Innovatsion faoliyatning asosiy tushunchalari, guruhlanishi va tamoyillari
Reja:
Innovatsiyalarning turlari, kodlashtirilishi, guruhlanishi va mohiyati.
Zamonaviy texnologiyalarning xarakteristikalari, innovatsion faoliyatda yangiliklar, patent, litsenziyalar, tovar belgilari, avtorlik xuquqlari , kashfiyotlar, ixtirolar, eksperimental ishlarning o‘rni.
Qo‘llanilishi va joriy qilinishiga qarab innovatsiyalarning guruhlanishi.
Innovatsiyalarning asosiy prinsiplarini ko‘rib chiqaylik.
Innovatsion ishlab chiqarishning an’anaviy ishlab chiqarishdan ustunligi.
Bu prinsip, birinchidan, ishlab chiqarish kuchlari tizimida fanning yetakchi o‘rin tutishiga; ikkinchidan, taraqqiyotda ishlab chiqarish kuchlarining hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishiga asoslanadi. Innovatsion jarayonlarning ustunligi ishlab chiqarishni ilmiy-texnikaviy tayyorlash rolining kuchayishi, ish kuchi darajasining korxona texnologik va ishlab chiqarish bazasining holatiga muvofiqligi natijasida kelib chiqadi.
Innovatsion faoliyatning tejamkorligi.
Ushbu prinsip boshqaruv amaliyotida amaliy fan faoliyatining ishlab chiqarish xususiyatini izchil hisobga olishni taqozo etadi. Bu xususiyat esa nafaqat innovatsion jarayonning o‘zini o‘zi qoplashini, balki uning foyda keltirishini, bozor tijoratida muvaffaqiyat qozonishini ham belgilab beradi.
Innovatsion faoliyatning o‘zgaruvchanligi (moslashuvchanligi).
Boshqaruv bu prinsip asosida innovatsion faoliyat subyektlari harakatlarining erkinligi keng bo‘lishini, ularning ustomonlik (manyovr qilish) imkoniyatiga ega bo‘lishini, qattiq tartibga solishdan voz kechishni, tashabbuskorlikning rag‘batlantirilishini ta’minlashi kerak.
Innovatsion jarayonlarning sikllilik (davriylik) xususiyati.
Tadqiqotchilar orasida yangiliklar rivojlanishining to‘lqinsimon, sikllilik konsepsiyasi borgan sari keng tarqalmoqda. Sikl boshida yangilikning texnik salohiyati asta-sekin o‘sib boradi, so‘ngra undan tijorat maqsadida keng foydalaniladi, so‘ngra uning sur’ati pasayadi. Har bir «to‘lqin» asosida hukmronlik qiluvchi bazisli texnologiyalar yotadi. Mazkur katta sikllar konsepsiyasini («Kondratyev sikllari»ni) birinchi bo‘lib N. D. Kondratyev taklif qildi. Unga ko‘ra, yuksalish va pasayish tamoyil (tendensiya)larining almashib turishi xos bo‘lgan katta sikllar mavjud.
«Zararsizlik»
Bizningcha, bu nafaqat tibbiyot uchun, balki jamiyat, tashkilot, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan individuum uchun ham asosiy prinsipdir.
Yangilikni aqlsizlik bilan, puxta o‘ylamay yaratish va joriy etish umuman jamiyat uchun ham (ommaviy qirg‘in qurollarining yangi turlari), muayyan tashkilot uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin (tijorat salohiyatiga ega bo‘lmagan yangilikka mablag‘ sarflash tashkilotni halokatga olib kelishi mumkin).
Innovatsion faoliyat va uning natijalarining (yangi mahsulotning) muayyan vaqt doiralariga muvofiqligi.
Muayyan jamiyat yoki tashkilotga rivojlanishning ma’lum bir bosqichida mos kelmaydigan yangilik foyda keltirishi va talab keltirib chiqarishi mumkin emas.
