SUYAK KO’MIGI Suyak ko’migi (medulla ossgum) markaziy qon yaratuvchi organ bo’lib, embriondan keyingi (postembrional) davrda qon o’zak hujayralarining yagona manbai bo’lib hisoblanadi. Bu yerda yetuk T-limfotsitlardan tashqari, boshqa qonning barcha shaklli elementlari: eritrotsitlar, granulotsitlar, B-limfotsitlar va qon plastinkalari (trombotsitlar) yetiladi.
Taraqqiyoti. Ko’mikning rivojlanishi tog’ayning suyaklanishi bilan parallel yuz berib, u embrion taraqqiyotining ikkinchi oyida dastlab o’mrov suyagida paydo bo`ladi. Ko’mik kurtagi dastavval periost tomondan bo’lajak suyak kurtagiga o’sib kiruvchi mezenxima hujayralaridan iborat bo’ladi. Shu yo’l bilan 3 oyda yassi suyaklarda (o’mrov, qovurg’a, to’sh, umurtqa va boshqa suyaklarda), 4 oyda esa naysimon suyaklarda suyak ko’migi paydo bo’ladi. Mezenxima differensiallashib, mikromuhit hosil qiluvchi retikulyar to’qimaga aylanadi. Bu to’qimaga qon tomirlar o’sib kirib, sinusoid gemokapillyarlarni hosil qiladi. Shu bilan birga mezenxima hujayralaridan qon tomirlar atrofida qonning o’zak hujayralari hosil bo`ladi. Embrion taraqqiyotining 6–7 oylarida suyak ko’migida qon yaratilish faoliyati boshlanadi va unda asosan eritrotsitlar, qisman granulotsitlar va qon plastinkalari hosil bo’ladi. Embrion taraqqiyotining oxirgi oylarida naysimon suyaklarning diafiz qismida joylashgan suyak ko’migida yog’ hujayralari paydo bo’ladi. Bu hujayralar bo’lg’usi sariq suyak ko’migining kurtaklari hisoblanadi. Sariq suyak ko’migi (ilik) yosh ulg’ayishi bilan ko’payib borib, naysimon suyaklar-ning diafizini to’ldiradi va deyarli yog’ hujayralaridan iborat bo’ladi. Homila tug’ilishi paytiga kelib qizil suyak ko’migi markaziy qon yaratuvchi a’zo sifatida xizmat qiladi.