Jar-(chuqurlik) vaqtinchalik oqar suvlar yerni o`yib yuvib ketishidan hosil bo`ladigan turli kattalikdagi chuqurlik.
Jarqo`rg`on shahri-Surxondaryo viloyati, Jarqo`rg`o tumanidagi shahar bo`lib 1973-yil tashkil etilgan. Hozirda tuman markazi hisoblanadi. 1951-yilda shaharcha sifatida tashkil etilgan. Shahar Surxon daryosining o`ng sohilida, 350 m balandlikda joylashgan. Shahar orqali Zang kanali oqib o`tadi. Bugungi kunda aholisi 21 ming ga yaqin. Jarqo`rg`on nomi qadimda jar yoqasida joylashgan qo`rg`on nomidan kelib chiqqan. Shahar atrofidan neft qazib olinadi. Shaharda paxta tozalash, qurilish materiallari zavodi, “Jarqo`rg`on neft” korxona boshqarmasi, ustaxonalar va boshqalar mavjud.
Jayra- O'rta Osiyodagi eng yirik kemiruvchi. Tana uzunligi 70-90 sm. Tana og'irligi 15kg gacha yetadi. Tanasining orqa va yon tomonlari uzun (30sm) tikanlar bilan qoplangan. Jayra O'zbekistonda Farg'ona vodiysi, Surxandaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Buxoro viloyatining janubiy qismida uchraydi. Tog'oldi, tog'larning etak qismida va o'rmonlar chetlarida uchraydi. Chuqur uyalar panajoy vazifasini o'taydi. Ular tog'larda, g'orlarda yashaydi. Qishda yomg'irli va qorli havoda uyasidan bir necha kun chiqmaydi. Faqat tunda oziqlanadi. Qishda yovvoyi o'simliklar piyozchalari, ildizlari va urug'lari bilan ozqlanadi. Bahorda esa o'tlar bilan oziqlanadi. Yoz va kuz fasllarida makkajo'xori, uzumlar, tarvuz va qovunlar, yerga tushgan o'riklar, olmalar va boshqa mevalar bilan oziqlanadi. Ba'zan paxta urug'lari va ildizlar bilan oziqlanadi. Yosh jayralar turli fasllarda paydo bo'ladi. Bahorda dunyoga kelgan jayrachalar haqida ma'lumotlar bor. Yoz fasli oxirida ham yosh jayrachalar topilgan. Bir uyada 2-6 ta jayracha bo'ladi.
Jayron-(Gazella subgutturosa) — ohular (gʻizollar) urugʻiga mansub sut emizuvchi hayvon. Tanasining uzunligi 94—115 sm, boʻyi 60—65sm, ogʻirligi 25—30 kg bo`ladi .Jayronning urgʻochisida shox bo`lmaydi. Erkagining shoxi qora, yoʻgʻon va boʻgʻimli (uzunligi 40 sm gacha). Markaziy Osiyo va Gʻarbiy Osiyoda, jumladan Turkmaniston, Oʻzbekiston, Janubiy Qozogʻistonning choʻl va chala choʻllarida tarqalgan. Bahor va yozda 4—7 tadan, qishda 15—20 tadan, baʼzan bir necha yuztadan poda boʻlib oʻtlaydi. Koʻklamda maysalar bilan, kuzda shoʻrak va shuvoqlar, qishda butalar novdasi va mevasi bilan oziqlanadi. Jayronning oyoqlari ingichka, tez (soatiga 60 km gacha) yuguradi. Aprel—mayda 1—2 bola tugʻadi. Jayron tutqinlikda yaxshi koʻpayadi, lekin uzoq yashamaydi. Goʻshti va terisi uchun koʻplab ovlanishi tufayli soni juda kamayib ketgan. Buxoro va Surxondaryoda jayroni koʻpaytirish uchun maxsus parvarishxonalar tashkil etilgan. Xalqaro va Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Jiblajibon- (Motacilla alba) peshonasi va qorni oq, ko`kragi va boshining usti qora tusli kulrang qush. Har bir qanotida bittadan katta xoli bor. Jiblajibon soy, anhor va ko`llar yoqasidagi sug`oriladigan joylarda yashaydi. Eron, Afg`oniston, Hindistonda qishlaydilar. Fevral-mart oylarida uchib keladi. Ular toshlar orasiga, ariqlarning tik yoqalariga, qamish tom, buzilgan imoratlar yoki daraxtlarga uya quradi. Qurgan ini yerga yaqin bo`ladi. Aprel oyida xol-xolli 4-6 dona oq tuxum qo`yadi. Hasharotar va ularning lichinkalari bilan oziqlanadi. Zararkunanda hasharotlarni qirib, qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi.
Jigar-odam va hayvonlarda ovqatning hazm bo`lishida qatnashadigan a`zo. Odam jigarining og`irligi 1200-2200 g bo`ladi. Jigar qorin bo`shlig`ida, o`ng qovurg`alar, qisman chap qovurg`alar ostida yotadi. Rangi qizg`ish-qo`ng`ir, kattaroq o`ng bo`lagi va kichikroq chap bo`lagi bor. Jigar organizmdagi qonni yig`ib tura oladi. Jami qonning beshdan bir qismi jigar tomirlariga sig`ishi mumkin.