TADBIRKORLIK FAOLIYATI TURLARI Tadbirkorlar iqtisodiy faoliyatning deyarli barcha turlari bilan shug‘llanishadi.
Tadbirkorlik faoliyatining mazmunidan kelib chiqib, uni ko‘plab turlarga ajratish
mumkin. Ulardan ba’zilari bilan tanishib chiqamiz.
ISHLAB CHIQARISH Ishlab chiqarish faoliyatiga asoslangan tadbirkorlikda ishlab chiqarishning
tabiiy, kapital va mehnat omillari birlashib harakatga keladi. Tadbirkor ishlab
chiqarish vositalari — yer, bino, inshoot, asbob-uskunalar, xomashyoni sotib oladi,
ishchi xodimlarni yollaydi. Turli xildagi tovarlar ishlab chiqaradi va iste’molchilarga
sotadi. Odatda, tadbirkorlikning bunday turi bilan salohiyatli, biznesda yaxshigina
mavqega ega bo‘lgan, uzoqni o‘ylab ish yuritadigan tadbirkorlar shug‘ullanishadi.
TIJORAT Tadbirkorlikning bunday turi bilan shug‘ullanuvchilar tovarlarni sotib olishadi,
so‘ng esa boshqalarga sotishadi. Albatta, bu holda tovarning sotilish narxi, uning
xarid narxidan yuqori bo‘ladi. Narxlar o‘rtasidagi farq tadbirkorlik foydasi sifatida
tadbirkor tomonidan o‘zlashtiriladi.
Tadbirkorlikning tijorat turi iqtisodiyotda muhim o‘rin tutadi. Tijoratchilar
ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni osonlashtiradi,
oldi-sotdi munosabatlarini tezlashtiradi. Ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar
o‘rtasidagi, 1.1- chizmada tijoratchisiz, 1.2- chizmada esa tijoratchi yordamidagi
bog‘lanishlar sxemasi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Chizmalarda ishlab chiqaruvchi
va iste’molchilar soni to‘rttagina bo‘lgan hol tasvirlangan. Endi ularning soni o‘nta,
yuzta yoki undan ham ko‘p bo‘lgan hollarni tasavvur qilib ko‘ring-chi!
SUG‘URTA Tadbirkorlikning bunday turi hozirda keng tarqalgan. Bunday faoliyat bilan
yuqori mavqega ega bo‘lgan tadbirkorlar shug‘ullanishadi, chunki, u katta
boshlang‘ich mablag‘ni talab qiladi. Tadbirkor turli xil kutilmagan holatlarda
ko‘riladigan zararni qoplashga ma’lum haq evaziga kafolat beradigan shaxs sifatida
faoliyat ko‘rsatadi. Hozirda qarz sug‘urtasi, mulk sug‘urtasi, hayot sug‘urtasi,
tibbiyot sug‘urtasi kabi sug‘urta shakllari bor. Bunday sug‘urta turlarida muttasil
to‘lab boriladigan sug‘urta badallari evaziga, biror kor-hol yuz berganda yetkazilgan
zarar yoki yo‘qotishning o‘rni qoplanadi.
1. Tadbirkorlik deganda nimani tushunasiz?
2. Tadbirkorlik layoqati bor insonni tavsiflab bering.
3. Tadbirkorlar soni ko‘payib borayotganining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
4. Tadbirkorlik hamma vaqt ham foyda olib kelaveradimi?
5. Tadbirkorlik faoliyati turlarini sanab bering.
6. Tijorat va moliyaviy tadbirkorlikning qanday o‘xshash va farqli tomonlari bor?
7. Sug‘urta nima va uning hayotimizdagi o‘rni qanday?
8. Tadbirkorlik faoliyatining qaysi turi jamiyatimiz uchun muhim deb hisoblaysiz?
9. Tadbirkorlik faoliyatidan davlat, tadbirkorning o‘zi va iste’molchilar qanday
manfaat ko‘rishini sanab o‘ting.