Har bir virusning nuklein kislotadan tashkil topgan genetik materiali (genomi) mavjud. Biz va boshqa biz kabi hujayraviy hayot shakllarida DNK asosiy genetik materialdir. Viruslarda esa nuklein kislotalarning ikki turi – DNK yoki RNKdan bittasi genom vazifasini bajarishi mumkin.
Biz koʻpincha DNKni ikki qavatli, RNKni esa bir qavatli deb hisoblaymiz, chunki bizning hujayralarimizda ular shunday tuzilgan. Lekin viruslarda bunday holatning toʻrt xil turi boʻlishi mumkin: qoʻsh zanjirli DNK, qoʻsh zanjirli RNK, bir zanjirli DNK, bir zanjirli RNK. Virus genomi turli xil shakl va oʻlchamlarda boʻlib, ular odatda boshqa tirik organizm genomlaridan koʻra kichikroq boʻladi.
[Qanchalik kichkina?] Shuni taʼkidlash kerakki, DNK va RNKli viruslar tirik organizmlarniki bilan bir xil genetik koddan foydalanadi. Agar bunday boʻlmaganda, ular xoʻjayin hujayra ichida umuman koʻpaya olmagan boʻlardi!
Virus bilan zararlanish nima?
Har kunlik hayotimizda virusni yuqtirish deganda gripp yoki suvchechak kabi kasalliklarda yuzaga keladigan yoqimsiz simptomlar toʻplami koʻz oldimizga keladi. Lekin virusni yuqtirib olganimizda tanamizda aslida nima sodir boʻladi?
Mikroskopik jihatdan olib qaralganda virusning yuqishi deganda koʻp virus hujayralarimizdan koʻpayish uchun foydalanayotgani tushuniladi. Virusning hayot sikli deganda virus organizmni tanib, uning ichiga kirishi va oʻzidagi DNK yoki RNKdan foydalanib qaytadan shakllanishi va xoʻjayin organizmdan foydalanib koʻproq virus hosil qilishi bosqichlari tushuniladi.
Odatdagi viruslarda hayot sikli beshta katta bosqichga boʻlinadi: (lekin ushbu bosqichlar turli xil viruslarda har xil amalga oshishi mumkin):
Virusning hujayra ichiga kirishi. Virus hujayra ichiga endositoz orqali kiradi. Sitoplazmada kapsid boʻlinib (parchalanib), RNKli genomni ajratadi.
Replikatsiya va gen ekspressiyasi. RNKli genomdan nusxa olinadi va hujayra ribosomalaridan foydalanib virus oqsillari sintezlanadi. Kapsid oqsillarini oʻz ichiga oluvchi virus oqsillari sintezlanadi.