Innovatsion faoliyat va uning natijalarining bozorning madaniy darajasiga muvofiqligi.
Bozorga joriy etilayotgan yangi mahsulot shu bozorning madaniy darajasiga mos kelishi kerak, aks holda u tijorat salohiyatiga ega bo‘lmaydi va unga talab bo‘lmaydi.
Yangilikning moliyaviy jihatdan ta’minlanganligi.
Innovatsion faoliyat tashkilotning moliyaviy imkoniyatlariga mos bo‘lishi hamda (muvaffaqiyatli yakunlanishi va bozorni tahlil qilish, yangi mahsulot kiritishga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun) har bir bosqichda pul resurslari bilan ta’minlanishi kerak. 9. Ijtimoiy foydalilik.
Yangilik uni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan muayyan tuzilmagagina emas, balki umuman jamiyatga ham foyda keltirishi, ya’ni ijtimoiy-axloqiy marketing prinsiplariga asoslanishi kerak. 10. Iqtisodiy-jug‘rofiy prinsip.
Unga ko‘ra yangilik kiritish natijasi va jarayonining o‘zi ham amalga oshirilishi, iqtisodiyotning muayyan darajasiga hamda jug‘rofiy, iqlimiy va boshqa sharoitlarga mos bo‘lishi kerak.
11. Fundamental fanni qo‘llab-quvvatlash.
Amaliy fan o‘zini o‘zi moliyalashtirish imkoniga ega. Bunday imkoniyat fundamental fanda mavjud emas. Chunki fundamental fan umuman fan-texnika taraqqiyoti uchun asos hisoblanadi. Davlat organlari va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik tuzilmalarining vazifasi ushbu faoliyatning moddiy asosi bo‘lgan fundamental fanni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
12. Innovatsion faoliyatning himoyalanganligi.
Бу принцип инновацион фаолият соҳасида ишлаётган ташкилотларнинг муаллифлик ҳуқуқлари ва манфаатларини ҳимоялаш учун қонунлар ва бошқа норматив-ҳуқуқий ҳужжатларнинг қабул қилиниши ва амал қилишини билдиради.
13. Qaytma aloqani yo‘lga qo‘yish (tashkil qilish).
Yangilik kiritish jarayoni bozorda yangi mahsulotning paydo bo‘lishi bilan yakunlanadi. Bu hol hayotiy (muhim) siklning muayyan bosqichida keyingi yangi mahsulot (g‘oya) yaratish ehtiyojini keltirib chiqarishi va bu jarayon uchun moliyaviy imkoniyat berishi kerak.
14. Kadrlar bo‘yicha muvofiqlik (kadrlarning muvofiqligi).
Yangilik kiritish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tashkilot yangilik yarata oladigan va buni istaydigan kadrlarga ega bo‘lishi kerak.
15. Raqobatbardoshlik. Yangilik kiritish siyosati bozordagi raqobatchilarning faoliyatini hisobga olish, ularning imkoniyatlari, kuchli va ojiz tomonlarini tahlil qilish, raqobatchilarning yutuqlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish (benchmarketing) asosiga qurilishi, shuningdek ilgarilama (oldinroqdan mo‘ljal olish) xususiyatga ega bo‘lishi kerak.
16. Umumiy (yagona) innovatsion strategiya.
Tashkilot innovatsion faoliyat sohasida iqtisodiy, moliyaviy va kadrlar bilan bog‘liq doir imkoniyatlarni, jamiyatga ko‘rsatiladigan ijtimoiy ta’sirni hamda tashqi muhit omillarini inobatga oluvchi strategiya ishlab chiqadi.
17. Yangilikning tijorat sohasidagi samarasi.
Tijorat salohiyatiga ega bo‘lgan, yangi mahsulot esa innovatsion faoliyatni joriy etish uchun ketgan xarajatni qoplashga, tashkilotning hayoti va faoliyatini ta’minlashga va tashkilotni keyingi yangiliklarni yaratishga rag‘batlantirishga yetadigan foyda keltirgan taqdirdagina innovatsion faoliyat jarayoni bo‘lishi mumkin va ma’noga ega bo‘ladi.
