MMUNITET JARAYONLARINING MORFOLOGIK ASOSLARI
Keyingi 15–20 yil ichida immunologiya fani jadal taraqqiy etdi. Faoliyati bo`yicha bir-biridan keskin farq qiluvchi T- va B- limfotsitlarning topilishi, immun-himoya jarayonlarida mikromuhit hujayralarining salmoqli roli borligining aniqlanishi hamda bu jarayonlarni boshqarishda ishtirok etuvchi moddalarning ochilishi immunitet to`g`risidagi tushunchalarni tubdan o`zgartirdi. Klassik immunologiyaning asoschilari bo`lib Lui Paster va I. I. Mechnikovlar hisoblanadi. Bundan 30–40 yil avval klassik immunologiya organizmni faqat har xil yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar va viruslardan himoya qilish mexanizmlarini o`rganish bilan cheklandi. Boshqacha qilib aytganda, immunologiya deganda tor doiradagi infeksiya immuniteti tushunib kelindi. Hozirgi zamon immunologiyasi nazariy va amaliy meditsinaning barcha sohalariga taalluqlidir. Bejiz emaski, u hozir turli xil kasalliklarda kuza-tiladigan immunitet yetishmovchiligini (immunodefitsitlarni) aniqlash va davolashda, har xil a’zolarni (yurak, buyrak, jigar va boshqalarni) ko`chirib o`tkazishda (transplantatsiya qilishda) tug`iladigan muammolarni yechishda ham keng qo`llanilmoqda. Immunologiyaning rivojlanishida – akademik P. B. Petrov hamda jumhuriyatimiz vakili professor P. M. Haitov va ularning shogirdlari qo`shgan hissalari juda katta. Immunitet jarayonlarida ishtirok etuvchi hujayralarning kelib chiqishi, tuzilishi, faoliyati hamda o`zaro muloqotda bo`lishini o`rganuvchi fan endilikda o`zida gistologiya va immunologiya elementlarini mujassamlashtirgan bo`lib, uni immunomorfologiya deb atash rasm bo`ldi. Bu fan oldiga qo`yilgan asosiy vazifalardan biri – organizmda kechadigan immun-himoya jarayonlarini ta’minlaydigan tuzilmalarni hujayra, to`qima, a’zolar va yagona sistema sohasida tadqiq qilishdir. Immunomorfologiyaning rivojlanishiga ittifoqimiz olimlari katta hissa qo`shmoqdalar. Bu o`rinda moskvalik olimlar – akademik M. R. Sapinni, professor N. A. Yurinani va Toshkent meditsina institutining gistologiya kafedrasi kollektivini ko`rsatib o`tish mumkin. Masalan, 1987 yili Toshkentda chop etilgan akademik K. A. Zufarov va professor K. R. To`xtayev qalamiga mansub «Immun sistema a’zolari» kitobi immunomorfologiya bo`yicha ilk asarlardan hisoblanadi. Ushbu bo`lim ko`p jihatdan ana shu kitobda berilgan dalillar asosida yozilgan.
Dostları ilə paylaş: |