Narxlarni erkinlashtirish – iqtisodiy islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ko‘p jihatdan shu muammoning hal etilishiga bog’liq bo‘ladi.
Narxlarni erkinlashtirish xom-ashyo bilan mahsulot ayrim turlarining narxlari, narx bilan aholi va korxonalar daromadlari o‘rtasida mutanosiblikka erishishga qanday yondashilishi bilan farqlanadi. Shu yondashuvlarga asoslanib, narxlar quyidagi yo‘llar bilan erkinlashtiriladi:
a) narxlarni birdaniga, yoki «esankiratadigan» tarzda qo‘yib yuborish;
b) narxlarning o‘sishini sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yish;
v) narxni davlat tomonidan boshqarish va nazorat qilishni ma’lum darajada saqlab qolish.
O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilishning o‘ziga xos tamoyillari, mamlakatdagi vaziyat va aholining turmush darajasi hisobga olinib, narxlarni asta-sekinlik bilan va bosqichma-bosqich erkinlashtirish yo‘li tanlab olindi. Shu yo‘l bilan narxlarni erkinlashtirishning dastlabki bosqichida (1992 yilning boshida) keng doiradagi ishlab chiqarish-texnika vositasi bo‘lgan mahsulotlar, ayrim turdagi xalq iste’moli mollari, bajarilgan ishlar va xizmatlarning erkin narxlari va tariflariga o‘tildi. Aholini himoyalash maqsadida cheklangan doiradagi oziq-ovqat va sanoat tovarlari narxlarining chegarasi belgilab qo‘yildi, ayrim turdagi xizmatlarning eng yuqori tariflari joriy qilindi.
Narxlarni erkinlashtirishning keyingi bosqichida (1993y.) kelishilgan ulgurji narxlarni davlat tomonidan tortibga solish to‘xtatildi. Qat’iy belgilangan va davlat tomonidan tartibga solib turiladigan narxlarda sotiladigan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlarning soni ancha qisqardi.
Narxlarni erkinlashtirishning navbatdagi bosqichida (1994y., oktabr, noyabr) xalq iste’mol mollari asosiy turlarining narxlari erkin qo‘yib yuborildi, transport va kommunal xizmatlarning tariflari oshirildi. Shunday qilib, respublikada iqtisodiyotni isloh qilishning birinchi bosqichi narxlarni bosqichma-bosqich (uch bosqichda) to‘liq erkinlashtirish bilan tugadi.
Narxlarni erkinlashtirish aholini ishonchli iqtisodiy va ijtimoiy himoyalash tadbirlari bilan birga olib borildi. Davlat tomonidan turli kompensatsiyalar maqsadidagi jamg’armalar tuzildi, ish haqi, pensiya va stipendiyalarning eng kam miqdori muntazam suratda oshirib borildi, bolalar uchun nafaqalar joriy etildi. Aholining muhtoj qismiga yordam ko‘rsatildi, imtiyozli soliq stavkalari joriy etildi.