18. Ekologik xavfsizlik.
Har qanday yangilik atrof muhit uchun ziyon bo‘lmasligini kafolatlashi kerak. Tashkilot ziyon yetkazilishi mumkinligini nazarda tutadi va uning oldini olish choralarini ko‘radi. Pirovard natijada tabiatga va insonga ziyon yetkazuvchi yangi mahsulotni jamiyat rad etadi va u tashkilotga foyda keltirmaydi.
19. Bozor ehtiyoji (talabi)ning ustunligi.
Innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi firma tijorat sohasida samara olish uchun iste’molchining ehtiyojlarini qondirishga harakat qilishi hamda o‘zi ishlab chiqara oladigan yangiliklarni emas, balki unga haqiqatan ham kerak bo‘lganini taklif etishi kerak (bu — marketingning asosiy prinsipi).
Endi yangiliklarga yondashuvni uning zamiridagi konsepsiya nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishimiz lozim.
Yangilik iqtisodiy hayotning borgan sari muhimroq jihatiga aylanmoqda. O‘zbekiston sanoatining Rossiya, AQSH, Yaponiya va Germaniya kabi mamlakatlarnikiga nisbatan samarasiz ekanligi ushbu mamlakatlar yangi texnikani qo‘llash sohasida ancha ilg‘or ekanliklari bilan bog‘liq. Hozirgi sharoitda tashkilotlar texnika sohasidagi o‘zgarishlar bilan baravar yoki hatto ulardan oldinda borishlari va yangiliklarni muvaffaqiyatli joriy etishlari nihoyatda muhimdir.
Yangiliklar diffuziyasidagi muhim omillardan biri, aftidan, uning murakkabligi bilan ushbu davrdagi bilimlar darajasining o‘zaro bog‘liqligidir. Yangilik birinchi joriy etilganida ko‘pincha muvaffaqiyatsiz chiqadi va faqat keyinroq «ikkinchi marta kashf qilinadi» va keng joriy etiladi. Bu hol madaniy iqlim bilan yangilikning muvaffaqiyati o‘rtasida o‘zaro aloqadorlik mavjudligi haqida o‘ylanishga majbur etadi.
2.Innovatsiyalarning mohiyati va tasniflanishi
Jahon iqtisodiy adabiyotida «innovatsiya» imkoniyatdagi ilmiy texnikaviy taraqqiyotning yangi mahsulotlar va texnologiyalarda o‘z ifodasini topadigan haqiqiy taraqqiyotga aylanishi sifatida talqin etiladi. «Innovatsiya» termini O‘zbekiston Respublikasining o‘tish davridagi iqtisodiyotida mustaqil ravishda ham, «innovatsion faoliyat», «innovatsion jarayon», «innovatsion qaror» va boshqa bir qator turdosh tushunchalarni ifodalash uchun ham qo‘llaniladi.
«Yangiliklar konveyyeri» deb ataluvchi rejimda ishlaydigan yangi avlod ishlab chiqarish tizimlarining yaratilishi. Ushbu yondashuvning mohiyati korxonalarni, birinchidan, yangi, yanada mukammal buyumlarni ishlab chiqarishni doimiy ravishda joriy etishga; ikkinchidan, mahsulot ishlab chiqarishga xarajatlarning barcha turlarini og‘ishmay kamaytirib borishga; uchinchidan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning narxini pasaytira borib ularning sifat va iste’mol xususiyatlarini ko‘tarishga yo‘naltirishdan iborat.
«Yangilik» tushunchasini inglizcha «innovation» so‘zining o‘zbekcha varianti deb hisoblash qabul qilingan. Ingliz tilidan so‘zma-so‘z tarjimasi «yangiliklar kiritish» degan ma’noni bildiradi. Yangilik (novshestvo) deganda, yangi tartib, yangi odat, yangi usul, ixtiro, yangi hodisa tushuniladi.
