Eng muhimi – internet nashrlarning erkin faoliyat yuritishiga daxl qilmaslik. Maʼlumki, jurnalistika erkinlik bor joydagina rivojlanadi. Nashrlarga bosim oʻtkazishga urinish ular faoliyatiga toʻsqinlik qilish demakdir. Oʻzbek internet jurnalistikasi endigina atak-chechak qilmoqda. Maʼmuriy yoʻllar orqali tazyiq koʻrsatishga harakat qilish, tanqidiy ruhdagi maqolalarni oʻchirib tashlashni talab etib doʻq urish, sudga berish bilan qoʻrqitish endigina qadam tashlashni oʻrganayotgan internet nashrlarni oyogʻidan chalish, soʻz erkinligini boʻgʻish deganidir. Shundoq ham oʻz yogʻida oʻzi qovurilayotgan, moliyaviy muammolar bilan kurashayotgan internet nashrlar uchun maʼmuriy bosimlar mutlaqo ortiqchalik qiladi.
O‘zbekistonda ilk milliy internet festivali 2005 yili o‘tkazilgan. Unda xabar nashrlari yo‘nalishida hozirgi Uzreport TV asosi bo‘lgan uzreport.com sayti 2-o‘rinni egallagan. Birinchi va uchinchi o‘rinni egallagan saytlar (security.uz, darvoza.uz) hozir ishlamayapti. Informatsion texnologiyalarning jadallik bilan taraqqiy etishi mamlakatimizda ham internet jurnalistikaning rivojlanishi va ommalashishiga olib keldi. Hozirda Internet jurnalistika O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ichida tezkorligi bo‘yicha birinchi, auditoriyasining ko‘pligi va ta’sir doirasining kengligi bo‘yicha televideniedan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Internet jurnalistika eng tezkor OAV sifatida matbuot, radio, televidenie imkoniyatlarini o‘zida jamlamoqda. Endi siz biron axborot bilan tanishish uchun gazeta chop etilishini, TV yoki radioda yangiliklar dasturi boshlanishini kutib o‘tirmaysiz. Eng katta internet-nashrlari matn, foto, tasvir, ovoz, infografika kabi elementlardan foydalanib, xabarlarni interaktiv tarzda yetkazmoqda. Internet-radio va Internet-televidenie yo‘nalishi ham jadallik bilan rivojlanmoqda.
Hozirda .uz milliy domenida 54000 dan ortiq nom ro‘yxatga olingan, ulardan 450 tasi OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 20 000 000 kishidan oshgan. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 5,3 milliondan ziyod bo‘lib, O‘zbekiston jami aholisining 63 foizi global tarmoq foydalanuvchisiga aylangan. Ularning aksariyati internetdan mobil telefonlari orqali foydalanadilar. O‘zbekistondagi mobil telefon abonentlari soni esa 22 800 000 kishidan oshgan. Taqqoslash uchun: mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 2000 yili 7500, 2005 yili 675 000, 2010 yili 6 500 000, 2015 yili 10 200 000 kishini tashkil etgan.