalanish ekologik xavfsiz va mutlaqo zararsiz ekanini yana bir bor isbotladi.
Nanotexnologiya atamasi ilk bor yapon olimi Norio Taniguchi (Tokyo Science University) tomonidan 1974-yili Yapon aniq mashinasozlik jamiyati anjumanida “Nanotexnologiyaning asosiy konsepsiyasi haqida” nomli ilmiy ma’ruzasida qo‘llanilgan. Biroq, bu sohada birinchilik, ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, mashhur amerikalik fizik, kvant elektrodinamikasini yaratgan, Nobel mukofoti laureati Richardu Feynmanga tegishli deb sanaladi.
1959-yili Feynman o‘zining “U yerda, quyida joy to‘la” nomli mashhur ma’ruzasida o‘z qarashlarini bayon etgan. U muhandislarga Britanik ensiklopediyasining 24 ta tomini oddiy to‘g‘nagichning uchida joylashtirishni taklif qilgan. Feynman auditoriyaga, material va qurilmalarni atom yoki molekuryar darajada tayyorlashni ko‘zda tutadigan fantastik istiqbollar haqida so‘zlab beradi va pastga qarab boruvchi tamoyillarni miniatyur (o‘ta kichik) o‘lchamga keltirishga chaqiradi.
Nanotexnologiya rivojlanishining keyingi odimi Syurix IBM laboratoriyasidan (Shveytsariya) Genrix Rorer va Gerd Binnig tomonidan kashf qilingan ixtiro bilan bog‘liq. Ular skanerlovchi tunel mikroskopni kashf etdilar va buning uchun ular 1986 yilda fizika bo‘yicha beriladigan Nobel mukofoti laureatiga aylandilar. Bu haqida batafsil to‘xtalmagan holda, skanerlovchi tunnel mikroskopining ishini qyidagicha tavsiflab beramiz. Unga uncha katta bo‘lmagan kuchlanish berilgan o‘tkir igna material sirti bo‘ylab, taxminan 1 nm masofada harakatlanadi. Ignaning uchidan sirtga elektronlar tunnellashtiriladi va uncha katta bo‘lmagan tok hosil bo‘ladi. Uning kattaligi, ko‘p hollarda, igna bilan sirt o‘rtasidaga masofaga bog‘liq bo‘ladi. Bu masofaning birlik atom o‘lchamidan kichik kattalikka o‘zgarishi tokning keskin –bir necha barobar o‘zgarishini keltirib chiqaradi
Yaqin kelajakda suvni kimyoviy tozalash tizimlarida ham kumush nanozarrachalaridan foydalanish istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Mamlakatimizda isitish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan dastur doirasida ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlashning yopiq tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish va mahalliy qozonlar qurish rejalashtirilgan. Bunda har bir qozonga suvning qaynab ketishining oldini olish va xizmat muddatini uzaytirish uchun suvni kimyoviy tozalaydigan maxsus tizimlar o‘rnatish talab qilinadi. Ushbu tizimlar nafaqat avtomatlashtirilgan tartibda ishlashi, balki suv sifati va mahalliy iqlim sharoitlariga ham moslashtirilishi kerak.
Bundan tashqari, uglerod nanozarrachalari asosida ishlab chiqilgan nanokompozit materiallarni qo‘llash mumkin. Misol uchun, ulardan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy uylarda o‘rnatilayotgan suvni zararsizlantirish tizimlarida foydalanish mumkin. Ishlab chiqarilayotgan mazkur tizimlar soatiga 4 kub metr suvni zararsizlantirish quvvatiga ega bo‘lib, 60 Vt elektr energiyasi sarflaydi. Ultrabinafsha nurlanish asosida an’anaviy qo‘llanib kelinayotgan tizimlardan farqli ravishda nanotexnologiyalardan foydalanish qattiqlik va minerallashuv darajasi yuqori bo‘lgan suvni qayta ishlashda xavfsiz va barqaror zararsizlantirish imkonini beradi. Bunday xom ashyo va materiallardan foydalanish samarasida ularning narxi chet elda ishlab chiqilgan ana shunday mahsulotlardan qariyb uch barobar arzon bo‘ladi.
Ayni paytda mamlakatimizda gazni oltingugurt vodorodidan tozalash uchun, asosan, chet eldan olib kelinadigan qimmatbaho uskuna va kimyoviy moddalar talab qiladigan uslublardan foydalanilmoqda. Gazni oltingugurtdan tozalash uchun import o‘rnini bosadigan yangi adsorbentlar ishlab chiqish, shuningdek, mis nanozarrachalaridan foydalanish mahsulot tannarxini kamaytirish va adsorbatsiya xususiyatlarini yaxshilashni ta’minlaydi.