Shunday qilib, yangi mahsulotlar tarqatish uchun qabul qilingan paytidan boshlab yangi sifatga ega bo‘ladi — yangilik (innovatsiya)ga aylanadi. Yangi mahsulotni bozorga chiqarishni savdo-sotiq (kommersializatsiya) jarayoni deb atash qabul qilingan. Yangilikning paydo bo‘lishidan joriy etilishigacha o‘tgan vaqt innovatsion lag deb ataladi. Kundalik amaliyotda, odatda, yangi mahsulot, yangilik, yangilikni joriy etish, innovatsiya tushunchalari bir xil ma’noda qo‘llaniladi va buni tushunish mumkin. Har qanday ixtirolar, yangi hodisalar, xizmat turlari yoki usullari tarqalgan (savdoga chiqqan) taqdirdagini e’tirof etiladi va endi yangi sifatda ular yangilik (innovatsiya) hisoblanadi.
Keng ma’noda innovatsiya deganda, yangi texnologiyalar, mahsulot va xizmat turlari, ishlab chiqarish, moliya, tijoratga oid, ma’muriy yoki boshqacha xususiyatga ega bo‘lgan tashkiliy-texnikaviy va ijtimoiy-iqtisodiy yechimlar ko‘rinishidagi yangiliklardan daromad olib foydalanish tushuniladi. G‘oya paydo bo‘lgan, yangi mahsulot yaratilib tarqatilgan paytdan boshlab undan foydalanishgacha bo‘lgan davrni yangilikning hayotiy sikli deb atash qabul qilingan. Ishlarni amalga oshirish ketma-ketligini inobatga olgan holda yangilikning hayotiy sikli innovatsion jarayon hisoblanadi.
Barchaga ma’lumki, bir sifat holatidan boshqasiga o‘tish resurslar (energiya, vaqt, moliya va boshqalarni) sarflashni talab etadi. Tovarlar oldi-sotdisidan iborat iqtisodiy munosabatlar tizimi bo‘lgan hamda talab, taklif va bahoni shakllantiradigan bozor sharoitida innovatsion faoliyatning asosiy tarkibiy qismlarini yangi mahsulotlar, investitsiyalar va yangiliklar tashkil qiladi. Yangi mahsulotlar — ushbu mahsulotlar bozorini, investitsiyalar — kapital (investitsiyalar) bozorini, yangiliklar (innovatsiyalar) — yangiliklarning sof raqobati bozorini shakllantiradi. Ushbu uchta tarkibiy qism innovatsion faoliyat sohasini tashkil qiladi.
Yangi mahsulotlar (novatsiyalar) bozori. Bozorning asosiy tovarini ilmiy va ilmiy-texnikaviy natija tashkil qiladi. U intellektual faoliyat mahsuli bo‘lib, unga amaldagi xalqaro, milliy, korporativ va boshqa qonun hujjatlari va normativ aktlarga muvofiq rasmiylashtirilgan mualliflik huquqlari va o‘xshash huquqlar qo‘llaniladi.
Jahon amaliyotida ilmiy (ilmiy tadqiqot), ilmiy-texnikaviy faoliyat, shuningdek eksperimental (tajriba-konstruktorlik) ishlari (ishlanmalari) farqlanadi. Ilmiy (ilmiy tadqiqot) faoliyati yangi bilimlar olish, tarqatish va ishlatishga qaratilgan.
Yangi mahsulotlar bozorini ilmiy tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari, vaqtinchalik ilmiy jamoalar, ilmiy xodimlar birlashmalari, tijorat tashkilotlarining ilmiy tadqiqot bo‘linmalari, mustaqil laboratoriyalar va bo‘limlar, mamlakatimizdagi va xorijdagi novatorlar shakllantiradilar.
