Asosiy qism: a) Jannatning yerdagi yaxlit parchasi.
b) O`zbekiston tabiiy boyliklarga serob diyor.
d) O`zbekiston – kelajagi buyuk davlat.
3. Xulosa. Men buyuk yurt farzandiman!
O, ota makonim, onajon o`lkam – O`zbekiston.
Jonim to`shay soyangga!
Sendek mehribon yo`q, seningdek ko`rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga!
Muhammad Yusuf
Inson qayerda o`ssa, o`sha yer vatan bo`ladi. Inson hech qachon o`zi xohlagancha Vatan tanlamaydi. Sahroda ulg`ayganlar o`zlarining cho`l-u dashtlarini “Vatanim!” deya suyadilar. Go`zal va bebaho joylardan ustun qo`yadilar. Zero, ona yurting – oltin beshiging. Biz Vatanning qorachig`ida o`samiz. Uning barcha noz-ne`matlaridan bahramand bo`lamiz. Vatan tuprog`i ildizlarimizni ko`kartiradi. Yurt oftobi yanoqlarimizga rang beradi.
Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. Vatan ostonadan boshlanadi. Vatan – bu oila, men tug`ilib voyaga yetgan go`sha, qo`ni-qo`shni, mahalla, qishloq, maktab, qo`yingki, men yashab turgan zamindagi hamma-hamma narsa. Vatanni onaga qiyoslaydilar. Onaning muqaddasligini ta`riflashga so`z ojizlik qiladi. Shuning uchun ham vatanni e`zozlab, uning har bir qarich tuprog`ini muqaddas bilamiz. Uning ravnaqi, tinchligi uchun hissa qo`shish, hamisha ogoh bo`lib yashash, ichki va tashqi dushmanlardan asrashni burchimiz deb bilamiz.
Har bir xalq o`z Vatanini nechun sevadi? Yer yuzida shunday yurtlar borki, yil o`n ikki oy yoz bo`lmaydi, yoki aksincha. O`shanday yurtlarda yashovchilar ham Vatanni boshqa yurtlarga alishmaydilar. Nima uchun? Chunki bu yerda Vatan tuyg`usi, degan buyuk bir tushuncha bor. Har kimning kindik qoni to`kilgan joy – muqaddas, uning Vatani hisoblanadi. Mana shu tuyg`u bilan biz O`zbekistonni sevamiz.
O`zbekiston tabiiy boyliklarga serob diyor. Bu boyliklarni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir. Istiqlol davrida sanoatni, tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e`tabor qaratilmoqda. Xorij sarmoyalarini jalb etgan holda qo`shma korxonalar, qurilmoqda. Tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, eksportini yo`lga qo`yishga harakat qilinmoqda. Tarixdan bilamizki, har bir davrning ijodkorlari, Vatanni kuylashgan, madh etishgan. Mustaqillik yillarida istiqlol madh etilgan bir qator asarlar yaratildi.
O`zbekiston – kelajagi buyuk davlat. Uni biz har qadamda, yurtimizning har kunlik faoliyatida sezib,ko`rib turibmiz. O`zbekistonning kelajagi ko`p jihatdan biz yoshlarning tarbiyasiga, barkamol avlod bo`lib yetishishimizga bog`liq. Shu ma`noda, milliy istiqlol g`oyasini qalbimiz va ongimiz bilan his etishimiz, milliy qadriyatlarni, tariximizni sevib o`rganishimiz, ularga sodiq bo`lishimiz kerak bo`ladi. O`zbekiston deb atalgan, tuprog`ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, har tongda bulbullar madhini o`qib tamom qilolmaydigan bir yurtda yashayotgan ekanmiz, biz o`zimizni baxtli deb bilmog`imiz kerak. Keksalarimiz aytganidek, shukronalar bilan yashamog`imiz kerak. Vatan bizga ato etilgan ulug` ne`mat ekan, Vatanga muhabbat ham har birimizga berilgan oily baxtdir. Chunki, vatanni sevagan odam, uning biron koriga yaragan odam hayotining chuqur ma`no kasb etayotganligini, umri zoye o`tmayotganligini his qiladi., uning insoniy g`ururiga g`urur qo`shiladi. O`zbek adabiyotshunoslarining yirik vakili, O`zbekiston Qahramoni Ozod Sharafuddinovning shunday fikrlari bor: “Aziz vatandosh! Siz bilan biz o`zbeklarning o`z g`ururi bor. Bugun biz duhyo xalqlarining saflaridan o`rin olishga harakat qilmoqdamiz. Lekin biz g`ururimiz har qancha baland bo`lmasin, o`z qadrimizni har qancha baland qo`ymaylik, o`zimizni hech kimdan yuqori qo`ymoqchi, bironta xalqni kamsitib, pastga urmoqchi emasmiz. Biz yaxshi bilamizki, alloh jahon ayvonida o`zining hamma bandalarini teng qilib, barobar qilib, do`st qilib yaratgan.. Ha, shunday, biz hamma xalqlarga birodarmiz, lekin hech kimning oldida tili qisiqlik joyimiz ham yo`q. Shuning uchun “qayga borsam g`oz yururman, boshda do`popim gerdayib”, deyish uchun to`la asosimiz bor. O`zbekning dovrug`ini eshitmagan, “O`zbekiston” degan jannatmonand yurtning ta`rifidan xabar topmagan bir jon qolmasin.” Faqat O`zbekiston deb gerdayganimizda, shu go`zal yurtning ravnaqiga qo`shgan jinday hissamiz uchun qaddimizni tik tutib bir gerdayib qo`yaylik.
Xulosa qilib aytganda, vatan ravnaqi uning farzandlariga, ularning ma`naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog`liq. Bu, o`z navbatida, har bir yurtdoshimizning zimmasidagi yuksak fuqarolik mas`uliyatini his etishga, o`z manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfaatlari bilan uyg`unlashtirib yashashga da`vat etadi. Shunday ekan, mehri daryo, haqiqatparvar yurtni sevmay bo`ladimi?!