Talab – bu mahsulotning iste’molchilar ma’lum bir narxlarda, vaqtning ma’lum bir davrida sotib olishga tayyor bo‘lgan miqdoridir.
Narx va xaridorlar miqdori o‘rtasida bog‘liqlik borligini payqash qiyin emas, ya’ni tovarning narxi qancha past bo‘lsa, u shuncha ko‘p miqdorda sotib olinishi mumkin. Bu bog‘liqlikni iqtisodiyot nazariyasida talab qonuni deb ataydilar.
Tajriba uncha katta bo‘lmagan istisnolardan tashqari hollarda talabning hajmi narx pasayganda oshishini ko‘rsatmoqda. Odatda, bu «talab qonuni» sifatida bunday shakllanadi: boshqa sharoitlar bir xil bo‘lganida past narxlarda talab hajmi yuqori narxlardagiga qaraganda ko‘proq bo‘ladi.
«Boshqa sharoitlar teng, bir xil bo‘lganda» – bu qoidaning muhim qismidir. Biz bir qadar ishonch bilan tovarning narxi tushganida unga bo‘lgan talab ko‘proq bo‘ladi, deb ta’riflashimiz mumkin, lekin biz bunda boshqa omillarning o‘zgarmay qolishiga yo‘l qo‘ygan holdagina yuqoridagi fikrni tasdiqlashimiz mumkin. Agar tovarning narxi tushib boraversa, iste’molchilarning daromadlari, ularning didlari yoki boshqa tovarlarning narxlari ham o‘zgarib borsa, narxi pasaytirishning oqibatlari nimaga olib kelishini oldindan aytish qiyin bo‘lib qoladi.
Shuning uchun biz narxning o‘zgarishi talabning kattaligi (hajmi)ga ta’sir qilishi haqida gapirganimizda doimo bunda boshqa omillar o‘zgarmay qolishini nazarda tutishimizni yodda saqlashimiz muhimdir.
Dostları ilə paylaş: |