Yangiliklarning sof raqobat bozori. Sof raqobat bozori deb hech bir xaridor yoki sotuvchi joriy narxlar darajasiga katta ta’sir ko‘rsata olmaydigan holda o‘xshash tovarlar xususida bitimlar tuzayotgan sotuvchilar va xaridorlar majmuiga aytiladi. «Sof» raqobat tushunchasidan foydalanish bizga ishlab chiqarish munosabatlari subyektlari o‘rtasida kapitalni eng foydali tarzda ishlatish sohalari, tovar sotiladigan bozorlar, resurslar manbalari hamda ilmiy va ilmiytexnikaviy faoliyat natijalari uchun musobaqa va kurashning narx bilan bog‘liq hamda bog‘liq bo‘lmagan, insofsiz va boshqa turlarini ko‘rib chiqmaslikka imkon beradi.
Ilgari aytilganidek, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijasi bo‘lgan yangi mahsulot yaratilishidan yangi texnologiyalar, tovarlar, xizmat turlari, yangi usullar va boshqalarning jamiyat tomonidan tan olinishi bo‘lmish yangiliklargacha (kiritilgunicha) vaqt va resurslar sarflash jarayoni yuz beradi. Sof raqobat bozori bu jarayonda qarama-qarshiliklar birligi va kurashi bo‘lgan ikki tomonlama pozitsiyaga ega bo‘ladi.
Tashkilotning yangi mahsulotlar bozorida ishtirok etish shakllari xilma-xil bo‘lsa-da, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasiga ham, yangi mahsulotni joriy etilgan yangilikka aylantirish jarayoniga ham investitsiyalar kiritish hajmi hal qiluvchi shart hisoblanadi.
Kapital (investitsiyalar) bozori. Yangilanish va rivojlanishni istamaydigan tashkilotni topish qiyin. Uy xo‘jaligi uchun mebel, videotexnika, avtomobil, gilamlar, yoritish apparatlari kabilarni xarid qilish va/yoki yangilash zarur. Korxona uchun yangi texnologiyalar, tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan mahsulot (xizmatlar) sotib olish, o‘z mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlar, yangi ta’minotchilar va xaridorlar topish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Davlat uchun qurol-yarog‘larning yangi turlari, ekologik jihatdan sof energiya turlari, resurslarni tejovchi texnologiyalar va boshqa narsalar kerak. Jahon hamjamiyati Yer shari atrofidagi makonni o‘zlashtirishni davom ettirish, Marsga uchish, Jahon okeani resurslaridan foydalanish kabi loyihalarni ko‘rib chiqmoqda. Fan va texnikaning hozirgi taraqqiyoti bularning bariga bugunning o‘zida erishish imkonini beradi. Biroq har qanday xo‘jalik yurituvchi subyekt ehtiyojlarining qondirilishi asosan kapitalning barcha (ssuda, aylanma, aksionerlik, venchur, ustav) turlari bilan cheklanadi.
Innovatsiya sohasida uzoq muddatli va o‘rta muddatli investitsiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki innovatsiya jarayoni o‘rtacha 3–5 yil va undan ortiq vaqt davom etadi. Chuqur iqtisodiy inqiroz sharoitida moliyalashtirishning davlat manbalari keskin kamayadi, shu bois O‘zbekiston Davlat siyosatining konsepsiyasida investitsiya siyosatining quyidagi asosiy normalarini qonunchilik darajasida mustahkamlash nazarda tutilgan:
budjetdan faqat fundamental ilmiy tadqiqotlar, shuningdek notijorat xususiyatiga ega bo‘lgan respublika ahamiyatidagi obyektlar va milliy xavfsizlikni saqlash bilan bog‘liq obyektlargina qaytarmaslik asosida moliyalashtirilishi mumkin;
markazlashgan investitsiyalarning qolgan barcha turlari faqat qaytarish va tanlov asosida amalga oshirilishi mumkin;
qaytarish asosida davlat resurslari berishning asosiy shakllari qimmatbaho qog‘ozlar sotib olish yoki emitatsiya qilinuvchi qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha davlat kafolatlarini berish orqali investitsiya kiritishdan iborat.
