Asarlari Bugungi oʻzbek bolalar adabiyotining atoqli vakili Ilyos Muslimning bunday jozibali sheʼrlari juda koʻp. Uning fazogirlarga bagʻishlab yaratgan “Raketamiz uchdi oyga”, “Toʻrt botir”, “Kichik Andriyan”, “Haykal” va boshqa sheʼrlarida dovyurak fazogirlar, fazo kemalarini bunyod etgan kishilar, fazoga parvoz etishga qiziqayotgan bolalar qalamga olinadi.
Shoirning “Eshmatvoyning qiligʻi”, “Yomon odat”, “Befahm Eson”, “Holcha bilan olcha”, “Mashmasha”, “Grippdan kim qochadi?” singari hajviy asarlarida ishyoqmas, dangasa, lapashang, oʻz ustida koʻp ishlamaydigan bolalarning kamchiliklari, nuqsonlari ochib tashlanadi.
Chaqnab turgan quvnoq ko‘zingni
Qo‘lingdagi ishdan olmaysan.
Dildan toshib chiqqan so‘zingni
Aytish uchun gap topolmaysan.
Jajjigina barmoqchalaring
Harakatdan to‘xtamas bir zum.
Sen chizgan gul, bayroqchalaring
Bayram uchun sovg‘adir, qizim!
Ishni har kun olib yoningga,
Zehn qo‘yib kashta tikasan.
Endi bilsam, onajoningga
Bayram kuni sovg‘a etasan.
Onang shunda ochar keng quchoq,
Go‘yo ko‘kka yetgandek boshi.
Sansan unga doim ovunchoq,
Sen onangning kichik yo‘ldoshi!