IV. Sotsializm g‘oyalarini samarali bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish mexanizmi bilan qo‘shib olib borish yo‘li. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun islohotlar ikki yo‘l: a) bozor iqtisodiyotiga tezlik bilan o‘tish;
b) bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Sobiq GDR (GFR bilan qo‘shilib yagona davlat vujudga kelishi tufayli), Polshada qisqa muddatda bozor iqtisodiyotiga o‘tish amalga oshiriladi.
Boshqa mamlakatlarda o‘z xususiyatlaridan kelib chiqib, bozor iqtisodiyotiga o‘tish amalga oshirilib, bu turli muddatlarni talab etadi.
Umuman olganda o‘zining yorqinligi, samaradorligi, erishgan yutuqlari bilan jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti tarixiga kirgan modellar “Amerika”,
“Yaponiya”, “Germaniya”, “Shvetsiya”, “Janubiy Koreya”, “Xitoy” modeli va boshqalar hisoblanadi.
“AQSH modeli” liberal model sifatida xarakterlanadi. Amerikacha andozaning o‘ziga xos xususiyati uning tadbirkorlikni aholi orasida keng yoyishga, ommaviylikka erishishni ta’minlashga asolanganligidadir. U jamiyat a’zolaridan har birining ishbilarmonlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy faoliyatni, xususiy manfaatdorlikni oshirish uchun keng shart sharoit yaratishga qaratilgan.
“Yaponcha model” – bu ikkinchi jahon urushida vayronaga aylangan mamlakat aholisining qattiq mehnati hisobiga, hokimiyatni xar tomonlama va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, vatanparvarlik tuyg‘usi asosida yaratilgan. Yaponiya harbiy xarajatlardan voz kechgach, tinchlik maqsadida barcha resurslarni to‘plash va ishlatish hamda sanoatda iqtisodiy potensialni o‘stirish imkoni yaratildi. Eng avvalo, ishlab chiqarish eksportga mo‘ljallab, moslashtirib valyuta ishlab topildi, uning evaziga xorijiy mamlakatlardan, ayniqsa Amerika va G‘arbiy Evropadan eng yangi texnika, texnologiya, litsenziya, potent, “nou-xou” sotib olinib, yuqori mehnat unumdorligiga erishildi, tadbirkorlik qo‘llab quvvatlandi. Jahon bozorida xom ashyo va yoqilg‘ining arzonlashuvi, nisbatan arzon ish kuchi, katta harbiy xarajatlarning yo‘qligi Yaponiya eksportining ortib borishiga olib keldi. Bu borada yirik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda ilmiy texnikaviy taraqqiyotga alohida ahamiyat berilishi katta rol o‘ynaydi.
Aholining tabaqalanishi dastlab kuchaygan bo‘lsa, maqsadga erishilgach, ularning ehtiyojmand qismiga davlat va firmalar yordami kuchaytirildi va natijada umumiy farovonlikka erishildi.
“Shvedcha model” – uning boshqa modellardan farq qiluvchi xususiyati ijtimoiy yo‘naltirilganligi, mulkdagi notenglikni qisqartirishga qaratilganligidir. Aholining kam ta’minlangan qatlami himoya qilinadi. Ishsizlikni kamaytirish chora-tadbirlari ko‘riladi. Bu andozaning shakllanishida Shvetsiyaning tarixan iqtisodiy jihatdan yuksak rivojlanganligi va mehnatkashlar kasaba tashkilotlarining jamiyatda, ayniqsa ishlab chiqarishda katta o‘rin tutishi alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Nemischa model” – bu model ijtimoiy yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy bozor iqtisodiyotining bosh g‘oyasi Lyudovig Erxordga (18971977) tegishli. U 1949-1963 yillar davomida GFR iqtisodiyot vaziri, 1963-1966 yillarda esa federal kansler bo‘lib ishlagan.
Dastlab, Erxord industriallashtirish rejasini ishlab chiqdi. Unda sanoat mahsulotini 1936 yilga nisbatan 65%, 1938 yilga nisbatan esa 50-55% ga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari pul islohoti, narx-navo islohoti o‘tkazish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini belgilab, qay darajada aralashuvi ko‘rsatilgan.
“Janubiy Koreya modeli” - bu model shunisi bilan qiziqarliki, u Janubiy Koreyani qisqa muddat ichida qoloq mamlakatlar safidan rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqdi. 1962 yili iqtisodiy islohotlar boshlanayotgan paytda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 82 dollarga teng bo‘lgan bo‘lsa, 1996 yilga kelib 10,6 ming dollarga etdi.
Markazlashtirilgan tarzda uzoq va o‘rta muddatli rejalar, maqsadli dasturlar tuzish, ularda ishlab chiqarish topshiriqlari hamda bajarish muddatlarining belgilanishi, xo‘jalik yuritishda bozor uslublarini qo‘shib olib berish Janubiy Koreyaga qisqa muddatlarda rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shilib, jahon sivilizatsiyasida o‘ziga xos munosib o‘rinni egallash imkonini beradi.
“Xitoy modeli” – iqtisodiyotni qayta qurish qishloq xo‘jaligini isloh qilishdan boshlandi. Qishloq xo‘jaligida xalq kommunallari asosiy xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bo‘lib,, davlat pudrat tizimi barpo qilindi. Bu ish 1984 yil oxiriga kelib yakunlandi. Oilaviy pudrat dehqon xo‘jaligini bir oila a’zolari tashkil etib, foydalanish uchun er 15-20, ba’zi joylarda 30 yilga berilgan. Erga oila yoki bir necha oila qo‘lidagi o‘zi egalik qilayotgan texnika, asbob-uskuna va boshqalar yordamida ishlov beriladi. Dehqonlar ishlab chiqargan mahsulotlarining bir qismini davlatga shartnoma asosida topshiradilar, bir qismini soliq o‘rnida, yana bir qismini mahalliy fondga, qolgani o‘z ixtiyoriga ko‘ra yuqori narxda davlatga yoki bozorda sotishlari mumkin edi.