Eng umumiy ko‘rinishda investitsiyalar iqtisodiyotning turli tarmoqlariga foyda olish maqsadida uzoq muddatga mo‘ljallab mablag‘ sarflashdir. Iqtisodiy mohiyati va maqsadlariga ko‘ra investitsiyalar real va moliyaviy investitsiyalarga bo‘linadi. Real investitsiyalarni tashkilotlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar yer, ishlab chiqarish vositalari, nomoddiy va boshqa aktivlar sotib olish orqali amalga oshiradilar. Moliyaviy investitsiyalar — xo‘jalik yuritish subyektlari va xususiy shaxslarning turli emitentlarning qimmatbaho qog‘ozlarini sotib olishidir. Ushbu holda kapitalning biznesga oqib kelishi mablag‘larni qimmatbaho qog‘ozlarga investitsiyalash orqali yuz beradi.
Yangi mahsulotlar bozori, sof raqobat bozori va kapital (investitsiyalar bozorini innovatsion sohaning asosiy tarkibiy qismlari sifatida ko‘rib chiqib, «innovatsion soha» tushunchasining mazmunini ifodalaymiz, innovatsion faoliyatining ijtimoiy mehnat taqsimotining shakli sifatidagi sohasini aniqlaymiz va innovatsion jarayonning asosiy bosqichlarini ko‘rib chiqamiz.
Innovatsion soha innovatorlar, investorlar, raqobatbordosh mahsulot ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar va umuman tashkilotdan iborat tizimdir. Shu bilan innovatsion jarayon yakunlanadi.
Innovatsiyalarning har xil ta’riflarini tahlil qilish asosida innovatsiyaning o‘ziga xos mazmunini o‘zgarishlar tashkil etadi, innovatsion faoliyatning asosiy funksiyasi esa o‘zgarishlarni shakllantirish hisoblanadi, degan xulosa chiqarish mumkin. Masalan, avstriyalik olim I. Shumpeter beshta tipik o‘zgarishlarni ajratgan: yangi texnika, texnologiya yoki ishlab chiqarishni ta’minlovchi yangi bozordan foydalanish (oldi-sotdi);
yangi xususiyatlarga ega bo‘lgan mahsulotni joriy etish;
yangi xomashyodan foydalanish;
ishlab chiqarishni tashkil qilish va moddiy-texnik ta’minlashdagi o‘zgarishlar;
mahsulot sotiladigan yangi bozorlarning paydo bo‘lishi.
Innovatsion jarayon innovatsiyalar yaratish, o‘zlashtirish va tarqatish bilan bog‘liq:
FT — AT — I — L — Q — O‘z — SI — M — O‘
Bu yerda FT — fundamental tadqiqotlar; AT — amaliy tadqiqotlar; I — ishlanmalar; L — loyihalashtirish; Q — qurilish; O‘z — o‘zlashtirish; SI — sanoat ishlab chiqarishi; M — marketing; O‘ — o‘tkazish.
Shunday qilib, innovatsion jarayonda quyidagi bosqichlarni ajratish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
— fundamental fan yutuqlari;
— amaliy tadqiqotlar;
— tajriba-konstruktorlik ishlanmalari;
— birlamchi o‘zlashtirish (joriy etish);
— keng joriy etish;
— foydalanish;
— eskirish.
Ushbu modelni tahlil qilish uchun uning turli elementlari o‘rtasidagi qaytma aloqa omillaridan mavhumlashish (ularni e’tiborga olmaslik), FT — O‘z siklining uzoq (hatto o‘n yildan ortiq) davom etishini hamda har bir bosqich (FT — AT; L — Q)ning nisbatan mustaqilligini va boshqalarni inobatga olish lozim.
Innovatsion jarayonning dastlabki bosqichi «ilmiy faoliyat» tushunchasi bilan bog‘liq fundamental «nazariy» tadqiqotdir. Albatta, siklning har bir alohida elementi (FT, AT, I, L, Q, O‘z va SI) FT bilan bog‘liq ilmiy faoliyat bilan yo‘g‘rilgan.
Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishdagi ilmiy ishning mohiyatini aniqlab olish zarur. Ilmiy ish — yangi, original, isbotlovchi ma’lumotlar va axborot olishga qaratilgan tadqiqot faoliyati. Har qanday ilmiy ish yangi, original, isbotlanadigan bo‘lishi kerak.
Nazariy tadqiqot (FT) bevosita muayyan amaliy vazifalarni hal qilish bilan bog‘liq emas.
Fundamental tadqiqotlar odatda amaliy tadqiqotlarda o‘z ifodasini topadi, ammo bu jarayon darrov yuz bermaydi. Rivojlanish muayyan sxema bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
Innovatsiyalarni tasniflash. Tasniflashda innovatsiyalarning yangiligi ko‘rsatkichi muhim o‘rin tutadi. U texnologik parametrlar, shuningdek bozor pozitsiyalari bo‘yicha baholanadi. Innovatsiyalarning tasniflanishi ana shularni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Innovatsiyalar texnologik parametrlariga ko‘ra mahsulot beruvchi va jarayon bilan bog‘liq (produktoviye i protsessniye) turlarga bo‘linadi.
Mahsulot beruvchi innovatsiyalar yangi materiallar, yangi yarimfabrikatlar va butlovchi qismlarni qo‘llash; mutlaqo yangi mahsulotlar hosil qilish kabilarni o‘z ichiga oladi. Jarayon bilan bog‘liq innovatsiyalar ishlab chiqarishni tashkil qilishning yangi usullari (yangi texnologiyalar)ni bildiradi. Jarayon bilan bog‘liq innovatsiyalar korxona tarkibida yangi tashkiliy tuzilmalar yaratish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bozor uchun yangiligi bo‘yicha innovatsiyalar quyidagilarga bo‘linadi: tarmoq uchun dunyoda yangi; tarmoq uchun mamlakatda yangi; ushbu korxona (korxonalar guruhi) uchun yangi.
Korxona (firma)ga tizim sifatida qaraydigan bo‘lsak, quyidagilarni ajratish mumkin:
korxonaga kirish chog‘idagi yangiliklar (xomashyo, materiallar, mashina va uskunalar, axborot kabilarni tanlash va qo‘llashdagi o‘zgarishlar);
korxonadan chiqish chog‘idagi (buyumlar, xizmatlar, texnologiyalar, axborot va boshqalardagi) yangiliklar;
korxona tuzilishidagi (boshqaruv, ishlab chiqarish, texnologiya sohasidagi) yangiliklar.
Kiritilayotgan o‘zgarishlarning chuqurligiga ko‘ra yangiliklarning quyidagi turlari farqlanadi: keskin (bazaviy); yaxshilovchi; modifikatsion (juz’iy).
Yangiliklarning mazkur turlari bir-biridan hayotiy sikl bosqichlarini qamrab olish darajasiga ko‘ra farq qiladi.
Rossiya sistemali tadqiqotlar ilmiy tadqiqot institutining olimlari korxona faoliyatining sohalarini inobatga olgan holda yangiliklarning kengaytirilgan tasnifini ishlab chiqdilar:
texnologik; ishlab chiqarish; iqtisodiy;
savdo; ijtimoiy; boshqaruv sohasidagi.
Yangiliklarning ancha to‘liq tasnifini A. I. Prigojin taklif qildi:
Tarqalganligi bo‘yicha: kam uchraydigan diffuz (aralash).
Diffuziya — ilgari bir marta o‘zlashtirilgan yangilikning yangi sharoitlarda yoki yangi joriy etish obyektlarida tarqalishi. Aynan diffuziya tufayli kam uchraydigan yangilik butun iqtisodiyot miqyosidagi yangiliklarga aylanadi.
Ishlab chiqarish siklidagi o‘rni bo‘yicha:
xomashyo ta’minlovchi (bog‘lovchi) mahsulot beruvchi.
Vorisiyligi bo‘yicha:
o‘rinbosar bekor qiluvchi qaytaruvchi ochuvchi retro (eski) tartibida joriy etiluvchi.
Qamrab olishiga ko‘ra:
lokal (mahalliy) sistemali strategik
Innovatsion salohiyati va yangilik darajasi bo‘yicha:
keskin (radikal) kombinator takomillashtiruvchi.
Tasniflashning innovatsiyalar miqyosi va yangiligini, innovatsion o‘zgarishlarning jadalligini inobatga oluvchi ikkita oxirgi yo‘nalishi yangiliklarning miqdor va sifat xususiyatlarini eng ko‘p darajada aks ettiradi hamda ularning oqibatlarini iqtisodiy baholashda va boshqaruv qarorlarini asoslashda ahamiyat kasb etadi.
N. D. Kodratyev 20-yillarda noyob innovatsion kuzatuvni amalga oshirgan. U o‘ziga xos «katta sikllar» yoki, xorijda atalganidek, «uzun to‘lqinlar» mavjudligini aniqlagan. N. D. Kondratyev ilmiy-texnikaviy kashfiyotlar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib va ular harakatining to‘lqinsimon xususiyatini ko‘rsatib, uzun to‘lqinlar bilan ishlab chiqarishning texnik rivoji o‘rtasida o‘zaro aloqadorlik mavjudligini aytgan. U yangiliklarni kashfiyotlar va ixtirolardan farqlagan holda ularning dinamikasini tadqiq etgan. Yangiliklar dinamikasi katta sikl bosqichlari (fazalari) asosida tekshiriladi. N. D. Kondratyevning tadqiqotlarida klasterli yondashuv asoslari birinchi marta ko‘zga tashlanadi. U yangiliklar guruhlar, zamonaviy tilda aytganda, klasterlar tarzida paydo bo‘lib, vaqt bo‘yicha notekis taqsimlanishini ko‘rsatdi. N. D. Kondratyevning tavsiyalaridan innovatsion strategiyani ishlab chiqishda foydalanish mumkin.
Endi «innovatsion loyiha» tushunchasini, uning yaratilish va amalga oshirilishidagi asosiy bosqichlarni ko‘rib chiqamiz. «Innovatsion loyiha» tushunchasi ikki ma’noda ishlatiladi: 1) muayyan maqsadlarga erishishni ta’minlovchi harakatlar kompleksini amalga oshirishni talab qiladigan ish, faoliyat, tadbir sifatida; 2) har qanday harakatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy-huquqiy va hisob-moliya hujjatlarining tizimi sifatida.
Loyihani yaratish va amalga oshirish quyidagi bosqichlardan o‘tadi:
investitsion fikr (g‘oya)ni shakllantirish;
investitsion imkoniyatlarni o‘rganish;
kontrakt hujjatlarini tayyorlash;
loyiha hujjatlarini tayyorlash;
qurilish-montaj ishlari;
obyektdan foydalanish;
iqtisodiy ko‘rsatkichlar monitoringi.
Shunday qilib, innovatsiyalar (yangiliklar) — iste’mol tovarlarining yangi turlari, yangi ishlab chiqarish korxonalari va transport vositalari, bozorlar va tashkil qilish shakllarini joriy etish va qo‘llash maqsadida amalga oshiriladigan o‘zgarishdir. Innovatsiyaning muqarrar xususiyati ilmiy-texnikaviy yangilik va ishlab chiqarishda qo‘llash imkoniyatidir.